Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Portal ish vaqtini behuda ketkizishdan boshqasiga yaramayapti!

Portal ish vaqtini behuda ketkizishdan boshqasiga yaramayapti!

Foto: skrinshot

Bilasizmi-yo‘qmi, internetda Davlat ochiq ma’lumotlar portali faoliyat yuritadi. O‘zbekistonning «Ochiq ma’lumotlar global indeksi» va «Ochiq ma’lumotlar barometri» xalqaro reytinglaridagi ishtirokini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadigan portal.

Portal statistikasiga ko‘ra, unga 137 ta tashkilot tomonidan joylashtirilgan salkam 6.5 mingta ochiq ma’lumotlar shu vaqtga qadar 5 mln. marotaba yuklab olingan.

Prezident qaroriga muvofiq, portalga axborotlarni joylashtirish va yangilashni Statistika qo‘mitasi muvofiqlashtiradi, portalni texnik qo‘llab-quvvatlash va uzluksiz ishlab turishini ta’minlash uchun Loyiha boshqaruvi milliy agentligi javobgar hisoblanadi.

Portaldagi axborotlar faqat davlat organlari va tashkilotlarining respublika darajasidagi yuqori turuvchi tuzilmalari tomonidan o‘zbek, rus va ingliz tillarida, shu jumladan mashinada o‘qiladigan va boshqa formatlarda e’lon qilinadi.

Ma’lumki, bu yilgi Davlat dasturida vazirlik va idoralarda — belgilangan shtatlar soni doirasida xalqaro reytinglar bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish va «Elektron hukumat» tizimini joriy etish uchun mas’ul bo‘lgan ixtisoslashgan tarkibiy bo‘linmalar tashkil etish yuklatilgan edi. Portalga axborotlarni joylashtirish ham aynan ushbu bo‘linmalarga yuklandi.

Savol: vazirlik va idoralardan ushbu bo‘linmalar to‘liq tashkil qilindimi o‘zi? Nega unda ayrim tashkilotlarda ochiq ma’lumotlar bilan ishlash axborot texnologiyalar bo‘yicha ma’sullarga, boshqalarida esa matbuot xizmatlariga yuklanmoqda?

Prezident qarorida portal bilan davlat organlarining idoraviy axborot tizimlari va resurslarini integratsiya qilish nazarda tutilgan va bu bo‘yicha aniq muddatlar belgilangan.

Integratsiya nima degani? Vazirlik va idoralar ochiq ma’lumotlarni olib, unga Exselda ishlov berib, csv formatga o‘girib, so‘ngra faylni portalga yuklashlariga hojat yo‘q degani! (Oh, buning uchun matbuot xizmatidagi xodim qancha vaqt sarflashini bilsangiz edi?) Tizimdan olingan axborot onlayn ravishda portalda namoyon bo‘ladi va avtomatik yangilab boriladi. Natijada, mas’ul xodimning ish vaqti tejaladi.

Ammo, portalning hozirgi holatida  hattoki, vazirlik va idoralar saytlarida ularning axborot tizimlaridan avtomatik ravishda olinib, rasmiy saytlarida e’lon qilinayotgan ma’lumotlarga o‘tish uchun Portalda shunchaki havola joylashtirish imkoni ham yo‘q.

Ma’lumotlarni 3 tilda joylashtirishning tavsiya qilinayotgan «usuli»ga esa ortiqcha ta’rif shartmas! Endilikda ma’lumotning nomlanishi ham, uning ichidagi ma’lumotlar ham bir faylning o‘zida 3 tilda berilishi kerak.

Masalan, Tashkilot nomi/Nazvaniye vedemostva/The name of the bridge

Tasavvur qilyapsizmi, masalan, O‘zbekiston haqida material tayyorlash istagidagi amerikalik jurnalist Ochiq ma’lumotlar portalimizga kirib, o‘zi qiziqqan ma’lumotni yuklab oldi.

Endi uning ichidagi o‘zbekcha va ruscha so‘zlarni erinmay o‘chirib chiqishi kerakmi?

Unda fayllarning asosiy qismini tashkil qiluvchi mashina o‘qiladigan formatda joylashtirilishi o‘z ahamiyatini yo‘qotadi-ku!

Chunki, fikri ojizimcha, fayllarning ushbu formatda bo‘lishi ularga ortiqcha ishlov bermasdan turib, foydalanishni nazarda tutadi. Tegishli dasturlarda ushbu formatdagi ma’lumotlar bilan ishlash orqali infografikalar va boshqa tahliliy mahsulotlar tayyorlanadi.

Kim nima desa desinu, Portalga ochiq ma’lumotlarni joylashtirishning hozirgi shakli va tartibi vazirlik va idoralardagi ijrochi xodimlarning ish vaqtini behuda sarflashdan boshqasiga yaramayapti!

Husen Tangriyev

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring