Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Gorbachyov sovuq urushda kim g‘olib bo‘lganini aytdi

Gorbachyov sovuq urushda kim g‘olib bo‘lganini aytdi

Foto: «Gorby.ru»

Sobiq Ittifoqning sobiq prezidenti Mixail Gorbachyov o‘zini sovuq urush g‘olibi deb e’lon qilgan AQShni tanqid qildi. Bu haqda u «Welt am Sonntag»ga bergan intervyusida gapirib bergan, deb yozadi «Gorbachyov-fond» sayti.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki qudratli davlat qarama-qarshiligi umumiy g‘alaba bilan tugagan, biroq g‘arblik siyosatchilar Vashingtonni g‘olib deya e’lon qilishdi.

— Ular buning Rossiyada qanday qabul qilinishini, ruslarning sovuq urush va qurollanish poygasini to‘xtatishga qanchalik uringanini o‘ylab ham ko‘rishmadi. Buning siyosatga va Rossiya bilan G‘arb o‘rtasidagi munosabatlarga qanday ta’sir ko‘rsatishini ham xayollariga keltirishmadi, — deydi sobiq davlat rahbari.

Shundan so‘ng AQSh o‘zini «endi G‘arbga hammasi mumkin» qabilida ish tuta boshlaganini: BMT Xavfsizlik Kengashi sanksiyalarisiz kuch ishlatayotgani, xalqaro kelishuvlarni buzayotgani va o‘z shartlarini aytayotganini ham qo‘shib qo‘ydi. Biroq, Gorbachyovning fikricha, g‘arblik siyosatchilar yangi davr sinovlariga dosh berolmadi.

Avgustda Gorbachyov O‘rta va qisqa masofaga uchadigan raketalarni yo‘q qilish bo‘yicha shartnomaning bekor qilinishi strategik barqarorlik tamoyillari buzilishi va yangi qurollanish poygasiga olib kelishini aytgandi. Bundan tashqari, dunyo siyosati tartibsiz rivojlanadi, deydi sobiq prezident.

Sovuq urush deb ikki davlat blokining harbiy, iqtisodiy va mafkuraviy qarama-qarshiligiga aytiladi. Birinchi blokning markazi Sobiq Ittifoq, ikkinchisiniki AQSh bo‘lgan. Bu qarama-qarshilik 1946-yildan 1989-yilgacha cho‘zilgan, uni chin ma’nodagi urush deb bo‘lmasdi. U qurollanish poygasi bilan davom etdi. Xususan, yadro qurolini ishlab chiqarish uchinchi jahon urushi boshlanishi xavfini tug‘dirgan.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring