Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bu yerda so‘zlashilmaydi. «Pakana»ni eng qattiq qo‘riqlanadigan qamoqxonaga jo‘natishdi

Bu yerda so‘zlashilmaydi. «Pakana»ni eng qattiq qo‘riqlanadigan qamoqxonaga jo‘natishdi

Foto: «Occrp.org»

Meksikalik narkobaron, Hoakin Gusman (laqabi — Pakana) Kolorado shtatidagi eng qattiq qo‘riqlanadigan qamoqxonaga joylashtirildi. Bu haqda TASS AQSh Qamoqxonalar federal byurosi ma’lumoti asosida xabar berdi.

Kolorado qamoqxonasi — «Florens»da o‘ta qattiq tartib hukmron. Terrorchilikda ayblangan jinoyatchilar keladigan oxirgi manzil shu yer. Boston marafonida 2013-yili qirg‘in uyushtirgani uchun o‘lim jazosi hukmi o‘qilgan Johar Sarnayev, pochta orqali bomba tarqatgan «Unabomber» laqabli matematik Ted Kazinski, Nyu-Yorkdagi Jahon savdo markaziga terakt uyushtirishda ayblangan quvaytlik Ramzi Yusuf — Pakana endi ular bilan qo‘shni.

Ammo muloqot yo‘q. «Florens» mahkumlari tashqi dunyo bilan va o‘zaro muloqotdan mosuvo, kamerasini faqat oyoq va qo‘llari bandi etilgan holda tark etadi.

Hoakin  Gusman Jinoyat kodeksining 17 ta moddasi bo‘yicha aybli deb topilgan, xususan, «Narkotiklarni sotish va olib o‘tish», «Pullarni o‘zlashtirish», «Qotillik»da. Sud unga muddatidan avval ozod etish huquqisiz bir umrga qamoq jazosi va qo‘shimcha 30 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinlagan. Kamiga, sud talabiga ko‘ra, u $12,6 mlrd. jarima to‘lashi shart.

Ma’lumot uchun: Hoakin Gusman Amerika hukumati talabi bilan Meksikadan 2017-yilning yanvar oyida AQShga ekstraditsiya qilingan edi. Bungacha Gusman ikki marta, oxirgisida, 2015-yili Meksikadagi eng qattiq qo‘riqlanadigan Altiplano qamoqxonasidan qochib ketgandi. U sheriklari 10 metr chuqurlikda, 1,5 kilometr uzunlikda qazgan lahm orqali ozodlikka chiqqandi. Gusman 2016-yilning yanvarida Los-Mochis (Sinaloa shtati) shahrida tutilib, yana Altiplanoga qaytarilgan va qo‘riqlash kuchaytirilgan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring