Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Erdo‘g‘on saylovdan keyingi ilk chiqishida nima haqda gapirdi?

Erdo‘g‘on saylovdan keyingi ilk chiqishida nima haqda gapirdi?

Turkiyaning navbatdagi besh yillikka saylangan prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on 29 mayga o‘tar kechasi Anqarada yig‘ilgan 320 ming kishilik izdihom qarshisida zafar nutqini so‘zladi. 

Turkiya rahbari siyosiy tanlovidan qat’i nazar saylovda faol qatnashgan barcha fuqarolarga minnatdorlik bildirdi.

«Biz avvalgi saylovlarda bo‘lgani kabi, bu gal ham saylovchilar xohish-irodasiga hurmat bilan munosabatda bo‘lamiz. Saylovda faqat biz emas, butun Turkiya, demokratiya g‘alaba qozondi! 28 may kungi saylovda mag‘lub tomon bo‘lmadi, Turkiyaning 85 million xalqi zafar quchdi. Milliy maqsad va maslaklarimiz yo‘lida birlashish va bir yoqadan bosh chiqarish vaqti keldi», – dedi u.

Siyosatchi 1950-yillardan buyon, sobiq bosh vazir Adnan Menderes boshqaruvi davridan beri Turkiyani kuchsizlantirish uchun muammolar yaratib kelinganini yodga oldi.

«Bugun sobiq prezident Turg‘ut O‘zol va sobiq bosh vazir Najmiddin Erboqon ilgari surgan maqsadlarni amalga oshirish jarayoni boshlanganini e’lon qilamiz. Turkiya so‘nggi 10 yillar davomida yuzma-yuz kelayotgan muammolar yagona maqsad – bugungi g‘alabaning oldini olish maqsadida yaratilgan edi», – dedi Erdo‘g‘on.

Endilikda barcha kuch-g‘ayrat «Turkiya yuzyilligi» konsepsiyasini amalga oshirishga safarbar etiladi.

Bugungi kunda inflyasiya Turkiya iqtisodiyoti oldidagi muhim muammo bo‘lib qolmoqda. Erdo‘g‘on iqtisodiyotning yangi modeli aynan moliyaviy barqarorlikni tiklash, aholi bandligini oshirish va sarmoyalar jalb etishga yo‘naltirilishini urg‘uladi.

«Inflyasiya va narx oshishi oqibatida yuzaga kelgan zararlarni bartaraf etishni yaqin istiqboldagi birlamchi vazifa deb bilamiz. Turkiyada iste’molchilar imkoniyatini oshiruvchi, ishlab chiqaruvchilar daromadini ko‘paytiruvchi, dehqon va chorvadorlar xarajatlarini kamaytiruvchi yangi iqtisodiy tizim joriy etiladi», – dedi notiq.

Ta’kidlanishicha, joriy yil 6 fevral kuni ro‘y bergan zilzila oqibatlarini bartaraf etish, tabiiy ofat hududlarini tiklash ham ustuvor yo‘nalish bo‘lib qoladi.

Suriyalik qochqinlar taqdiri nomzodlar o‘rtasidagi saylovoldi bahslarda asosiy mavzu bo‘lgani sir emas. Erdo‘g‘onga ko‘ra, hozirga qadar 600 mingga qadar suriyalik o‘z vatanidagi xavfsiz hududlarga ixtiyoriy ravishda qaytarildi. Qatar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan uy qurilishi loyihasi doirasida yana bir million qochqin Suriyaga qaytishi kutilmoqda.

Turkiya prezidenti hozirgi geosiyosiy dolg‘alar sharoitida kuchlar muvozanatini saqlash muhimligiga ham e’tibor qaratgan.

Eslatib o‘tamiz, Turkiya Oliy saylov kengashi prezident saylovining ikkinchi bosqichida 52,14 foiz ovoz olgan Rajab Toyyib Erdo‘g‘on g‘olib bo‘lganini e’lon qildi. Birlashgan muxolifat nomzodi Kamol Qilichdoro‘g‘li esa 47,86 foiz ovoz olgan.

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 may kuni telefon orqali muloqotda Rajab Toyyib Erdo‘g‘onni prezidentlik saylovida erishgan ishonchli g‘alabasi bilan qutlagan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring