Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Adham Otajonov (Abu Muslim)

Har bir amalingizni tahlil qilib, kimga yoki nimaga sig‘inayotganingizni bilish mumkin.

«Bu haqiqiy dahshat edi». Yangi Zelandiya masjididagi xunrezlik haqida

«Bu haqiqiy dahshat edi». Yangi Zelandiya masjididagi xunrezlik haqida

Foto: Styler

Muqaddas juma kunini hech qachon yomon xabar bilan boshlashni istamaydi, kishi. Lekin, dunyoning ayrim qismlarida birodarlarimiz va opa-singillarimiz o‘taketgan zo‘ravonlik — islamofobiya jafokashlari bo‘lib turgan bir paytda nima ham qilardik?

Yangi Zelandiyaning Kraystcherch shahrida bir guruh qurollangan kishilar ikkita masjidda otishma uyushtirdilar. Kuppa-kunduzi, juma namozi vaqtida terroristlar shahar markazidagi Dins-avenyu va Linvud-avenyu joylashgan masjidlarga bostirib kirib, namoz o‘qiyotganlarga qarshi o‘q otishga kirishdi.

So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, halok bo‘lganlar soni 49 nafarga yetgan. Yana shuncha kishi yaralangan va kasalxonaga yotqizilgan.

«Biz turli maydonlarda rivojlanayotgan vaziyatga duch kelmoqdamiz», — dedi Yangi Zelandiya bosh vaziri Djasinda Ardern matbuot anjumanida. — «Bu Yangi Zelandiya uchun eng qayg‘uli kunlardan biridir».

Guvoh Len Penexa hikoya qilishicha, u qop-qora kiyingan erkakning Masjid al-Nurga kirib ketganini ko‘rgan, so‘ngra Penexa o‘nlab o‘q ovozlarini eshitgan, shundan so‘ng masjiddan vahimaga tushgan odamlar yugurib chiqqanini ko‘rgan.

U shuningdek, qotilning politsiya yetib kelishidan oldin qochib ketganini ham aytgan.

Masjid yaqinida yashaydigan Penexa odamlarga yordam berish uchun masjidga kirganini aytdi. «Men har tomonda odamlar o‘ligini ko‘rdim».

Masjidda kiyimlari qonga belangan bir kishi otishma vaqti skameyka ostiga yashirinib olganligini aytdi. Uning so‘zlariga qaraganda, binoda 50 kishi bo‘lgan.

«Bu haqiqiy dahshat edi. Men o‘lim talvasasidagi 20 kishini ko‘rdim, ayrimlar qichqirib yotardi», — dedi voqeani o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan kishilardan biri mahalliy televideniyega.

«Men ko‘plab o‘q gilzalari va izlarini ko‘rdim. Qochib ketishga uringan bir yigitning otib o‘ldirilganiga guvoh bo‘ldim».

Kriket bo‘yicha Bangladesh terma jamoasining terakt qurboni bo‘lishiga bir bahya qoldi. Sportchilar shanba kuni Kraystcherchda test o‘yini o‘tkazishlari lozim edi, juma kuni esa o‘q ovozini eshitgan payt masjidga yo‘l olishgandi.

Indoneziya tashqi ishlar vazirining ma’lum qilishicha, masjidda kamida olti nafar Indoneziya fuqarosi bo‘lgan, ulardan uch kishi omon qolgan, qolganlarining taqdiri hali noma’lum. Jami Kraystcherchda 330 ga yaqin indoneziyalik, jumladan 130 ta talaba bor.

Hukumat Kraystcherch aholisini uylarini tark etmaslikni tavsiya etdi, shahardagi barcha maktablar yopildi. Mamlakat musulmonlariga Yangi Zelandiyada bo‘ylab masjidlarga kelmay turish tavsiya qilindi.

Politsiya to‘rt kishi – uchta erkak va bitta ayolni hujumda gumon qilib qo‘lga oldi. Ma’lumki, hujum qilganlardan birining ismi — Brenton Tarrant. U 17 daqiqa davomida «Facebook» orqali bu qirg‘inni to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyasiya qilgan. Jinoyatga yo‘l olishdan oldin u internetda o‘z harakatlari va mafkurasini izohlaydigan 37 betli manifest joylashtirdi. Ayni damda uning barcha ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlari bloklab qo‘yilgan. So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, u hamon ozodlikda yuribdi.

Politsiyaning xabar berishicha, Kraystcherch ko‘chalarida qo‘yib ketilagan avtomobillarga o‘rnatilgan bir nechta qo‘lbola portlash moslamalari topilgan. Ular zararsizlantirildi.

Yangi Zelandiya hozir haqiqiy shok holatida. Mamlakatda ommaviy otishmalar u qadar tez-tez bo‘lib turmaydi, bu sizga AQSh emas, bu yerda shungacha hatto teraktlar ham bo‘lmagan. Yangi Zelandiyaning zamonaviy tarixida ommaviy qotillik bu kungacha 1990-yil Aramona shaharchasida ro‘y bergan bo‘lib, shunda Devid Grey qo‘shnisi bilan urishib qolganidan keyin 13 kishini otib tashlagandi.

Jinoyatchi yoki jinoyatchilar haqida nimalar ma’lum, axir biz hozircha faqat bitta jinoyatchi nomini bilamiz?

Aytib o‘tilganidek, uning ismi Brenton Tarrant, u 28 yoshda, o‘zi avstraliyalik, u turli o‘ng radikallar jamiyatlari qatnashchisi bo‘lgan va o‘z qarashlarini bayon etgan manifest e’lon qilgan.

Mana shu yerda sal batafsilroq to‘xtalib o‘tish kerak. O‘nlab musulmonlarning ommaviy qirg‘in qilinishi ko‘pchilikni shok holatiga tushirdi, zo‘ravonlikni qoralash va qayg‘uni baham ko‘rish so‘zlari har tomondan – hattoki G‘arbda yillar davomida musulmonlarga qarshi nifoq o‘tini sochganlar — oq tanli neo-natsiyatlar va induist fanatlar bilan birdam bo‘lgan «to‘g‘ri musulmon» ampluasida karera qilgan rafidiy «imom Tavhidiy» kabi shaxslar tomonidan yog‘ilib kelmoqda.

Biroq bu qayg‘u ko‘pincha jinoyatchilarning ismini ham, rasmni ham, manifestini ham aslo tarqatmaslik va ularni mashhur qilmaslik haqidagi da’vatlar bilan birga kuzatilmoqda, chunki ular aynan shuni ko‘zlashgandi. Shubhasizki, bu gapda ma’no bor. Lekin boshqa tomondan, bu musulmonlarga qarshi terrorizm va neonatsizm muammosini xaspo‘shlash va buni bir martagina uchragan holat sifatida ko‘rsatish uchun qulay bahona hamdir. Balki umuman terakt ham bo‘lmagandir, kim biladi, u odam ruhiy xasta bo‘lgandir — vaholanki, shu yerda hattoki Avstraliya bosh vaziri ham jinoyatga terakt deb tavsif berdi.

Yo‘q, dunyo o‘z «qahramonlari»ni va ularni aynan nimalar ilgari surishini bilishi lozim, haqiqatning ko‘ziga tik boqaylik, jamiyatning xasta bo‘lgan islamofob qismi ularni shohsupaga chiqarib qo‘yadi, shubha qilmasak ham bo‘ladiki, tez orada yangi zelandiyalik o‘qchining surati bilan «avatarka» va «yuzerlik»larga to‘lib ketadi.

Shunday qilib, qo‘lida qurol bilan masjid tomon yo‘l olishdan avval Tarrant o‘zining rejalari haqida xabar va o‘z manifestiga (bir nechta memdan iborat), shuningdek, «Facebook» orqali teraktning to‘g‘ridan-to‘g‘ri  translyasiyasiga havolani joylashtirgan holda «8Chan»da xabar qoldirgan. U, shuningdek, qurol-yarog‘i va aslahalari rasmini ham qoldirgan.

Manifestda terrorist o‘zini oddiy ishchilar oilasidan bo‘lgan, maktabda o‘qishga ham qiziqmagan, universitetga ham bormagan, shu sababli hech qanday fanlar uni qiziqtirmagan oq tanli yigit deb ataydi.

Yangi Zelandiyaga u musulmonlarni o‘ldirish uchun ataylab kelgan — eslatib o‘tamizki, Yangi Zelandiyada musulmonlar aholining 1 foizini tashkil qiladi (jumladan, maori musulmonlari), bu manifestda tavsif berilgan «bostirib kirish» halokatli manzarasidan u qadar ham uzoq emas (yuqorida aytib o‘tilgan guvoh Len Penexaning aytishicha, mahalliy xalqning musulmonlar bilan munosabatlari doimo yaxshi bo‘lgan). U oq tanli yevropaliklar orasida tug‘ilish ko‘rsatkichlari pastligini, tamaddunlar to‘qnashuvini va musulmon bosqinchilarining «bostirib» kirishnii muntazam eslaydi.

Uning yozishicha, Anders Breyvik, Dilan Ruf, Darren Osborni kabi «qahramon»larning o‘tmishdagi terrorizm aksiyalari unga katta ta’sir ko‘rsatgan. Bunda, shunisi e’tiborga loyiqki, Breyvik bilan ko‘p muloqot qilgan va aynan undan jinoyatga «oq fotiha» olgan.

Manifestdagi bir ibora Polsha va Ukrainada bo‘lgan deb taxmin qilishga asos beradi (uning so‘zlariga qaraganda, bu joylarda ham ahvol juda yomon).

Donald Tramp manifestda yangilangan oq tanlilar aynan bir xilligi va umumiy ishning ramzi deb atalgan.

Turklarga ham po‘pisa qilingan: «biz Konstantinopolga kelib, hamma masjid va minoralarni buzib tashlaymiz».

Jinoyatchining qo‘lidagi qurolda kirill alifbosida «Milosh Obilich» deb yozilgani ham ko‘zga yaqqol tashlanadi – afsonalarga ko‘ra, usmonlilar sultoni Murodni Kosovo maydonida halok qilgan serb pahlavonining ismi xuddi shunday edi. Bolqonlik boshqa memlar va hattoki, aytishlaricha, originalida serblar qo‘shig‘i sifatida ma’lum bo‘lgan saundtrek bilan birga bularning barchasi  jinoyatchining serb kallakesarlari va bosniyaliklar tomonidan musulmonlar genotsidiga qiziqishi haqida (agar to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa bo‘lmagan taqdirda ham) o‘ylashga majbur qiladi.

Bir so‘z bilan aytganda, oldimizda musulmonlarga qarshi radikal millatchiligiga yaqqol misol turibdi. Mana shu jihatni ko‘p sonli xayrixoh do‘stlarimiz unutishni taklif qilmoqdalar.

Nima bo‘lganda ham, Yangi Zelandiyada azob tortgan jafokash birodarlarimizni duo qilaylik. Alloh ularni rahm qilsin!

(Internetdagi materiallar asosida tayyorlandi)

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring