Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali mobil ilovasi va Face ID prototipi taqdimotini o‘tkazdi

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali mobil ilovasi  va Face ID prototipi taqdimotini o‘tkazdi

Foto: «Xabar.uz»

Bugun, 21-yanvar kuni Biznes va boshqaruv respublika oliy maktabida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining mobil ilovasi va Face ID prototipi taqdimoti o‘tkazildi.

Ta’kidlanishicha, mamlakatimiz aholisining 80 foizi mobil internetdan foydalanadi va shu jihatdan olib qaraganda, MyGov mobil ilovasining ishga tushirilishi interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatishda tashlangan muhim qadamdir.

Foto: «Xabar.uz»

Matbuot anjumanida My.gov.uz mobil ilovasining imkoniyatlari namoyish etildi va mobil ilovada faqatgina to‘liq avtomatlashtirilgan elektron xizmatlar, ya’ni davlat organlari xodimlari ishtirokisiz ko‘rsatiladigan xizmatlar joriy etilganligi aytib o‘tildi. Mazkur ilovalar orasidan yo‘l harakati qoidalarini buzganlik yuzasidan jarimalar, shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisob varag‘i holati haqida ma’lumot olish, STIRni aniqlash, ish haqi miqdorini tasdiqlash to‘g‘risidagi ma’lumotnoma olish, kommunal xizmatlar uchun to‘lovlar va boshqalar joy olgan.

Misol uchun, boshqa hech qayerda jarimalar bo‘yicha ma’lumot olish imkoniyati mavjud to‘laqonli xizmat ko‘rsatilmaydi. Faqatgina Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida YHQ buzilgani uchun belgilangan jarimalar bo‘yicha ma’lumotni bepul olish mumkin. Bunda mazkur xizmatdan foydalanish uchun ro‘yxatdan o‘tgandan so‘ng, jarimalar yozilgan taqdirda ular to‘g‘risidagi malumotlar avtomatik tarzda taqdim etiladi.

Mobil ilova ishlash jarayonida unda ko‘rsatib boriladigan elektron xizmatlar soni oshirib boriladi.

O‘tgan 2019-yil davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi huzuridagi Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi va Yagona integrator UZINFOCOM hamkorlikda My.gov.uz portalida 49 ta elektron davlat xizmatini joriy etgan. Ulardan 5 tasi to‘liq avtomatlashtirilgan (pensiya to‘g‘risida ma’lumot, oylik maosh to‘g‘risida ma’lumot, jarimalar va hokazolar).

Ma’lum qilinishicha, hozirda o‘z ichiga tug‘ilishni ro‘yxatga olish, farzand tug‘ilganda bir martalik nafaqa to‘lanishi, bolani maktabgacha ta’lim muassasasiga ro‘yxatga qo‘yish kabi xizmatlarni olgan kompozit xizmatni joriy etish ustida ishlar olib borilyapti. Bunday xizmatlarni yo‘lga qo‘yishdan maqsad davlat organlariga qayta-qayta borish va navbatlar kutish amaliyotini yo‘q qilishga qaratilgan, deyilmoqda.

Android-qurilmalar uchun MyGov ilovasini ushbu havola orqali yuklab olish mumkin:

Ayni kunlarda mobil ilovaning iOS talqinini ishlab chiqish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Skrinshot

Mobil ilovada quyidagi funksional imkoniyatlar mavjud:

  • Kalit so‘zlar bo‘yicha qidiruv;
  • Xizmatdan foydalanish uchun yuborilgan arizalarning holati bilan tanishuv;
  • Nomingizda bo‘lgan transport vositalari va ko‘chmas mulk ob’yektlarini kiritish;
  • Davlat xizmatlari markazlarining joylashuvi to‘g‘risida geolokatsiya ma’lumotlarini olish.

2020-yil davomida biometrik ma’lumotlar asosida masofadan turib qulay usulda autenfikatsiya qilishni joriy etish rejalashtirilgan. Bunday usul elektron xizmatlardan masofadan turib oson va qulay foydalanish imkoniyatini yaratadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring