Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Husan Nabiyev: «Telekommunikatsiyani takror tanlagan bo‘lardim»

Husan Nabiyev: «Telekommunikatsiyani takror tanlagan bo‘lardim»

Husan Nabiyev.

Tez o‘zgarib borayotgan davrda kompaniya uchun eng muhim manba – inson manbasi. Bugungi kunda «COSCOM» MChJda (Ucell savdo belgisi) bir yarim mingdan ortiq xodim faoliyat olib boradi. Kompaniya uchun barchaning ishi muhimdir. Xodimlar muvaffaqiyati esa katta g‘urur.

Radio ulanish tarmog‘i bo‘limi boshlig‘i Husan Nabiyev mamlakatning axborot-kommunikatsiya majmuasini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining faxriy yorlig‘i bilan taqdirlandi. Bir paytlar faoliyatini Call-markaz operatori sifatida boshlagan. Bugungi kunda tirishqoqlik, tinimsiz mehnat va o‘z kasbiga muhabbat tufayli butun mutaxassislar guruhiga rahbarlik qilmoqda.

– Kasbiy martabangiz haqida aytib bering. Qanday qilib telekommunikatsiya sohasiga kirib kelgansiz?

– Bolaligimdan turli xil jihozlarni ta’mirlash, mashinalar va turli konstruksiyalarni yig‘ishni yaxshi ko‘rardim. Kasbni tanlash vaqti kelganida, texnik yo‘nalishi bo‘yicha o‘qish istagim aniq edi.

2003 yilda men Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye fakultetiga o‘qishga kirdim.

O‘qishni tugatgandan so‘ng birinchi vazifam – Beeline kompaniyasida Call-markaz operatori. Abonentlar bilan ishlab men bebaho aloqa tajribasiga ega bo‘ldim va odamlarning ehtiyojlarini tushunishni o‘rgandim. Kuniga 400 tagacha qo‘ng‘iroqlarni qabul qilardim. O‘sha paytda o‘zlashtirgan suhbat olib borish ko‘nikmalari kelajakda juda foydali bo‘ldi.

Yetti oy o‘tgach, men radio tarmoqlarini rejalashtirish va optimallashtirish bo‘limiga muhandis sifatida o‘tdim va u erda 4 yildan ortiq tajribaga ega bo‘ldim. Shunday qilib, texnik mutaxassis sifatida mehnat faoliyatim boshlandi. Ucellga kirishdan oldin ZTEda ham ikki yil ishlaganman. Bugun biz ular bilan faol hamkorlik qilib, qo‘shma loyihalarni amalga oshirmoqdamiz. Shuning uchun, aytishim mumkinki, yengib o‘tilgan har bir qadam o‘ziga xos ahamiyatga ega.

2014 yilda Ucell kompaniyasiga keldim va so‘nggi olti yil davomida shu erda ishlamoqdaman. Faoliyatimni oddiy muhandis sifatida boshlaganman, asta-sekin bo‘lim boshlig‘i bo‘ldim. Bunda hamkasblar va rahbariyatning qo‘llab-quvvatlashi katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Bugungi kunda boshchiligimda radio ulanish tarmoqlari bo‘limining o‘n to‘rtta mutaxassisi xizmat qilmoqda.

– Faoliyatingiz nimasi bilan ajralib turadi?

– Tadqiqotlarga ko‘ra ishdan qoniqish va uning ahamiyatini anglash kasb tanlashda oxirgi o‘rinni egallamas ekan. Aloqachining ishi zamonaviy dunyoda eng dolzarb ishlardan biri bo‘lsa kerak, u butun insoniyatga foyda keltiradi. Biz har kuni yuzlab abonentlarni ulaymiz, tarmoqning uzluksiz ishlashini ta’minlaymiz va odamlar uchun qulaylik yaratamiz.

Men ikki baravar omadli bo‘lsam kerak: telekommunikatsiyalarda ishlash nafaqat foydali, balki juda qiziq. Biz ko‘rish yoki ushlash mumkin bo‘lgan narsa bilan ishlamaymiz. Masalan, tayanch stansiyani olaylik, inson ko‘zi faqat antenalar bilan temir qurilmani ko‘ra oladi, biroq uning atrofida ko‘plab jarayonlar sodir bo‘ladi. Bu radio to‘lqinlarining katta va ajoyib dunyosi. Ko‘chada sayr qilib yurgan odamlar ularni o‘z qonunlari va jarayonlari bor maxsus muhit o‘rab turganini bilmaydilar. Ushbu muhitda biz ma’lumotlarni uzatamiz. Bularning barchasini o‘rganib chiqqach, ushbu jarayonlarni ko‘rishni va tasavvur qilishni boshlaysiz. Dunyo o‘zgacha ko‘rina boshlaydi.

– Radioaloqa sohasida ishlashni boshlash uchun qanday asosiy bilimlar talab qilinadi? Yo‘nalishda tahsil olish qanchalik muhim?

– Eng avvalo, qiziqish bo‘lishi kerak. O‘rganayotgan sohangiz sizga qiziqarli bo‘lsagina muvaffaqiyatga erishishingiz mumkin. Tabiiyki, dastlabki bosqichda egallashingiz kerak bo‘lgan bir qator asosiy ko‘nikmalar mavjud. Shular qatorida aniq fanlarni yaxshi tushunishdir: matematika va fizika, shuningdek chet tilini bilish. Texnik sohada juda katta miqdordagi adabiyotlar ingliz tilida yozilgan. Texnologiyalar juda tez rivojlanmoqda va kecha muhim bo‘lgan narsa, bugun foydasiz bo‘lishi mumkin. Xabardor bo‘lish va rivojlanish uchun xorijiy manbalarni o‘qish kerak. Bundan tashqari, aksariyat sheriklar bilan biz ingliz tilida muzokaralar olib boramiz.

Ta’lim sohasiga kelsak, bugungi kunda bizning mamlakatimizda ham davlat, ham chet ellik IT-sohasida ixtisoslashgan o‘quv yurtlarining soni juda ko‘p. Bular – Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent shahridagi Inha universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti, Turin politexnika universiteti va boshqalar. Oliy ma’lumot albatta kerak.

– Vazifalarni o‘z vaqtida bajarish uchun jamoani qanday boshqarish lozim?

– Har bir xodim rahbar uchun qadrlidir. Mening o‘qituvchilarim – rahbarlarim. Yaxshi xo‘jayin har bir guruh a’zosining kuchli va zaif tomonlarini biladi va qobiliyatlarga qarab vazifalarni taqsimlaydi.

Ishda, barchaga teng miqdorda vazifa yuklashga harakat qilaman.

Bundan tashqari, yozuvlar olib borish juda muhimdir. Ko‘pgina xodimlar masofaviy ish tarziga o‘tishganligi sababli, karantin paytida bu ayniqsa zarur ekanligi isbotlandi. Bizning jamoamiz qisqa va uzoq muddatli maqsadlarni o‘z oldiga qo‘yadi. Kun davomida ham aloqada bo‘lamiz. Bu menga ishni muvofiqlashtirishga va rivojlanishni kuzatishga yordam beradi. Asosiy ko‘nikmalar shu.

– 20 yoshlik paytingiz qaytsa, o‘zingizga qanday maslahat bergan bo‘lardingiz?

– Murakkab savol. Oddiy, ammo muhim: «Ko‘proq o‘qi va kamroq sayr qil». Hali ham o‘rganadigan narsalarim ko‘p. Barchasini qayta boshlash uchun yana bir imkoniyat bo‘lganda, yana telekommunikatsiyani tanlagan bo‘lardim.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring