Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Misrda namoyishlar: xalq nega prezidentdan norozi?

Misrda namoyishlar: xalq nega prezidentdan norozi?

Foto: «Reuters»

Misrning bir qator shaharlarida prezident Abdulfattoh as-Sisiyga qarshi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Namoyishchilar davlat rahbari suratlarini yirtib, uning iste’fosini talab qilgan. Jahon axborot agentliklari xabariga ko‘ra, hukumat kuchlari o‘nlab namoyishchilarni hibsga olgan. Politsiya ko‘zdan yosh oqizuvchi gazdan foydalangan. 

Namoyishlar nimadan boshlandi?

Avvalroq muhojirotdagi tadbirkor Muhammad Ali internet orqali murojaatida prezident as-Sisiy hamda milliy armiya rahbariyatini korrupsiya va xalq mulkini talon-toroj etishda aybladi. 43 yoshli biznesmen hashamatli mehmonxonalar, prezident saroyi qurilishida juda katta miqdorda davlat mablag‘i o‘marilayotganini iddao qildi.

Misrlik ishbilarmonning fosh etuvchi murojaati ortidan Qohira, Iskandariya, Suvaysh, Al-Mansur kabi shaharlarda norozilik aksiyalari boshlanib ketdi. Xususan, mamlakatning bosh maydoni – «Tahrir»da 2011 yilgi «Arab bahori» voqealarini yodga soluvchi holat kuzatildi: namoyishchilar prezidentni korrupsiya va yakkahukmronlikda ayblab, lavozimidan ketishini talab qildi.

Foto: «AFP»

Prezident Abdulfattoh as-Sisiy tadbirkor Muhammad Alining aybloviga javob qaytarar ekan, uni «yolg‘onchi» deb atadi. Ayni choqda, u prezident saroyi qurilishi davom ettirilishini ma’lum qildi.

Human Rights Watch (HRW) tashkiloti Misr rahbariyatini fuqarolarning tinch namoyish o‘tkazish huquqini hurmat qilishga chaqirdi. «Prezident xavfsizlik xizmati tinch namoyishlarni bostirish uchun bir necha marta kuch ishlatdi. Hukumat butun dunyo Misrdagi vaziyatni kuzatib borayotganini anglashi va o‘tmishdagi xatolarni takrorlamaslik uchun zarur choralarni ko‘rishi lozim», – dedi HRWning Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bo‘yicha direktori o‘rinbosari Maykl Peyj.

General as-Sisiy hokimiyatga qanday kelgan edi?

2011-yildagi ommaviy norozilik namoyishlaridan keyin Misrni 30 yil idora qilgan Husni Muborak iste’fo berishga majbur bo‘ldi. 2012 yilda bo‘lib o‘tgan saylovda Erkinlik va adolat partiyasi yetakchisi Muhammad Mursiy prezidentlikka saylandi. Ammo uning rahbarligi uzoq cho‘zilmadi, 2013-yil 3-iyul kuni ro‘y bergan harbiy to‘ntarishdan keyin qamoqqa olindi (o‘lim jazosiga hukm qilingan Muhammad Mursiy joriy yil 17-iyun kuni mahkama jarayonida yurak xurujidan vafot etdi). Bunga qadar mudofaa vaziri lavozimida faoliyat yuritgan general Abdulfattoh as-Sisiy 2014-yil mart oyida prezidentlikka saylandi. 2018-yilgi saylovdan keyin u yana bir muddatga lavozimda qoldi.

Xalqaro kuzatuvchilarga ko‘ra, davlat rahbariyati katta va’dalar berganiga qaramay, keyingi uch-to‘rt yilda oddiy xalq hayoti xiyla murakkablashgan. Suvaysh kanalini kengaytirish, yangi poytaxt barpo qilish kabi yirik loyihalar tufayli davlat g‘aznasining tagi ko‘rinib qoldi. Hukumat esa Xalqaro valyuta jamg‘armasidan katta qarz olishga majbur bo‘ldi. Budjet tangligini yengillashtirish, tashqi qarzlarni kamaytirish uchun aholiga suv va tabiiy gaz bo‘yicha belgilangan davlat dotatsiyasi qisqartirildi. Shu bilan birga, qo‘shimcha qiymat solig‘i oshirildi. Bularning bari o‘zi shundoq ham murakkab bo‘lgan iqtisodiy vaziyatni yanada og‘irlashtirib, xalq orasida norozilik kayfiyatini kuchaytirdi.

Foto: «AFP»

Prezident as-Sisiy «Musulmon birodarlari» tashkilotiga qarshi beayov kurashgani sabab Fors ko‘rfazidagi podshohliklardan juda katta moliyaviy yordam olgani ma’lum. Qo‘shnilarning saxovatpeshaligiga javoban Misrning Qizil dengizdagi ikki oroli Saudiya Arabistoniga tortiq qilindi. Mamlakat yerlarining boshqa davlatga berib yuborilishi ham aholi orasida jiddiy e’tiroz uyg‘otdi.

Qolaversa, mamlakatda barqarorlik ta’min etilmagani, terrorchilik aktlari tez-tez ro‘y berib turgani ham amaldagi ma’muriyatning obro‘siga soya solmoqda.

Misrda joriy yil aprelda Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tdi. Bunga ko‘ra, davlat rahbarining vakolat muddati 4 yildan 6 yilga uzaytirildi. Qonunchilikdagi nozik o‘zgartirishlar amaldagi davlat rahbariga 2030-yilga qadar ushbu lavozimda qolish imkonini tuhfa etdi. Shu bois ham aksar tahlilchilar o‘z hokimiyatini mustahkamlashga zo‘r berayotgan as-Sisiy salafi Husni Muborak izidan ketayotganidan xavotir bildirmoqda.

S.Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring