Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

BMT Isroilning Sharqiy Quddusdagi xatti-harakatini qoraladi. Yana nima gap?

BMT Isroilning Sharqiy Quddusdagi xatti-harakatini qoraladi. Yana nima gap?

1. Bu masalada hatto AQSh ham yaqin ittifoqchiga e’tiroz bildirdi.

Foto: AA

Isroil politsiyasi ishg‘ol ostidagi Falastin yerlarida – Sharqiy Quddusning Shayx Jarroh mavzesida yashovchi oilalarni majburan ko‘chirishga kirishdi. Xonadon egalari haydab chiqarilib, turarjoy buldozer bilan tekislangan. Falastinliklarning uyi o‘rnida Isroil aholisi uchun uylar qurilishi rejalashtirilgan. Ishg‘ol ostidagi G‘arbiy sohil hamda Sharqiy Quddusdagi falastinlik oilalar uylarini buzish jarayoni keyingi paytlarda jadallashgani aytilmoqda. 

Shayx Jarroh mavzesidagi falastinliklarni majburan ko‘chirish haqidagi qaror 2017-yildan buyon bahslarga sabab bo‘lib keladi. Isroil tomoni hudud yahudiylarga tegishli ekanini da’vo qilmoqda. Xalqaro hamjamiyat esa falastinlik oilalar bu yerga BMTning qochqinlar ishlari bo‘yicha idorasi bilan kelishuv asosida joylashganini ta’kidlamoqda.

Isroil politsiyasi tomonidan Shayx Jarroh mavzesida kuni kecha olib borilgan operatsiya BMTning Yaqin Sharqdagi tinchlik jarayoni bo‘yicha maxsus muvofiqlashtiruvchisi Tor Vennesland tomonidan qoralandi.

BMTga ko‘ra, so‘nggi o‘n yilliklar davomida Sharqiy Quddusda 220 ming kishilik yahudiy qasabalari qurildi. Foto: AFP

«(Ishg‘ol ostidagi hududlarda) turarjoylar qurish xalqaro huquqqa zid noqonuniy harakat ekani va tinchlikka erishishga jiddiy to‘siq ekanini ta’kidlashni istardim. Isroil hukumatini turarjoylar qurishni zudlik bilan to‘xtatishga chaqiraman», – dedi BMT vakili T.Vennesland.  

Yevropa Ittifoqi ham Isroildan falastinliklarni ko‘chirish, uylarini buzish va yahudiy qasabalari barpo qilishni to‘xtatishni talab qildi. Bayonotda Sharqiy Quddusdagi falastinlik oilalarning o‘n yillar davomida yashab kelayotgan boshpanasidan chiqarib yuborilishi o‘zi shundoq ham murakkab muammoni battar chigallashtirishi ta’kidlanadi. Rasmiy Bryussel yahudiy turarjoylari qurish rejasi Quddusni har ikki davlat poytaxtiga aylanishi yo‘lidagi urinishlarni yo‘qqa chiqarishidan ham xavotirda. 

Keyingi yillarda Isroil–Falastin ziddiyatida butunlay birinchi tomon manfaatini himoya qilayotgan AQSh ham bu gal yaqin ittifoqchisini bosiqlik va vazminlikka chaqirdi. Qo‘shma Shtatlarning BMTdagi doimiy vakili Linda Tomas-Grinfild Shayx Jarrohdagi hodisalarni atayin zo‘ravonlik va nafrat qo‘zg‘ashga urinish o‘laroq baholab, har ikki tomon o‘zboshimcha qadamlardan tiyilishi kerakligini urg‘uladi.

BMTga ko‘ra, so‘nggi o‘n yilliklar davomida Sharqiy Quddusda 220 ming kishilik yahudiy qasabalari qurildi. Foto: AFP

Falastin tomoni Isroilni noqonuniy turarjoylar qurish orqali Quddusning tarixiy, huquqiy va etnik xaritasini o‘zgartirishga urinishda ayblamoqda. Qayd etilishicha, shu yo‘l bilan Sharqiy Quddusning Falastin poytaxti sifatida maqomini butkul tugatish ko‘zlanmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, Isroil Sharqiy Quddusni 1967-yili olti kunlik urushdan keyin egallab olgan. Ko‘plab mamlakatlar qarshi chiqayotganiga qaramay, Isroil ma’muriyati Quddus to‘lig‘icha ularga tegishli ekani va yaxlit poytaxt ekanini da’vo qilmoqda. Falastinliklar esa Sharqiy Quddus mustaqil davlatning bo‘lg‘usi poytaxti bo‘lishiga umid qiladi.

Falastinliklar noqonuniy buzish va qurilishlar sabab bir necha yildan buyon norozilik namoyishlari o‘tkazib kelmoqda. Avval xabar berganimizdek, hatto 2021-yil Ramazon oyining  Qadr kechasida ham zo‘ravonlik kuzatilgan.

O‘shanda vaziyatga BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish aralashib, Isroil hukumatini kuch ishlatmaslikka, falastinliklarni esa raketa hujumlari uyushtirmaslikka chorlagan edi. Xalqaro tashkilot bosib olingan hududlarda inson huquqariga rioya etish muhimligini ta’kidlab, yahudiy turarjoylarni kengaytirishni to‘xtatishga da’vat etib keladi. 

S.Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring