Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sanjar Mashriqiy

Xudodan so‘rab, bekor yotma! (arman xalq maqoli)

«Kavkazcha mashmasha»: Qorabog‘ - qora dog‘mi?

«Kavkazcha mashmasha»:  Qorabog‘ - qora dog‘mi?

Foto:«EA Daily»

Kavkaz xalqlari tarixan juda ko‘p jang-jadallarni boshdan kechirgan. Ammo so‘nggi asrda imperialistik harakatlar boshlangandan so‘ng bu xalqlar ham yirik imperialistlar ta’siriga tushib qolgan edi. «Bo‘lib tashla, hukumronlik qil» shioriga amal qiluvchi bosqinchilar ayni hududlarda mohirona siyosat olib borgan: xalqlarni bir-biriga qarshi qilib qo‘ygan.

2020-yilning yettinchi oyiga kelib, «eski yara»ga tuz sepildimi, shundog‘ ham hovuri bosilmagan adovatlar kuchayib ketdi. Kavkazdagi eng katta muammo «Tog‘li Qorabog‘» masalasi bo‘lsa kerak. Armaniston va Ozarbayjon harbiylar ayni chegarada to‘qnash keldilar.

Qorabog‘: tarix nima deydi?

XVI-XVII asr o‘rtasida «beglarbek» xonlik (tumani) Sefevid imperiyasining tarkibiga kirganligi ma’lum. Bu davrda ravonliklar hamda tog‘ etaklari - musulmon xonliklarga qaragan bo‘lsa-da, tog‘lar ustidagi hududlar arman «melikstva»lar tarkibiga kirar edi. XVIII asr o‘rtasi - XIX asr boshlarida shu yerlarda Qorabog‘ xonlik bo‘lgan bo‘lsa, 1805-yildan boshlab u Rossiya imperiyasi tarkibida, sovet tuzumi davrida esa Ozarbayjon Respublikasi tarkibida bo‘lgan. Hozirgi kunlarda ham, bu hudud rasmiy Ozarbayjon tarkibiga kiradi, ammo o‘tgan asrning 90 yillardan buyon hududining ko‘p qismi Tog‘ ustidagi - Qorabog‘ Respublikasining nazoratida. Kalavaning uchi ham shu yerda. Qorabog‘ rasman Ozarbayjonga tegishli bo‘lsa ham, amalda armanlar boshqaruvidagi tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi butun Qorabog‘ hududiga egalikka intiladi.

Qorabog‘ - kichik Kavkaz tog‘larning zanjiridan to Kura va Araks daryolarning qo‘shilishigacha hududini qamrab oladi. U (Qorabog‘) ikki qismga: Tog‘ ustidagi Qorabog‘ va Ravonli Qorabog‘ga bo‘lingan. Bu hududni asosan xar xil Kavkaz xalqlari boshqarib kelgan. Xullas, kimnidir bu yerning tarixiy egasi, deyish qiyin.

Taxminan 1420-yilda Qorabog‘ga birinchi marta yevropalik, nemis Iogann Shiltberg tashrif buyurgan. U bu yerlar Temuriylar shaxzodasi Shohrux Mirzoga tegishli ekanligini va bu joylar azaldan qirollarning dam oladigan yeri bo‘lganligini ta’kidlaydi. Yana boshqa bir olimning fikricha, mo‘g‘ul bosqinchilari bu hududlarni zabt etgach, bu yerda turkiylarga aloqador qabilalar kelib o‘rnashgan. Natijada ravonli Qorabog‘ning aholi musulmonlashtirilgan va turklashtirilgan.

So‘ng esa eng yirik imperialistlardan bo‘lgan Chor Rossiyasi Kavkazni zabt etdi. 1918-yildan ravonli Qorabog‘ yangidan tashkil etilgan Ozarbayjon tarkibida; tog‘ ustidagi Qorabog‘ esa bahsli hududligicha qolaverdi.  O‘rtaga «suyak tashlagan» sovetlar payt poylab turishdi. Nimadir sodir bo‘lishi kerak edi. Ha, u sodir bo‘ldi. Qorabog‘ ustidan dastlabki bahslar boshlandi. 1920-yilgacha u yerda ozarbayjon va armanlar o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘ldi. 1920-yilda esa tog‘ ustidagi Qorabog‘ga Qizil Armiya kirdi. Agar bu xalqlar bir biri bilan kurashga kirishsa, xuddiki ular bu xalqlarni tinchligini saqlab turgandek ko‘rinishlari kerak edi-da. Bundan ham yomoni ayni paytda Rossiyaga bo‘layotgan «Chet el intervensiyasi»da o‘zlarini xalqparvar ekanligiga hammani ishontirishi lozim edi.

1921-yilning 5-iyuldan tog‘ ustidagi Qorabog‘ning hududi (94 foiz arman xalqidan tashkil etgan hudud) Ozarbayjon (hali SSR tuzilmagan edi) tarkibiga kiritildi, Qorabog‘ning keng avtonom huquqlari va erkinliklari Bokuda shakllanajak hukumat qo‘liga o‘tishi kerak edi.

«Kavkazcha mashmasha»ning boshlanishi

Ikki millatlararo to‘qnashuvlar Ozarbayjonning Tog‘li Qorabog‘ avtonom viloyati parlamenti 1988-yil 20-fevralda mintaqani Armaniston bilan birlashtirish to‘g‘risida ovoz bergandan so‘ng boshlandi. Ozarbayjonning ajralib chiqishi deklaratsiyasi yer bilan bog‘liq hududiy mojaroning yakuniy natijasi edi. Ozarbayjon Sovet Ittifoqidan mustaqilligini e’lon qilib, anklav hukumati vakolatlarini bekor qilar ekan, armanlarning aksariyati Ozarbayjondan ajralib chiqishga ovoz berishdi. Bu jarayon davomida ular tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasini e’lon qilishdi. Vaziyat esa tobora yomonlasha boshladi.

1992-yil qishning oxirida keng ko‘lamli janglar boshlandi. Bir qator guruhlarning, shu jumladan, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining xalqaro vositachiligi qaror qabul qila olmadi. 1993-yilning bahorida arman kuchlari anklavning tashqarisidagi hududni egallab oldilar va bu mintaqadagi boshqa davlatlarning ishtirokini kuchaytirishi bilan tahdid qildilar. 1994-yilda urush tugashi bilan armanlar anklavning katta qismini to‘liq nazorat ostiga olishgan.

Rossiya 1994-yilning may oyida o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida kelishuvni imzolanishiga sababchi bo‘ldi. Shu vaqtdan beri Armaniston va Ozarbayjon tomonidan YeXHT Minsk guruhi vositachilik qilgan tinchlik muzokaralari olib borilmoqda edi.

Chegaradagi to‘qnashuvlar «do‘stona shapati»ga o‘xshagan holda 1994–2016 yillarda qariyb 22 yil davomida ham tarangligi yo‘qolmay qolaverdi. Sulhdan so‘ng vaziyat nisbatan barqarorlashgan bo‘lsa ham, 2008 yildagi  Mardakert to‘qnashuvlari jiddiy tus olgan.  4 mart kuni boshlangan arman saylov namoyishlari Tog‘li Qorabog‘ armanlarniki ekanligini ta’kidlar edi. Jahon tajribasida juda ko‘p ko‘riladiki, katta siyosiy harakatlar saylovlar oldidan sodir bo‘ladi. Arman millatchi siyosatdonlari ham bundan foydalanib qolmoqchi bo‘lgan. Hokimiyatda ortiq qola olmasligi ma’lum bo‘lgan sobiq prezident Robert Kocharyan nisbatan shovinistik ruhdagi bosh vazirga o‘rin berib qo‘ydi. 

Bir arab maqolida, alanga uchun cho‘g‘ shart emas deyiladi. Shunday ham bo‘ldi. Arman millatchilari Ozarbayjon bilan mojarolarni qayta qo‘zg‘ash uchun xuddi Ozarbayjon hukumatini arman ichki ishlariga aralashayotgandek ko‘rsatdi. Qo‘yilgan ayb esa, shu darajada jo‘n ediki, bunga ishonish uchun ko‘r va soqov bo‘lish ham ko‘plik qilardi. Muddao esa shunday ko‘rinib turardi: Armaniston armanlar yashayotgan, ammo rasman o‘ziniki bo‘lmagan Tog‘li Qorabog‘ni o‘ziniki qilmoqchi edi. Arman manbalari Ozarbayjonni Armanistonda davom etayotgan tartibsizliklardan foydalanishga urinishda aybladi. Bunga javoban esa Ozarbayjon manbalari Armanistonni xalqaro tomonlarning diqqatini Armanistondagi ichki ziddiyatlar bilan chalg‘itishga harakat qilayotganini e’tirof eta boshladi.

Armanistonning da’volari juda sayoz edi, garchi ular milliy kelib chiqishi arman bo‘lgan Tog‘li Qorabog‘ga egalikka noloyiq bo‘lmasalar-da, keltirilayotgan dalillar rasman egasi bo‘lgan rasmiy Bokuni bu yerdan surib chiqara olmadi. Ushbu voqeadan so‘ng, 14-mart kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasi Ozarbayjonning bosib olingan hududlaridan barcha arman kuchlarini zudlik bilan olib chiqilishini talab qilib, qabul qilingan 62/243 rezolyusiyasining 39 ta ovozidan 7 tasini yozma tarzda jo‘natdi.

2010-yil Tog‘li Qorabog‘ to‘qnashuvi 18-fevral kuni bo‘lib o‘tgan otishma orqali ma’lum bo‘lib qoldi. Negadir Ozarbayjon hukumati armanlarning ularga zo‘rlik bilan agressiv munosabatidan o‘zini jabrlangan qilib ko‘rsataveradi. Armaniston esa aksincha doimo to‘qnashuvlarda ozarbayjonlardan kamroq askar yo‘qotganini ma’lum qiladi.

Qandaydir guruhning a’zolari Ozarbayjon hukumatiga josuslikda ayblandi. Josuslik hazilakam ayb emas. Ayniqsa, bir-birga «ola» qarab yuruvchi dushmanlar o‘rtasida bo‘lsa bundan ham yomon. Bu guruhning ko‘plab a’zolari maxsus harbiy harakatlar davomida halok bo‘ldi. Tirik qolganlari esa arman qo‘shinlarining harakatlari va harbiy inshootlari, Karvachar (Kelbajar) shahridagi tinch aholi maskanlariga josuslik qilishdan tashqari, jamoaga o‘n yetti yoshli arman bolasi va Jumen qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Smbat Tsakanyanni o‘ldirishda ayblov qo‘yildi. Xullas, tashviqotlar maromiga yetkazib olib borila boshladi: tub aholi asta-sekinlik bilan Tog‘li Qorabog‘ arman mulki ekanligiga, ozarlar noqonuniy va nohaq tarzda bu joylarga egalik qilayotganlariga hammaning imonlari komil bo‘la boshladi.

Yangi to‘qnashuvlar esa dunyo pandemiya bilan kurashayotgan bir davrda qayta avjiga chiqdi. Quyidagi jadvalda so‘nggi 12 yil davomida ikki qardosh el o‘rtasida sodir bo‘lgan to‘qnashuvlarda halok bo‘lganlar haqida ma’lumot keltirilgan. Ma’lumotlar rasmiy hamda umumiy tarzda birlashtirilgan.

Yil

Armaniston

Ozarbayjon

Jami

2008-yil

Yo‘q

Yo‘q

30 askar 

2009- yil

Yo‘q

Yo‘q

19 askar

2010- yil

7 askar

18 askar

25 askar 

2011- yil

10 askar

4+ askar, 1 nafar fuqaro

14+ askar, 1 nafar fuqaro

2012 -yil

14 askar

20 askar

34 askar 

2013- yil

7 askar

12 askar

19 askar

2014- yil

27 askar, 6 tinch fuqaro

37 askar, 2 tinch fuqaro

64 askar, 8 tinch fuqaro

2015- yil

42 askar, 5 tinch fuqaro

64 askar

77 askar, 5 tinch fuqaro

2016- yil

108–112 askar, 9 tinch fuqaro

109 askar, 6 tinch fuqaro

217-221 askar, 15 tinch fuqaro

2017- yil

22 askar

19 askar

41 askar

2018 -yil

5–7 askar

6 askar

11–13 askar

2019 -yil

4 askar

5+ askar

9+ askar

2020- yil

6 askar

15 askar, 1 nafar fuqaro

21 askar, 1 nafar fuqaro

Kim nimaga ishondi? Tanganing ikkinchi tomonida nimalar bor edi?

1997-yil mart oyida Ter-Petrosyan o‘zini ichki sabablarga ko‘ra Tog‘li Qorabog‘ respublikasining «prezidenti» (hech bir davlat, shu jumladan, Armaniston tomonidan tan olinmagan) tomonidan Bosh vazir etib tayinladi.

Armaniston Ozarbayjonning armanlarga qarshi «tajovuzi»ni qoraladi. 1989-yil 1- dekabrda Armaniston parlamentining Qorabog‘ni Armanistonning bir qismi deb e’lon qilgan rezolyusiyasi bekor qilinmadi. Armaniston Qorabog‘ mustaqilligini tan ham olmadi, chunki tan olinishi Ozarbayjonga qarshi urush e’lon qilinishi va Turkiyani jalb qilishi mumkin edi. 1991-yil 8-iyulda Armaniston parlamenti Tog‘li Qorabog‘ning Ozarbayjon tarkibiga kirishi to‘g‘risidagi har qanday xalqaro hujjatni rad etgan qaror qabul qildi.

Armaniston mudofaa vaziri 1993-yil mart oyida qo‘shinlarni tekshirish uchun Qorabog‘ga tashrif buyurdi; uning vorisi Qorabog‘ mudofaa kuchlarining rahbari bo‘lgan. Ba’zi ekspertlarning hisobotlarida, 1993-yil dekabrdan keyin Qorabog‘ va Ozarbayjon o‘rtasidagi to‘qnashuvlarda qorabog‘liklar safida Armaniston harbiylari ishtirok etganiga ishora qiluvchi dalillar topilgan. Armaniston Qorabog‘ga harbiy maslahatchilar, qurol-aslaha (shu jumladan, aviabazalar tizimi), oziq-ovqat va materiallar va mablag‘lar yetkazib berdi. Xullas, armanlar Ozarbayjonning rasmiy hududlariga daxl qila boshladi.

Armanistonning bu harakatlaridan ozgina bo‘lsa ham «tutun» chiqmasligiga va u «tutun» hech kimning ko‘zini achishtirmasligiga kafolat yo‘q edi.  YeXHT rasmiy Yerevanning bunday siyosatidan g‘azablandi, chunki Qorabog‘ o‘z taqdirini belgilashga emas, balki hududiy yaxlitlikka ko‘proq etibor berishi kerak edi. 1997- yil sentyabr oyida Tog‘li Qorabog‘ning «prezidenti» etib saylangan Gukasyan, Qorabog‘ va Ozarbayjonning federatsiyadagi teng huquqli sheriklarga aylanishini taklif qilib, Qorabog‘ cheklangan suverenitetni saqlab, o‘z vazifalarini Bokuga topshirdi. Armanlarda ham bu paytda ishlar qizg‘in edi. Kocharyan 1998-yil 30- martda Armaniston prezidenti etib saylandi. Uning saylovlarga nomzodligi (u Qorabog‘dan bo‘lganligi sababli ko‘tarilgan) Markaziy saylov komissiyasi boshqa omillar qatorida 1989-yilda Armanistonning Armaniston va Qorabog‘ni birlashtirish to‘g‘risidagi rezolyusiyasi hanuzgacha kuchga kirganini va 1992-yil Qorabog‘ning mustaqillik deklaratsiyasini e’tiborsiz qoldirganida hal qilindi. Kocharyan tinchlik muzokaralarida bevosita ishtirok etardi.

Armaniston Ozarbayjonning ichki ishlariga aralashib, ikki mustaqil davlat o‘rtasidagi urushni chuqurlashtirgan. Ozarbayjon Armanistonga mintaqani anneksiya qilish niyatida bo‘lgan ayblovlarni rad etish uchun «noqonuniy» Tog‘li Qorabog‘ bilan emas, balki Qorabog‘ armanlari bilan muzokaralar o‘tkazishga tayyorligini bildirdi.

1992-yilda Eron ziddiyatni to‘xtatish va Qorabog‘ masalasiga AQSh yoki Turkiyaning aralashuviga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida vositachilik qildi. U shimolda beqarorlikni saqlab qolishni, mintaqaviy qudratni kuchaytirishni, g‘arb kreditorlari va investorlarini jalb qilishda va o‘z tovarlari uchun yangi bozorlarni izlashda konstruktiv ko‘rinishni xohlardi. Eron Arman-Ozarbayjon mojarosiga qisman Rossiya bilan munosabatlar prizmasidan qaradi. Eron an’anaviy ravishda Rossiya bilan ehtiyotkorlik bilan muomala qildi va mintaqaviy ta’sir uchun u bilan raqobatlashishga tayyorligini amalda ko‘rsatib qo‘ydi. Eron YeXHT a’zosi emas edi va shuning uchun ham uni «yoqtirmaganlar» Eronni Minsk jarayonidan chetlatishdi.

Eron va Ozarbayjon, shuningdek, Rossiyaning mintaqadagi roli, Ozarbayjonning AQSh, NATO, Turkiya va Isroil bilan munosabatlari, Kaspiy dengizini ikkiga bo‘lish va neft quvurlari yo‘nalishlari bo‘yicha turlicha qarashlarga ega. 1999-yil oxirida Eron Ozarbayjonning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor ta’kidlagan va Aliyevni tashrif buyurishga taklif qilganida ikki tomonlama munosabatlar iliqlasha boshladi.

AQShning sobiq Sovet Ittifoqidagi maqsadlariga barqarorlik, demokratiya, bozor iqtisodiyoti va davlatlar o‘rtasidagi tinchlik kerak edi. AQSh bu yerlarga «demokratiya shamoli»ni olib kirmoqchi edi-da. Kavkazdagi nizolar ushbu maqsadlarga tahdid solish bilan bir qatorda, shunday nizoli joylarda «a labbay» deb turuvchi AQShning pozitsiyasi edi. Shtatlar ham o‘z an’analarini buzmadi. Amerika Qo‘shma Shtatlari Armanistonni (1991-yil dekabr) Ozarbayjondan oldin (1992-yil fevral) tan oldi, chunki Bush ma’muriyatining ta’kidlashicha, Armaniston oldin Xelsinki tamoyillariga amal qilgan. AQSh asosiy Islom dunyosidagi yirik raqiblari Turkiya va Eronni bu orqali jazavaga solmoqchi edi.

Armaniston tarafdori Ozarbayjonni Eron bilan yaqinlashishidan cho‘chir va agar ular ittifoqga keladigan bo‘lsalar, bu Kavkaz mintaqasidagi pozitsiyalar tezda boy berilishini bilar edilar. Ammo amalda Ozarbayjonning Eron bilan munosabatlari murakkab bo‘lgan. Diniy mutanosiblik ham rasmiy Tehronni dindoshlariga nisbatan nihoyatda iliq munosabatiga sababchi bo‘la olmagan.

Ozarbayjon Davlat departamenti YeXHTni AQShga nisbatan tinchlik o‘rnatishdagi pozitsiyasini afzal ko‘rdi. Bunga bir qancha sabablar bor edi. Birinchidan Eron YeXHT a’zosi emas, mintaqadagi bu yirik davlatga qarshi turish uchun esa qudratliroq sheriklarga ega bo‘lishi talab etilardi. Ikkinchidan, AQSh haddan tashqari talablar qo‘ya boshladi. Agar AQShga yon bosiladigan bo‘lsa, asosiy hamkor Rossiyani ranjitib qo‘yishi mumkin edi. 

Kimda imkoniyat qanday?

Tog‘li Qorabog‘ hududiy nizosi bo‘yicha Rossiyaning pozitsiyasi va ikkala qarama-qarshi tomonlarning harbiy imkoniyatlarini kuchaytirish uchun qurol sotishga qaratilgan doimiy urinishlarini hisobga olgan holda, Armaniston Tog‘li Qorabog‘ mojarosida g‘olib chiqishni istasa, boshqa sherik topgani ma’qul, chunki Rossiya har ikki tomonning janglaridan foyda ko‘radi. Shunday bo‘lsa ham, boshqa sherik ham «ha» deganda topilaveradimi? Sizga yaxshi ma’lumki, Armaniston armiyasi Ozarbayjon armiyasidan reytingda naq 47 pog‘ona pastda turadi. Harbiy imkoniyatlar Ozarbayjonda katta. Mana masalan joriy yildagi to‘qnashuvlar boshlangach, kim-kim tomonda ekanligi oshkor bo‘ldi.

Gruziya -  o‘zining betarafligini e’lon qildi. Aslini olganda Gruziyaning yondashuvi mintaqada muhim edi. Chunki eng yaqin qo‘shni, shubhasiz, Gruziyadir.

Rossiya shunchaki sulh talab qilmoqda. Shuningdek, Putin Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishida Boku va Yerevanni Moskva bilan vositachilik qilishni taklif qilib, yarashishga chaqirdi. «Uzluksiz urush avj olishidan xavotir bildirildi va tomonlar sulhni ta’minlash zarurligini ta’kidladilar», dedi Peskov.

Turkiya. «Biz Ozarbayjon tarafidamiz», deb ta’kidladi Erdo‘g‘an. Erdo‘g‘an Bosh vazirligi paytida ham, Tog‘li Qorabog‘ masalasida Ozarbayjon tomondaligini aytib kelgan. Hozirgi Turkiya Tashqi ishlar vazirligi Armanistonni «Janubiy Kavkaz mintaqasida tinchlik va barqarorlik o‘rnatish yo‘lidagi asosiy to‘siq» deb atadi.

Pokiston - Ozarbayjon dindoshlarining tarafida ekanligini ma’lum qildi.

Moldova - Ozarbayjon tomonida.

Ukraina -  Ozarbayjonning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi. Bunga o‘z boshidan o‘tkazgan «Qrim masalasi» sabab bo‘lishi katta ehtimol.

Hindiston - ijtimoiy tarmoqlarda armanlarni qo‘llab-quvvatlaymz deya ta’kidladi.

O‘zbekiston - ushbu vaziyatdan qattiq tashvishda ekanligini bildirib, mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilishga chaqirdi.

Ushbu ssenariy Armanistonning o‘z tarafdorlarini to‘plashni talab qiladi. Vaziyat Armaniston demokratik G‘arb bilan yaqin aloqalarni rivojlantirish zarurligini anglatadi. Ammo… Muammo shundaki, G‘arb va Sovet Ittifoqining har qanday sobiq a’zosi o‘rtasidagi munosabatlarda Rossiyani «katta og‘a» sifatida ko‘rganlardan biri Armaniston edi.

Rossiya sulh so‘rayapdi, armanlarga esa sulh kerak emasdek.

Xo‘sh, harbiy imkoniyatlar qanday?

Armaniston «GlobalFirePower.com» reytingida 138 davlat ichidan 111 o‘rinda, Ozarbayjon esa 64 o‘rinda (Mudofaa budjeti AQSh dollarida ifodalangan).

Xulosa
Masala ravshan: Ozarbayjon o‘z hududini himoya qilmoqchi, Armaniston esa asosan arman millatiga mansub aholi yashaydigan Qorobog‘ni o‘ziniki qilib olmoqchi. Qonuniy jihatdan olib qaraydigan bo‘lsak, Armaniston o‘z da’vosini noqonuniy kuch bilan egallamoqchi. Ammo bu Ozarbayjonni qonuniy harakatlarini to‘la asosli deyishimizga sabab emas. Chunki har bir millat o‘z taqdirini erkin tanlashga haqlidir. Shunday ekan, global pandemiyadan so‘ng xalqaro kuzatuvchilar ko‘magida qaytadan sulh masalasi ko‘rib chiqilgani ma’qul. 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring