Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezidentlar qanday telefonlardan foydalanishadi: Obama, Bayden, Makron, Putin va boshqalar

Prezidentlar qanday telefonlardan foydalanishadi: Obama, Bayden, Makron, Putin va boshqalar

Realdan onlaynga ko‘chayotgan hayotni smartfon va planshetlarsiz tasavvur qilish qiyin. Eng so‘nggi modeldagi bu qurilmalardan foydalanishni davlat rahbarlari ham istashadi, albatta. Ammo har doim ham ularning aytgani bo‘lavermaydi.

Prezidentlar foydalanuvidagi istalgan elektron qurilma — xakerlar uchun «birinchi raqamli» nishon.

Shunga qaramasdan, deyarli har bir prezident yo bosh vazirning o‘z yon telefoni bor. «Korrespondent» yangiliklar portali dunyoning eng kuchli siyosatchilari (sobiq va amaldagi) qanaqa qurilmalardan foydalanishlariga qiziqdi.

Obamaning «aypadi»

Foto: BBC

2009-yili, AQSh prezidenti bo‘lganidan keyin ham Barak Obama o‘zi o‘rganib qolgan «Blackberry» smartfonidan anchagacha ko‘ngil uzolmagan, hatto xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilari bilan «meni tinch qo‘yinglar deb» bir necha haftagacha jiqqamusht bo‘lgan.

BBC ma’lumotiga ko‘ra, oxir-oqibat bir necha hamkasbi va do‘stlari bilan aloqada bo‘lib turishi uchun Obamaga istisno tariqasida eski telefonini olib qolishga ruxsat berishadi.

2010-yili «iPad» dunyo yuzini ko‘rdi, turgan gapki, Barak Obama shunaqasidan istab qoldi. Prezidentning xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilari uning uchun maxsus, oddiy «aypad»dan xavfsiz va «kuchaytirilgan» «ObamaPad» yasatishadi. Uning qo‘l ostidagilar ham shunaqa planshetlar bilan ta’minlanadi.

Aytishlaricha, Obamaning «aypadi»da Wi-fi bo‘lmagan — «kuchaytirilgani» shu.

Trampning «ayfoni»

Foto: «Hi-Tech.Mail.ru»

Yaqin-yaqingacha sobiq prezident Donald Tramp «Twitter» yulduzi edi. U uzoq vaqt faqat «Twitter» va yangiliklar saytlarini ko‘rsatadigan brauzer o‘rnatilgan maxsus «iPhone»dan foydalandi.

Yana bir «iPhone»dan esa faqat qo‘ng‘iroq qilgan.

Oq uy ichki protokoliga muvofiq, prezident har oy, xavfsizlikni ta’minlash uchun, telefonini yangilashi kerak. Biroq bu «juda noqulay» degan vaj bilan Tramp aytganidan qolmagan.

CNN 2019-yilning dekabrida garchi boshqa mamlakatlardan turib kuzatish xavfi tug‘ilsa-da, Tramp eski shaxsiy telefonidan foydalanayotganini yozgandi.

Baydenning trenajyori

Foto: «Yahoo News»

AQShning hozirgi prezidenti Jo Bayden «Apple Watch» soatini taqib yurganini ko‘rishgan. U, shuningdek, displey, kamera va mikrofonli (hammasi internetga ulangan) «Peloton» velotrenajyoridan foydalanadi. Albatta, trenajyor yangi prezidentning qo‘riqlash xizmatida savollar uyg‘otdi.

Baydenning biografi Evan Osnos aytishicha, AQShning yangi prezidenti «Apple News» ilovasidan foydalanadi. Bu ham muammo tug‘dirishi mumkin, chunki xakerlardan himoyalash eng qiyini — dasturiy ta’minot.

Makronning o‘zgacha telefoni

Foto: «Ercom.fr»

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron «Thales» mudofaa kompaniyasi ishlab chiqqan o‘ta himoyalangan harbiy kriptografik mobil telefon ishlatadi. Bundan tashqari, fransuz OAVlari 2017-yili yozishicha, u shaxsiy maqsadlarda maxsus himoyali «iPhone» va «Samsung Galaxy S7 edge»dan foydalangan.

Merkel ham «Blackberry» ishqibozi

Foto: «BlackBerrys.ru»

Angela Merkel doim «Blackberry» brendi muxlisi bo‘lib kelgan. 2014-yildagi xabarda nemis kansleri kriptochip bilan chetdan eshitishdan himoyalangan «Q10» modelini ishlatishi aytiladi.

Bundan tashqari, Germaniya birinchi shaxslarining smartfonlari xavfsizligi bilan Dyusseldorfning «Secusmart» kompaniyasi shug‘ullanishi haqida ma’lumotlar bor. Kompaniya «birinchi raqamli» smartfonga shifrlash uchun dasturiy ta’minot, begonalardan axborotni himoyalovchi maxsus microSD kartalar o‘rnatadi.

Smartfonsiz Putin

Foto: «iGuides»

Rossiya prezidenti shaxsiy smartfoni yo‘qligini ko‘p bora takrorlagan. Uning matbuot kotibi Dmitriy Peskov bir necha yil avval shunday degandi: «Smartfondan foydalanish «to‘liq shaffoflik» degani, davlat rahbari bilan bunday bo‘lishi mumkinmas».

O‘sha Peskov «eski qadrdon telefonlar (hukumatning yopiq aloqa vositalarini ko‘zda tutgan) barcha smartfonlardan umrboqiydir» degani ham esimizda.

Zelenskiyning «ayfoni»

Foto: «Strana»

2020 yili Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy «iPhone 11 Pro» ishlatishi ma’lum bo‘lgandi. Nashr Zelenskiy smartfonni alaqachon yangilagan, degan talqinni ilgari surgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring