Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

BMT bosh kotibining sirli o‘limi

BMT bosh kotibining sirli o‘limi

Dag Hammarshyold.

Foto: BMT rasmiy sayti

U BMTning eng qudratli bosh kotiblaridan biri deya e’tirof etiladi. Nizolarni hal etishda ustasi farang bo‘lgan siyosatchi faoliyatining avj pallasida samolyot halokati tufayli yorug‘ olam bilan vidolashgan. Bosh kotibning sirli o‘limiga 60 yil to‘lmoqda, ammo mazkur fojia borasida taxminu farazlar tinganicha yo‘q.

Dag Hammarshyold (1905-1961) uzoq yillar Shvetsiya hukumatida mas’ul  vazifalarda ishlagan. 1953-yilda esa BMT bosh kotibligiga saylangan. U xalqaro tuzilma rahbari sifatida dunyoning turli mintaqalaridagi qonli ziddiyatlarni to‘xtatishga bel bog‘lagan.

1960-yilning 30-iyunida Afrikadagi Kongo mamlakati Belgiyadan mustaqil bo‘lganini e’lon qiladi. Mazkur o‘lkada uzoq yillar davomida to‘ralarcha hukm yuritgan Belgiya bebeliska boylikdan osonlikcha voz kechishni istamaydi. Bu yoqda esa o‘lka boyliklariga Buyuk Britaniya va AQSh ko‘z tikib turgan edi. Shu tariqa Kongo turli saltanatlar manfaati to‘qnashgan hududga aylanadi.

Katta davlatlarning qutqusi sabab mintaqada fuqarolar urushi xavfi yuzaga keladi. Moiz Chombe ismli isyonchi tabiiy resurslarga boy Katangi muzofoti markaziy hukumatdan ajralib chiqqanini e’lon qiladi.

BMT  bosh kotibi Dag Hammarshyold Afrika, xususan, Kongo boyliklari talon-toroj etilayotganini keskin tanqid qilib, ushbu o‘lkada tinchlik o‘rnatish uchun xalqaro tinchlikparvar harbiy bo‘linma tashkil qilgan edi. Moiz Chombe qo‘zg‘oloni esa vaziyatni battar murakkablashtirgan edi.  Shu bois Dag Xammarsheld isyonchilar bilan shaxsan o‘zi muzokara o‘tkazish uchun 1961-yil 17-sentyabrda Shimoliy Rodeziyaga (hozirgi Zambiya hududi) yo‘l oladi.

O‘sha kezlar belgiyalik yollanma uchuvchi Yan Van Rissegem isyonchi Katangi muzofoti armiyasi tarkibida jang qilayotgan edi. Yevropalik uchuvchi BMT bosh kotibi samolyotiga ham hujum qilishi mumkin edi. Shu sabab BMT delegatsiyasi Kongoda joylashgan AQSh va Buyuk Britaniya harbiylaridan yordam so‘raydi. Mazkur ikki davlat harbiylari uchuvchi Yan Van Rissegem BMT samolyotiga hujum qilmasligini bildirishadi. Ammo bosh kotibni manzilga eltayotgan uchoq Shimoliy Rodeziya hududida shubhali tarzda halokatga uchraydi. Oqibatda uchoqdagi 16 kishining bari, jumladan, BMT bosh kotibi ham halok bo‘ladi.

Samolyot halokati muhrlangan tarixiy kadr. Foto: «The New York Times»

Dastlabki tekshiruvlardan keyin halokatga texnik nosozlik yoki yog‘ilg‘i tugab qolgani sabab bo‘lgan deya xulosa berilgan. Ammo o‘tgan 60 yil davomida BMT bosh kotibi uchgan samolyot urib tushirilgani ehtimoli ham jiddiy muhokama qilib kelinmoqda. Jumladan, 2017-yilda BMT shafeligida o‘tkazilgan tekshiruvlar yakunida samolyot urib tushirilgan degan to‘xtamga kelingan. Qayd etilishicha, 1961-yil 17-sentyabrda, o‘sha mash’um fojia ro‘y bergan hududda AQSh va Buyuk Britaniya razvedka kuchlari va texnikasi bo‘lgan. Shunga ko‘ra BMT Bosh assambleyasi 2017-yil 24-dekabrda qo‘shimcha tekshiruvlar o‘tkazish haqida rezolyusiya qabul qilgan. Ushbu hujjatda sobiq bosh kotibning o‘limiga olib kelgan holatni haqqoniy taftish etish BMT a’zolarining burchi ekani ta’kidlangan.

BMT bosh kotibi dafn marosimi. Foto: «Vikipediya»

Mazkur sirli aviahalokatga bag‘ishlangan hujjatli filmda hikoya qilinishicha, belgiyalik yollanma uchuvchi Yan Van Rissegem o‘limi arafasida samolyotni urib tushirgani, ammo uchoqda BMT rahbari borligidan bexabar bo‘lganini aytgan.

Samolyot halokatiga SSSR hamda JAR ham aloqador ekani borasida ham farazlar mavjud. Taxminlar ko‘p, ammo oradan yillar o‘tsa-da, halokatga daxldor hujjatlar haligacha maxfiylik pardasi ortida qolmoqda. 

Sobir Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring