Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qishloq xo‘jaligida innovatsion texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha seminar o‘tkazildi

Qishloq xo‘jaligida innovatsion texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha seminar o‘tkazildi

Foto: «Senat.uz»

2021-yil 1-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi tomonidan «Qishloq xo‘jaligida innovatsion texnologiyalarni qo‘llash, «Aqlli qishloq xo‘jaligi» (Smart agriculture) loyihalarini amalga oshirish hamda sohada kadrlar salohiyatini yuksaltirish istiqbollari» mavzusida seminar o‘tkazildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati xabar berdi.

Seminarda O‘zbekistonda «Smart» qishloq xo‘jaligini joriy etish bo‘yicha tahliliy ma’lumot taqdim qilindi. Xususan, qishloq xo‘jaligining hozirgi holati, «Smart» («aqlli») qishloq xo‘jaligini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bilan integratsiyasi, bunda xorijiy tajribaning o‘rganilgani, unga to‘siq bo‘luvchi muammolar, O‘zbekiston iqtisodiyotini raqamlashtirish dasturi to‘g‘risida so‘z yuritildi.

Respublika bo‘yicha jami 87 406 fermer va 4,7 mln dehqon va tomorqa xo‘jaliklari faoliyat yuritilishi ta’kidlanib, 2018-yildan boshlab agrar sektorida bozor munosabatlarini shakllantirish chora-tadbirlarini izchil amalga oshirish natijasida ishlab chiqarishning klaster shakli joriy etilgani qayd etildi.

Xozirda Respublikada jami 96 ta paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyat yuritmoqda. Ular tomonidan 2020-yilda 906 313 gektar yer maydoniga paxta xom ashyosi yetishtirildi. Bu Respublikadagi paxta xom ashyosi yetishtiradigan umumiy yer maydonining 87,7 foizini tashkil etadi.

Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi yerlari mahsuldorligi va mehnat unumdorligi ko‘rsatkichlari 2000-yilga nisbatan uch barobardan ziyodroqqa ortib, qishloq xo‘jaligida mehnat unumdorligi oshgan bo‘lsa-da, iqtisodiyotning boshqa tarmoqlariga nisbatan past sur’atlarda o‘sishi ta’kidlandi.

Mamlakatimizda eksport salohiyatini kengaytirish, yangi bozorlarni o‘zlashtirish natijasida meva-sabzavot mahsulotlari, uzum, poliz, dukkakli ekinlar, shuningdek, quritilgan sabzavot va mevalarni eksport qilish hajmi oshib bormoqda.

Ekspertlarning baholashicha, qishloq xo‘jaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchi mavsum davomida (qisqa muddatlarda) 40 tadan ortiq turli yechimlarni qabul qilmoqda. Bu yechimlarning aksariyati raqamlashtirish ob’yekti hisoblanib, bevosita ishlab chiqarish samaradorligiga ta’sir qilmoqda.

Hozirgi vaqtda qishloq xo‘jaligi mineral o‘g‘itlarning va o‘simliklarni himoya qilish vositalarining yetishmovchiligi yoki me’yordan ko‘p ishlatilishi, biologik xilma-xillikning yomonlashuvi, qurg‘oqchilik, cho‘llanish va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bilan bog‘liq ko‘plab muammolarga duch kelmoqda. Mutaxassislarning hisob-kitobiga ko‘ra ekish, yetishtirish, saqlash va tashishda hosilning 33 foizi yo‘qotilmoqda.

Shu o‘rinda mavjud yer, suv, moddiy-texnika va mehnat resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlovchi «smart» qishloq xo‘jaligi yoki «aqlli qishloq xo‘jaligi» (keng tarqalgan «smart farming», «smart agriculture» tushunchalari) texnologiyalari muhim ahamiyat kasb etadi.

So‘nggi davrda iqtisodiyotni raqamlashtirish borasida tizimli choralar ko‘rilmoqda, davlat organlari va tashkilotlarda elektron hujjat aylanish tizimi bosqichma-bosqich joriy etilmoqda, elektron to‘lovlar va elektron tijorat sohalari rivojlanib, ularning normativ-huquqiy bazasi takomillashmoqda.

Ammo «Smart» qishloq xo‘jaligini joriy etish jarayonida bir qancha to‘siq bo‘luvchi muammolar mavjudligi qayd etildi. Malakali kadrlarning yetishmasligi, qishloq joylarida infratuzilmalarning yetarli darajada rivojlanmaganligi, qishloq xo‘jaligida axborot texnologiyalarni o‘zlashtirishning normativ-huquqiy asosi mavjud emasligi shular jumlasidandir.

Tadbir ishtirokchilari raqamli texnologiyalarning agrosanoat majmuida qo‘llanilishi qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining rentabelligini xarajatlarni aniq (nuqtaviy) maqbullashtirish va mablag‘larni yanada samarali taqsimlash hisobiga oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasida «Aqlli qishloq xo‘jaligi» texnologiyasini joriy etish konsepsiyasini ishlab chiqish lozimligini qayd etdi.

Bu esa o‘z navbatida qishloq xo‘jaligi ekin yerlari va suvdan samarali foydalanishda raqamli texnologiyalarni, intensiv bog‘lar tashkil etish, bog‘larni avtomatik tarzda boshqarish texnologiyalarini, issiqxona xo‘jaliklarida avtomatlashtirilgan, kompyuterlashtirilgan intellektual texnologiyalarni, chorvachilik va parrandachilik sohasiga robotlashtirilgan, avtomatlashtirilgan va kompyuterlashtirilgan texnologiyalarni, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash jarayonlariga, logistika va sotish markazlarida raqamli texnologiyalarning joriy etilishiga xizmat qiladi, deyiladi xabarda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring