Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jin ko‘zadan chiqdi! Ammo hozircha uni bandi etish imkoni bor…

Jin ko‘zadan chiqdi! Ammo hozircha uni bandi etish imkoni bor…

Joriy yil 2-avgust kuni AQSh hamda Rossiya O‘rta va yaqin masofaga uchuvchi raketalar haqidagi shartnomadan chiqqanini e’lon qildi. Sobiq SSSR rahbari, mazkur bitim tashabbuskorlaridan biri Mixail Gorbachyov tomonlarning ushbu qarorini «qaltis xato» deb atadi. 30 yildan buyon amalda bo‘lgan shartnomaning bekor bo‘lishi qurollanish poygasi yana avj olishi haqidagi xavotirlarni kuchaytirib yubordi.

O‘rta va yaqin masofaga uchuvchi raketalar haqidagi shartnoma 1987-yilda AQSh prezidenti Ronald Reygan hamda SSSR rahbari Mixail Gorbachyov tomonidan imzolangan. 1988-yil 1-iyundan kuchga kirgan hujjatga ko‘ra, yadro quroliga ega ikki yirik davlat o‘rta (1 ming kilometrdan 5,5 ming kilometrgacha) hamda yaqin (500 kilometrdan 1000 kilometrgacha) masofada uchuvchi ballistik va qanotli raketalar, shuningdek, ularga oid qurilmalarni yo‘q qilishi ko‘zda tutilgan edi. Ushbu tasnifga kiruvchi raketalarni ishlab chiqarish va sinovdan o‘tkazish ham taqiqlangandi.

Har ikki tomon bir necha yil ichida bitim shartlarini bajardi. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha kezlar SSSR 1846 dona, AQSh 846 dona raketani yo‘q qilgan. Tahlilchilar ushbu shartnomani tarixiy ahamiyatga molik hujjat deb atashi bejiz emas. Darhaqiqat, «sovuq urush» davrida yurak hovuchlab yashagan insoniyat ushbu shartnoma kuchga kirgach, biroz yengil nafas olgandek bo‘ldi.

O‘tgan chorak asrda dunyo siyosiy xaritasi yangilandi. SSSR deb atalgan mamlakat parchalanib ketdi. Sho‘ro davlati vorisi sanalgan Rossiya, garchi iqtisodiy muammolar domida qolgan bo‘lsa-da, AQSh bilan harbiy jabhadagi poygani zo‘r berib davom ettirdi. So‘nggi 10 yilda jahon geosiyosiy iqlimi ham o‘zgardi. Sayyoramizning ikki qutbini egallagan mamlakatlar o‘rtasidagi raqobat oshkora tus oldi.

O‘rta va yaqin masofaga uchuvchi raketalar haqida shartnomaning yo‘qqa chiqishida AQSh va Rossiya bir-birini ayblamoqda. Aslida, dahanaki tortishuv va bir-birini qoralash siyosati ko‘pdan buyon kuzatilayotgan edi. Vashington o‘zaro bitim shartlariga zid ekanini ta’kidlab, Rossiyadan 9M729 hamda RS-26 «Rubej» raketalarini yo‘q qilishni talab qilib kelayotgandi. O‘z navbatida, Rossiya AQSh tomonidan 2016 yili Ruminiyada Aegis Ashore raketaga qarshi mudofaa tizimi o‘rnatilishini shartnomaning buzilishi deb hisoblayotgan edi.

Ayni paytda yadro qurolini nazorat qilishga doir Strategik hujum qurollarini qisqartirish haqida shartnoma amal qilmoqda. Ammo AQSh va Rossiya tomonidan 2010-yilda imzolangan ushbu shartnomaning amal qilish muddati 2021-yilda tugaydi. AQSh prezidentining xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jon Bolton Vashington shartnomani uzaytirish niyatida emasligini ochiq aytdi. O‘z navbatida, Rossiya yetakchisi Vladimir Putin Oq uy ro‘yxushlik bermas ekan, Kreml ham bitim muddatini uzaytirishga urinmasligini bildirdi. BMT Bosh kotibi Antoniu Gutterish esa  har ikki tomonni yadro qurollanishi oldini olishi mumkin bo‘lgan ushbu bitimni saqlab qolishga undamoqda.

O‘rta va yaqin masofaga uchuvchi raketalar haqida shartnomani-ku saqlab qolish imkoni bo‘lmadi. Ammo strategik hujum qurollarini qisqartirishga doir hujjatning bekor bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim. Negaki, bu insoniyat uchun hayot-mamot masalasidir. To‘g‘ri, yadro quroliga ega davlatlar ro‘yxatida AQSh va Rossiyadan tashqari  Xitoy, Shimoliy Koreya, Hindiston, Pokiston, Isroil, Buyuk Britaniya, Fransiya kabi mamlakatlar ham bor. Ammo yadro qurolining asosiy zaxirasi ikki raqobatchi davlat ixtiyorida. Sipri tinchlik muammolari institutiga ko‘ra, dunyoda 14 mingga yaqin yadro kallaklari bo‘lib, ularning 90 foizi AQSh va Rossiyaga tegishlidir. Shu bois Oq uy va Kremlning til topishishi barcha uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Dunyo ahli 1945-yil avgustda yadro qurolining dahshatiga guvoh bo‘ldi. AQSh tomonidan Yaponiyaning Xirosima va Nagasaki shaharlariga tashlangan bombalar 450 ming kishining yostig‘ini quritdi, yuz minglab odamni mayib-majruhga aylantirdi. 1962 yil oktyabrda ro‘y bergan «Karib inqirozi» ham qurollanish poygasi butun insoniyat hayotiga mislsiz tahdid ekanini yana bir karra tasdiqladi.

1987-yilda O‘rta va yaqin masofaga uchuvchi raketalar haqida shartnoma imzolangach, «sovuq urush» poyoniga yetgan edi. Oradan 30 yil o‘tib, tarixiy bitim bekor qilinishi bilan esa necha zamondan beri ko‘zada biqinib yotgan jin ozodlikka chiqdi! Hozircha uni yana bandi etish imkoni bor. Buning uchun AQSh hamda Rossiya, qolaversa, «yadro klubi»ning qolgan a’zolari siyosiy ambitsiyalarni bir chetga qo‘yib, muzokaralar stoliga o‘tirishi lozim.

Sobir Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring