Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

TATUda akademiklar soni yana ikki nafarga ko‘paydi

TATUda akademiklar soni yana ikki nafarga ko‘paydi

Foto: «Xabar.uz»

Bugun, 18-mart kuni Toshkent axborot texnologiyalari universitetida Xalqaro axborotlashtirish akademiyasining haqiqiy a’zosi deb saylangan mazkur oliy o‘quv yurtining ikki nafar vakili — Tuyg‘un Nishonboyev va To‘lqin Teshaboyevga akademiklik guvohnomalari topshirildi.

Marosimda O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov, O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inomjon Majidov va Qozog‘iston tabiiy fanlar milliy akademiyasi akademigi M.Yaqubovalar qatnashdi.

– Toshkent axborot texnologiyalari universitetida akademiklar soni to‘rtta edi, endi olti nafarga yetganidan xursandmiz, – dedi AKT vaziri Shuhrat Sodiqov. – Albatta, bu davlatimiz rahbarining ilm-fanga qaratayotgani e’tibori natijasidir. Universitet jamoasi AKT sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlash yo‘nalishida doimo peshqadam bo‘lishi kerak. Bu borada ularga omad tilaymiz.

Foto: «Xabar.uz»

Eslatib o‘tamiz, 1955-yili tashkil etilgan Toshkent elektrotexnika instituti 2002-yili Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga aylantirilgan. 2005-yildan boshlab universitetning Qarshi, Nukus, Samarqand, Urganch va Farg‘ona filiallari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Bugungi kunda universitet uzoq va yaqin xorijiy OTMlar bilan hamkorlik qiladi. Jumladan, Qozog‘iston Respublikasining Olmaota energetika va aloqa universiteti bilan 2017-yili hamkorlik kelishuvi imzolangan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring