Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘zbektelekom» AK: «15-fevraldan boshlab mobil internet tezligi 2 baravar oshirildi»

«O‘zbektelekom» AK: «15-fevraldan boshlab mobil internet tezligi 2 baravar oshirildi»

Foto: «Mitc.uz»

«O‘zbektelekom» AK o‘z tarmog‘ini kengaytirish va modernizatsiya qilish bo‘yicha loyihalar ustida ish olib borayotganligini ma’lum qildi. Bu haqda AKT vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Tarmoqni modernizatsiya qilishdan asosiy maqsad taqdim etilayotgan xizmatlar sifatini, shu jumladan mobil internet tezligini oshirishdir, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, modernizatsiya ishlari kompaniyaning asosiy kommutatsion tarmog‘ida bir necha bosqichlarda olib boriladi:

  • Qurilmalarni o‘rnatish
  • Qurilmalarni sinovdan o‘tkazish
  • Qurilmalarni sozlash
  • Qurilmalarni ishga tushirish

Ta’kidlanishicha, bu juda muhim va ma’lum vaqt talab qiladigan jarayon bo‘lib, ushbu jarayon davomida mavjud texnik vositalar yangi avlod uskunalariga almashtiriladi. Loyiha bo‘yicha asosiy ishlar aloqa xizmatlari sifati yomonlashishi xavfini kamaytirish maqsadida tungi vaqtda amalga oshiriladi.

Kompaniya olib boriladigan ishlarning bir qismi kunduzgi vaqtda ham aloqa sifatiga ta’sir qilishi mumkinligi haqida ham ogohlantirmoqda.

«Ushbu cheklanishlar vaqtinchalik va qisqa muddatlarda bartaraf etiladi. Keltirilgan noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz», deyiladi xabarda.

«Yaqin kunlarda ushbu loyiha bo‘yicha ishlar yakuniga yetkaziladi va bahor faslidan siz yuqori sifatli, arzon va tezkor mobil internet xizmatlaridan bahramand bo‘lishingiz mumkin. Shu bilan birga, kompaniya tayanch stansiyalarini modernizatsiya qilish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda va buning natijasida 3G standartidagi sektor antennalari 4G standartiga o‘tkaziladi. Bundan tashqari, 2020 yil 15 fevraldan boshlab mobil internet tezligi 2 baravar oshirilganligi sizlarni mamnun qilishi aniq!» deya ma’lum qildi kompaniya.

2020 yil boshidan boshlab mobil aloqa tarmog‘ida muvaffaqiyatli olib borilgan sozlash ishlari natijasida quyidagi hududlarda aloqa sifati yaxshilanganligi ma’lum qilingan:

  • Andijon viloyati – Andijon shahri, Birlik va Ogahiy ko‘chalari, Andijon, Oltinko‘l, Qo‘rg‘ontepa, Shahrixon, Asaka, Izboskan va Bo‘z tumanlari;
  • Farg‘ona viloyati – Farg‘ona shahri, Quva shahri, Marg‘ilon shahri, Oltiariq, Quva, Buvayda, Bog‘dod, O‘zbekiston va Toshloq tumanlari;
  • Qashqadaryo viloyati – Shahrisabz shahri, Yakkabog‘ tumani, Chiroqchi va G‘uzor tumanlari;
  • Buxoro viloyati – Shofirkon tumani;
  • Toshkent viloyati – Ohangaron tumani va Chirchiq tumanlari;
  • Samarqand viloyati – Samarqand shahri, Nurobod, Urgut, Jomboy, Kattaqo‘rg‘on, Paxtachi va Narpay tumanlari;
  • Namangan viloyati – Mingbuloq tumani;
  • Jizzax viloyati – Sharof Rashidov va Forish tumanlari;
  • Toshkent shahri – Yunusobod, Olmazor, Mirzo Ulug‘bek, Yakkasaroy, Uchtepa, Sergeli va Mirobod tumanlari.
  •  
Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring