Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Dunyodagi eng xunuk ayolning ayanchli qismati

Dunyodagi eng xunuk ayolning ayanchli qismati

Foto: «Express-novosti.ru»

Agar Meri Enn Vebster hayotini butkul o‘zgartirib yuborgan hodisa yuz bermaganida u haqda hech kim, hech nima eshitmagan bo‘lardi. Uning suratiga ko‘zi tushgan odam borki, his-tuyg‘ularini yashirolmasligi aniq: shunchalik ham badbashara ayol bo‘ladimi?! U o‘zining nuqsonlarini, tashqi ko‘rinishi jiddiy kasallik asorati ekanligini yaxshi bilgan.

«Ekspress-Novosti» axborot agentligining ma’lum qilishicha, Meri Enn londonlik oddiy oilada dunyoga kelgan. Undan tashqari ota-onasi yana yetti nafar bolani tarbiya qilishgan. Oila nihoyatda nochor kun kechirgan. Qizaloqning o‘zi hech qachon ishdan bo‘yin tovlamagan, doimo ota-onasiga yordam berishga harakat qilgan. U chiroyli va yoqimtoy qiz bo‘lgan. Ingliz xonimi uzoq vaqt hamshira lavozimida ishlab, bo‘lg‘usi turmush o‘rtog‘ini uchratgach o‘zini oilasi va farzandlariga bag‘ishlashga qaror qilgan. Tomas Biven bilan nikohdan to‘rt bola dunyoga kelgan.

Hammasi binoyidek. Faqat kutilmaganda Merining tashqi ko‘rinishi o‘zgara boshlaydi. U ancha paytgacha gap nimada ekanini tushunolmagan. Ko‘p o‘tmay unga dahshatli akromegaliya tashxisini qo‘yishadi. Odatda bu dardga chalingan odam oyoq kafti va yuz suyaklari yiriklashishidan qiynaladi. Bu xastalik ayolning hayotiga juda ko‘p azob-uqubatlarni olib keladi. Uning yuzi kundan-kunga kattalashib borar, ustiga-ustak, tinimsiz bosh og‘rig‘idan azob chekardi.

Biroq eng yomoni, u har kuni atrofidagi odamlarning masxara qilib, shafqatsizlarcha xo‘rlashlariga toqat qilishiga to‘g‘ri kelardi. Ko‘pchilik hatto Meri Enn boshqalarga o‘xshamasligini, uning joyi sirkda ekaniga piching qilardi. Turmush o‘rtog‘ining to‘satdan vafot etishi vaziyatni battar chuqurlashtirdi. Endi Meri Enn faqat o‘ziga suyanishdan boshqa iloji qolmagandi.

Bolalarini boqish uchun ayol ishga chiqishga majbur bo‘ladi. Biroq ozgina pul topish uchun uning qanchalik tahqirlanganini ko‘pchilik bilmaydi. Meri Enn o‘zining g‘ayritabiiy tashqi ko‘rinishi evaziga pul ishlab topa boshlaydi.

Dastlab u «Eng ro‘zg‘orbop ayol» tanlovida ishtirok etadi. Biroq bu yerda u muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. So‘ngra u noilojlikdan dunyodagi eng xunuk ayol tanlovida ishtirok etishga jazm qiladi. Chunki Meri o‘zining mukammal emasligi evaziga pul ishlab topishi mumkinligini tushunib yetadi. U farzandlarining qornini to‘yg‘azish uchun har kuni odamlar masxaralashiga chidashga majbur edi. Meri omma oldida aynan dunyodagi eng badbashara ayol qiyofasida chiqish qilardi. U dunyoning ko‘pgina mamlakatlariga gastrol safarlariga ham boradi, o‘zining tashqi ko‘rinishi bilan butun dunyoni «zabt etadi». Ayolning omma oldiga chiqishi haqiqiy xursandchilik va shov-shuvga sabab bo‘lardi. Lekin farzandlaridan olisda yashashga ayolning yuragi dosh berolmaydi: shu bois Meri vataniga qaytib keladi. Ayol 59 yoshida vafot etgan. O‘sha paytlarda ko‘pgina gazetalar uning o‘limiga «singan yurak» sabab bo‘lganini yozishdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring