Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Isyonchilar Damashq qamoqxonasida kutilmagan holatga duch kelishdi

Isyonchilar Damashq qamoqxonasida kutilmagan holatga duch kelishdi

Isyonchilar mahkumlarni “Asad hokimiyati quladi. Endi qo‘rqmanglar!” deya ozod qilgan.

Foto: Getty Images

8 dekabr kuni “Hay’at tahrir ash-Shom” guruhi boshchiligidagi isyonchilar Suriya poytaxti Damashqqa kirib bordi va prezident Bashar Asad rejimi qulaganini e’lon qildi.

Shu tariqa mamlakatda Asadlar oilasining 54 yillik boshqaruv davri poyoniga yetdi.

Isyonchilar Damashq chetidagi Siydnaya qamoqxonasidagi mahbuslarni ham ozod qildi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video va fotosuratlarda onasi bilan birga qamoq jazosini o‘tagan kichkina bolani ham ko‘rish mumkin.

BBC xabariga ko‘ra, muxolifat a’zolari qamoqxonaning asosiy qavatidagi barcha kameralarni ochib, mahbuslarni ozodlikka chiqargan. Ammo qamoqxona ma’muriyati o‘ta xavfli deb hisoblangan tutqunlarni pastki maxfiy qavatlarda saqlagani ma’lum bo‘ldi.

Isyonchilar “qizil blok” yoki “o‘lim kameralari” deb atalgan bo‘lmalarni ochishning uddasidan chiqmadi. Chunki tutqungohning bu qismi murakkab kompyuter tizimi orqali boshqarilgan. Bunga mas’ul bo‘lgan qo‘riqchilar esa qochib ketgan.

Damashq ma’murlari qamoqxonaning qochib ketgan xodimlariga murojaat yo‘llab, maxfiy kameralar eshigi parolini ma’lum qilishni so‘ragan.

Inson huquqlari tashkilotlariga ko‘ra, 2000 yilda otasi Hofiz Asadning vafotidan keyin hokimiyatga kelgan Bashar Asad 24 yillik boshqaruvi davrida minglab muxoliflarini o‘ldirgan yoki qamoqqa tashlagan. Xususan, 2011 yilda boshlangan fuqarolik urushidan keyin Asad ma’muriyati yuz minglab muxoliflarini panjara ortiga yo‘llagan.

Siydnaya qamoqxonasi ham dahshatli qatlgoh sifatida tilga tushgan.

Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari hisobotlariga ko‘ra, ushbu qamoqxonada 2011-2018 yillarda 30 mingdan ziyod mahbus qatl qilingan yoki ochlik, xastalik tufayli vafot etgin. 2018-2021 yillarda esa 500 ga yaqin kishi qatl etilgan.

2017 yilda Amnesty International inson huquqlari tashkiloti Siydnaya qamoqxonasini “insoniy qassobxona” deb atagan.

Bu yerda qiynoq va jinsiy zo‘ravonlik ham avj olgan. Yaqinlari uzoq vaqt davomida mahkumning tirik yoki o‘lik ekanidan ham xabardor bo‘la olmagan.

Ota-bola Asad hokimiyati odamlarni qo‘rquv va tahlikada ushlab turish uchun qamoqxonada aql bovar qilmas qiynoq usullarini qo‘llagani aytiladi.

Joriy yil 27 noyabrdan keyin birin-ketin Asad nazoratidagi Halab, Idlib, Hama, Hims kabi shaharlarni egallagan isyonchilar birinchilardan bo‘lib har bir shahardagi qamoqxonalardan mahkumlarni ozod qilgan.

Ozod qilingan mahkumlar orasida bir necha o‘n yillar mobaynida yorug‘lik ko‘rmaganlar ham borligi xabar qilingan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring