Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shuhrat Sodiqov senatorlarning savollariga javob berdi

Shuhrat Sodiqov senatorlarning savollariga javob berdi

Foto: «Mitc.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oltinchi yalpi majlisi doirasida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov senatorlar tomonidan berilgan savollarga javob berib, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga ham to‘xtalib o‘tdi.

Ta’kidlanganicha, O‘zbekiston prezidentining farmoni (2020-yil 2-mart, PF-5953-son) bilan tasdiqlangan Harakatlar strategiyasini «Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi ijrosini tashkil etish maqsadida vazirlikning tarmoq dasturi ishlab chiqilgan va tasdiqlangan.

Shu munosabati bilan bugungi kunda vazirlikning 2020-yildagi eng ustuvor vazifalaridan biri, ijtimoiy soha ob’yektlari — umumta’lim maktablarini 70 foiz, maktabgacha ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalarini yil oxirigacha 100 foiz tezkor internetga ulash vazifalari turibdi.

Telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish borasida yirik loyihalar amalga oshirilyapti. Bugungi kunda internetga keng polosali ulanish bo‘yicha 490 mingta port o‘rnatildi, portlarning umumiy soni 2,5 milliontaga yetkazilgan.

9 ming kilometrga yaqin optik tolali aloqa liniyalari qurilib, optik aloqa liniyalari kengaytirilmoqda.

Ma’lumotlar uzatish tarmog‘ining o‘tkazuvchanlik qobiliyati viloyat markazlari darajasida ikki baravarga, tuman markazlari darajasida to‘rt baravarga oshirilgan.

Mobil aloqa qamrovini kengaytirish maqsadida 1 375 ta mobil aloqa baza stansiyasi o‘rnatilib, ularning jami soni 27,4 mingtaga yetkazildi va aholi maskanlarida mobil aloqa qamrovi 97 foizni, yuqori tezlikdagi mobil internet qamrovi 78 foizni tashkil etdi.

Aholining keng polosali mobil internet xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida «O‘zbektelekom» AK «O‘zmobayl» filiali tomonidan mavjud 1 000 dan ortiq baza stansiyalari keng polosali texnologiyalar asosida modernizatsiya qilingan.

Jizzax erkin iqtisodiy zonasida janubiy koreyalik hamkorlar bilan birgalikda loyiha qiymati 11 million dollarlik, yillik quvvati 50 ming kilometr optik tolali kabel mahsulotlarini ishlab chiqarish zavodi ishga tushirilgan.

Telekommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish ishlari asosida bugungi kunga qadar 19 341 ta ijtimoiy soha ob’yektidan 11 595 tasida (60 foiz), jumladan, xalq ta’limi ob’yektlarining 5 659 tasida (56 foiz), maktabgacha ta’lim muassasalarining 3 723 tasida (65 foiz) va sog‘liqni saqlash ob’yektlarining 2 213 tasida (63 foiz) optik tolali aloqa liniyalari asosida yuqori tezlikdagi internet xizmatlaridan foydalanish imkoniyati yaratilgan.

Telekommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish maqsadida yil yakuniga qadar 153,7 million dollar miqdoridagi loyihalarni amalga oshirish belgilangan.

Bugungi kunda aholi va tadbirkorlik sub’yektlarining davlat organlari bilan kontaktsiz aloqa shakllarini yanada takomillashtirish maqsadida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali ((https://my.gov.uz) joriy etilgan. Bugungi kunda Yagona portal orqali 200 dan ortiq elektron davlat xizmatlari taqdim etib kelinmoqda.

Ushbu xizmatlar bo‘yicha yil boshidan beri 1,4 millionta yoki o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8,1 foizga ko‘p ariza kelib tushgan.

Yagona portalda joriy qilinadigan va takomillashtiriladigan ommabop davlat xizmatlari ro‘yxati tasdiqlangan bo‘lib, ularni amalga oshirish natijasida yil yakuniga qadar umumiy xizmatlar soni 230 tadan oshadi.

Jumladan, ko‘chmas mulkni ijaraga berish shartnomalarini ro‘yxatdan o‘tkazish, fuqarolarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy ro‘yxatga olish, ish stajini tasdiqlash haqida arxiv ma’lumotnoma olish xizmatlari joriy qilinishi hamda arxitektura-rejalashtirish topshirig‘ini olish, kadastr pasportini ro‘yxatdan o‘tkazish, ipoteka kreditlari bo‘yicha davlat subsidiyasini olish xizmatlarining takomillashtirilishi rejalashtirilgan.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining ma’ruzasini yutub-kanalda ushbu havola orqali ko‘rish mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring