Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Moralesning xatosi: kattalarga iqtisodiyot, yoshlarga demokratiya...

Moralesning xatosi: kattalarga iqtisodiyot, yoshlarga demokratiya...

Foto: «Newscast Pratyaksha»

O‘n to‘rt yil mamlakatni uzluksiz boshqargan Evo Morales iste’foga chiqib, Meksikaga jo‘navordi. Boliviya bayroqlarini boshlari uzra baland ko‘targan yoshlar «Ha, biz buni uddaladik!», degandek «g‘alaba»dan sarmast. Buyoqda esa Morales tarafdorlari «Fuqarolar urushi — hoziroq!» shiorlari ostida jamlanmoqda. Mamlakat shok holatida, nima bo‘ladi: yangi prezidentlik saylovlari, fuqarolar urushi, harbiy xunta?.. Yoki hammasi birvarakayiga...

Avtoritarizmga qarshi isyon

O‘n to‘rt yillik barqarorlikdan so‘ng Boliviyani tanib bo‘lmay qoldi: bir oydan beri hammayoqda tartibsizlik. Prezidentlik saylovlarining shubhali yakuni xalqning g‘azabiga o‘ynadi. Saylov komissiyasi ovoz berishning avji pallasida ma’lumotlarni berishni to‘xtatib qo‘ydi, keyin esa Morales birinchi turdayoq g‘alaba qozonganini e’lon qilib qo‘ya qoldi. Ikkinchi turga kuch sarflab o‘tirmaslik uchun o‘rtada 10 foizlik ustunlik bo‘lsa bas edi, aftidan, Morales prezidentlik kursisiga shunchalik o‘rganib qolgan ediki, raqibiga ikkinchi imkoniyatni berishni ham o‘ziga ravo ko‘rib ham o‘tirmadi.

Tan olish kerak, Boliviya yetakchisi uzoq yillar barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlab kelgani ayni haqiqat, hoynahoy tanholigiga o‘zi ham qattiq ishonib yuborgan. Bo‘lmasa referendum natijalari va o‘zi ilgari o‘rnatgan qonunlarni ham oyoqosti qilib, to‘rtinchi marta ham nomzodini ilgari surib prezident bo‘lib olarmidi?! Kamiga, Amerika davlatlari tashkilotiga ishonadigan bo‘lsak, ovozlarni sanashda ham yeng ichidagi ishlar tiqilib yotibdi.

Ammo keksa sotsialistning avtoritar usullarini boliviyalik yoshlar kechira olishmadi va ko‘chalarni isyonga to‘ldirishdi. Moralesgacha bo‘lgan Boliviyani bular qayerdan ham bilishsin: hatto yon qo‘shni mamlakatlargacha geosiyosiy ishtahalarini qondirishga shay bo‘lib ko‘z tikib turgan qo‘rqinchi va qashshoq mamlakat! Morales Boliviyani ana shu botqoqdan olib chiqqandi. Biroq endi ayon bo‘lyaptiki, urfga kirgan demokratik prinsiplar bugungi yoshlar uchun iqtisodiy yutuqlardan-da «mazaliroq» tuyulyapti.

Boliviyadagi namoyishlari bexosdan boshlanib ketdi. Sobiq prezidentni aholining teng yarmi qo‘llab-quvvatlamoqda. Bular asosan o‘sha og‘ir yillar nimaligini ko‘rgan-bilganlar: dehqonlar, konchilar, kokaleroslar (koka yetishtiruvchilar) va Moralesning o‘zi ham mansub bo‘lgan tubjoy hindulari. Siyosiy inqirozni to‘xtatib bo‘lmasligi kundek ayon bo‘lib qolgan bir pallada Morales tarafdorlari va ularga qarshilar o‘rtasida to‘qnashuvlar boshlanib ketdi. Toshlar, tayoqlar, tutunli shashkalar ishga tushdi, Boliviya fuqarolar urushi yoqasida qoldi.

Iste’fo

Avvaliga o‘ng muxolifatchilarni davlat to‘ntarishi uyushtirishda ayblagan Morales favqulodda holat e’lon qildi. Keyin esa xalqqa murojaat qilib, prezidentlik saylovining ikkinchi turini o‘tkazish taklifini o‘rtaga tashladi. Buyam yordam bermagach, yangitdan prezidentlik saylovlarini o‘tkazishga va’da berdi. 10-noyabrda esa iste’foga chiqqanini e’lon qilib, Meksikaga uchib ketdi. Senat vitse-spikeri Janin Anes Boliviyaning muvaqqat prezidenti bo‘lib qoldi.

«Morales  oqilona yo‘l tutdi, mamlakat tinchlanishini, zo‘ravonlar hovuridan tushishini istadi. Boliviyacha isyon oqibati nimalarga olib kelishini undan yaxshi biladigan kim bor? Moralesning o‘zi ham ana shunday ijtimoiy isyonlar natijasida hukumatga kelgan edi», — dedi Rossiya FA Lotin Amerikasi instituti ilmiy kotibi, siyosat fanlari nomzodi Tatyana Vorotnikova.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring