Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Jo Bayden bir og‘iz nojo‘ya gapi sabab AQSh prezidentligidan quruq qolishi mumkin (foto)

Jo Bayden bir og‘iz nojo‘ya gapi sabab AQSh prezidentligidan quruq qolishi mumkin (foto)

An’anaga ko‘ra «Xabar.uz» mushtariylari e’tiboriga hafta davomida ro‘y bergan eng muhim 7 hodisa havola etilmoqda.

1. AQSh sobiq vitse-prezidenti Jo Bayden radiojurnalist Lenard Makkelvi bilan suhbat payti qovun tushirdi. «The Breakfast Club» deb nomlangan mashhur dasturda chiqish qilgan siyosatchi yaqinlashib kelayotgan prezidentlik saylovi haqida gapiraturib, «ovoz berishda mening emas, Trampning tomonida bo‘lsangiz, demak, siz chinakam qora tanli emasmiz» degan mazmunda fikr bildirgan. Irqchilik hidi kelib turgan ushbu luqma ko‘p sonli aholi orasida keskin norozilik uyg‘otdi. Arbob o‘ylamay gapirgan gapi uchun rasman uzr so‘ragan bo‘lsa-da, tanqidlar hali-hamon tinmayapti. Tahlilchilarga ko‘ra, demokratik partiya vakili Jo Bayden bir og‘iz nojo‘ya gap tufayli ko‘p millionli qora tanli saylovchilar ovozidan quruq qolishi, pirovardida esa, amaldagi prezident Donald Trampga mag‘lub bo‘lishi hech gap emas. Foto: «AP»

2. Pandemiya davrida yo‘g‘on cho‘zilib, ingichka uzilmoqda. Karantin kunlarida turmush taqchillashgan peruliklar hukumatdan oziq-ovqat yordami talab qilib namoyishga chiqdi. Diqqatga sazovor jihati, aholi norozilik aksiyasida ham ehtiyot choralarini ko‘rib, tibbiy niqob taqishni unutmagan. Foto: «AP»

3. Pokistonning Karachi shahridan Lahor tomon parvoz qilgan samolyot halokatga uchradi. Havo kemasi bortida 98 kishi, jumladan, 7 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Uchoqdagi yo‘lovchilardan ikki nafari mo‘’jiza tufayli tirik qolgan. Samolyot turarjoylar ustiga qulagan. Vayron bo‘lgan uylar ostidan 20 ga yaqin kishi qutqarilgan. Halok bo‘lgan yo‘lovchilarning aksari Ramazon hayiti munosabati bilan yaqinlarini yo‘qlagani ketayotganlar edi. Foto: «AP»

4. Turkiyada koronavirusga chalinganlar soni 155 ming nafardan oshib ketdi. Mamlakat bo‘ylab xiyobon va dam olish maskanlarida odamlar o‘zaro masofa saqlashi uchun maxsus sanitariya halqalari chizilmoqda. Foto: «AA»

5. Bengal ko‘rfazida ro‘y bergan «Amfan» to‘foni Hindiston va Bangladeshda yashovchi millionlab aholi boshpanasini yer bilan yakson qildi. Bir necha million kishi oshig‘ich ravishda xavfsiz joyga ko‘chirildi. Kuchli shamol daraxtlarni ildizi bilan qo‘porib tashladi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, tabiiy ofatda 90 ga yaqin kishi halok bo‘ldi. Foto: «Reuters»

6. Aviasanoat – koronavirus pandemiyasidan eng ko‘p moliyaviy zarar ko‘rayotgan sohalardan biri. AQShning Arizona shtati aeroportida yuzlab uchoqlar tushovlangan tulpordek dorilomon kunlar kelishini kutmoqda. Foto: «Getty Images»

7. Koronavirus pandemiyasi ta’lim muassasalarida dissertatsiya himoyasi va bitiruv marosimlarini ham yangi formatdagi o‘tkazishni talab etmoqda. Filippin oliy o‘quv yurtida tashkil etilgan virtual bitiruv marosimidan lavha. Foto: «AP»

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring