Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Islomofobiyaga qarshi qanday kurashgan ma’qul?

Islomofobiyaga qarshi qanday kurashgan ma’qul?

Faxriddin Altun.

Turkiya, Pokiston hamda Malayziya davlatlari hamkorligida islomofobiyaga qarshi kurash bo‘yicha axborot-kommunikatsiya markazi hamda maxsus telekanal tashkil etilmoqda. Bu haqda Turkiya prezidenti devonining Axborot-kommunikatsiya bo‘yicha boshqarmasi rahbari, professor Faxriddin Altun ma’lum qilgan.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on, Malayziya bosh vaziri Mahathir Muhammad hamda Pokiston hukumati rahbari Imron Xon BMT Bosh assambleyasining 74-sessiyasi doirasida uchrashib, islomofobiyaga qarshi kurash maqsadida hamkorlikda telekanal ta’sis etishga qaror qilgan.

Professor Faxriddin Altunga ko‘ra, ingliz tilida faoliyat yuritadigan telekanal yirik xalqaro loyihaning bir qismi sanaladi. Yangi markaz, shu bilan birga, ma’rifiy video va hujjatlar filmlar tayyorlash, kitoblar chop etish, ijtimoiy tarmoqda targ‘ibot olib borish hamda tadqiqotlar bilan shug‘ullanadi.

«Islomofobiya irqchilikning bir ko‘rinishi, nafratga asoslangan jinoyatdir. Taassufki, bugun o‘z vazifasini qoyilmaqom bajara olmagan siyosatdonlar o‘z kamchiliklarini irqchilik va islamofobik bayonotlar bilan xaspo‘shlashga urinayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz», – deydi Faxriddi Altun.

Faxriddin Altunga ko‘ra, muqaddas islom dinini obro‘sizlantirish va yomonotliq qilishga urinishlar zo‘ravonlik va terrorizmning kuchayishiga olib keladi. Yangi tashkil etiladigan telekanal ham birinchi navbatda Islom dini xususidagi yanglish qarashlarga munosib javob beradi.  Qolaversa, uch mamlakat hamkorligida faoliyat yuritadigan yangi ommaviy axborot vositasi Islom olami va G‘arb o‘rtasidagi taranglikni yumshatish, o‘zaro robitalarni yaxshilashga xizmat qiladi.

Keyingi yillarda dunyo miqyosida islomga qarshi dushmanlik kayfiyati kuchaymoqda, muqaddas dinni yomonotliqqa qilishga urinishlar avj olmoqda. Musulmon olamida yetakchi davlatlardan biri sanalgan Turkiya rahbariyati islomofobiyaga qarshi murosasiz kurashib kelmoqda. Xususan, yaqinda BMT Bosh assambleyasida 74-sessiyasida nutq so‘zlagan prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Yangi Zelandiyadagi masjidga hujum uyushtirilgan 15 mart sanasini Islomofobiyaga qarshi xalqaro birdamlik kuni deb e’lon qilishni taklif etgan edi.

Kuzatuvchilar 2001-yil 11-sentyabr voqealari ortidan AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya musulmon davlatlarida harbiy operatsiyalar olib borgach islomofobiya kuchayganini ta’kidlaydilar. Yevropadagi irqchilik holatlarini monitoring qilish markazi tadqiqotlariga ko‘ra, ko‘hna qit’ada masjid va islomiy markazlarga hujum, musulmonlarni, xususan, hijobli ayollarni tahqirlash, ishga qabul qilish va ta’lim tizimida diskriminatsiya kabi holatlar ko‘paymoqda.

Dunyoning turli chekkalarida ro‘y berayotgan voqealar islomofobiyaga qarshi zo‘rlik bilan kurashish nainki befoyda, balki zararli ham ekanini ko‘rsatmoqda. Shu bois jaholatning ushbu ko‘rinishiga qarshi ma’rifat bilan – axborot maydonida sog‘lom fikrlar bilan kurashish talab etilmoqda.

S.Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring