Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Inson qo‘li bilan barpo etilgan mo‘’jiza – dara yo‘li (foto)

Inson qo‘li bilan barpo etilgan mo‘’jiza – dara yo‘li (foto)

Foto: Xabar.uz

Turkiya nafaqat qadimiy shaharlari, huzurbaxsh sohillari, balki purviqor tog‘lari bilan ham sayyohlarni jalb etib keladi. Turkiya madaniyat va turizm vazirligi uyushtirgan safar doirasida OAV vakillari qatorida «Xabar.uz» muxbiri Kastamonu viloyati hududidagi tog‘ bag‘rida, qoyalarni o‘yib barpo etilgan dara yo‘lida bo‘ldi.

Foto: Xabar.uz

Kure tog‘lari milliy parki 34 ming gektardan ziyod maydonni egallaydi. Milliy park tog‘, g‘or, daryoyu sharshara, nabotot va hayvonot olami – betakror ekotizimni o‘z ichiga oladi. Kastamonu viloyatining Pinarboshi tumani hududidagi Horma kanoni sayyohlar eng ko‘p tashrif buyuradigan tabiat maskanlari sirasiga kiradi.  Dara yo‘lini inson qo‘li bilan yaratilgan mo‘’jiza deb atash mumkin. Qoyalarni burg‘ulash yo‘li bilan po‘lat sim tortilib, 3 kilometrli osma yo‘l barpo etilgan. Qurilish tanaffuslar bilan yetti yil davom etgan. Park xodimlarining aytishicha, osma yo‘lga 270 tonna po‘lat, 500 kubometr yog‘och va 260 mingdan ziyod murvat ishlatilgan ekan. 60 metr balandda, keskir qoyalar bag‘rida barpo etilgan yo‘ldan yurib, beixtiyor ustalarning mahorati va jasoratiga tahsin aytasiz.

Foto: Xabar.uz

Dara yo‘li yana bir tabiat mo‘’jizasi – Ilija sharsharasiga olib boradi. Pastda Zari daryosining sho‘x irmoqlari ko‘zga tashlanadi. Yana ozroq yursangiz, ulkan g‘orga duch kelasiz. 858 metrli g‘or dunyoda kattaligi bo‘yicha to‘rtinchi o‘rinda turadi.

Mangu cho‘qqi va qoyatoshlar bag‘rida o‘sgan og‘och va butalar Oybek domlaning «Nafis chayqaladi bir tup na’matak / Yuksakda, shamolning belanchagida. / Quyoshga ko‘tarib bir savat oq gul, / Viqor-la o‘shshaygan qoya labida» degan mashhur satrlarini yodga soladi. Shafqat bilmas vaqt bilan bellashmoqqa azm etgan ulug‘vor tog‘lar esa shoir Shavkat Rahmonning «Tog‘lar – nortuyalar abadiy cho‘kkan» degan tashbehini xotirga keltiradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring