Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qashqadaryoda ilk «Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi» ochildi

Qashqadaryoda ilk «Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi» ochildi

Foto: Aftondil Ismoilov

Viloyatning Kasbi tumanida Prezidentning beshta muhim tashabbusi doirasida «Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi» ochildi.

Markaz uchun «O‘zbektelekom» AK Qashqadaryo filiali Kasbi telekommunikatsiya bog‘lamasiga qarashli bo‘sh turgan telefon stansiyasining binosi ajratilib, to‘liq ta’mirdan chiqarildi va muassasaning to‘laqonli faoliyat ko‘rsatishi uchun zarur jihoz hamda texnologik vositalar bilan jihozlandi.

Foto: Aftondil Ismoilov

Ma’ruzalar zali va kompyuterlashtirilgan o‘quv xonasida telekommunikatsiya korxonalari xodimlarining malakasi hamda yangi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha ko‘nikmalarni oshirish, yoshlarga axborot texnologiyalari va elektron tijorat sohasida innovatsion tadbirkorlik asoslarini o‘rgatish, axborot texnologiyalari sohasida startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlashning zamonaviy hamda samarali mexanizmlarini yaratish, kompyuter texnologiyalari, dasturlash, robototexnika va kibersport asoslarini o‘rgatish uchun zarur sharoitlar yaratildi.

Foto: Aftondil Ismoilov

Ochilish marosimida Kasbi tumani hokimi To‘xtamurod Meyliyev, vazirlikning hududiy boshqarma boshlig‘i Sanjar Aripov, IT-markazi direktori Nodir Alibekov, shuningdek, jamoatchilik vakillari, xalq ta’limi bo‘limi mutasaddilari, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasi korxona, tashkilot hamda kompaniyalari vakillari va o‘quvchilar ishtirok etishdi.

Foto: Aftondil Ismoilov

— Bugun jamiyat taraqqiyotini axborot kommunikatsiya texnologiyalarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Tabiiyki, soha bo‘yicha yetuk mutaxassislar tayyorlash tizimini ham davr talabiga hamqadam tarzda takomillashtirib borish vazifasi qo‘yilmoqda, — deydi IT-markazi direktori Nodir Alibekov. — Ayniqsa, barcha jabhalarda raqamli texnologiyalar jadal tatbiq etilayotgan bugungi kunda bu masalada faqat oliy va maxsus o‘quv yurtlariga suyanib qolmasdan, mutaxassislar tayyorlashning intensiv, innovatsion usullaridan ham keng foydalanish taqozo etilmoqda.

Foto: Aftondil Ismoilov

Ushbu markaz yoshlarning bo‘sh vaqtini unumli o‘tkazish, ularni zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalana olish ko‘nikmalarini oshirishga ko‘mak beradi. Markaz kompyuterlar va zarur jihozlar, Wi-Fi hududi bilan ta’minlanib, endilikda unda tuman yoshlariga axborot texnologiyalari, dasturlash, robototexnika, kibersport asoslari va elektron tijorat kabi yo‘nalishlarda bilim va ko‘nikmalar beriladi.

Respublikamiz bo‘ylab (viloyat va tumanlarda) 188 ta shunday markaz tashkil etilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, uning yigirma uchinchisi Kasbida o‘z faoliyatini boshladi.

Aftondil Ismoilov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring