Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistondan ikkita loyiha xalqaro tadbirkorlik chempionatiga yo‘llanma oldi

O‘zbekistondan ikkita loyiha xalqaro tadbirkorlik chempionatiga yo‘llanma oldi

Joriy yilning 27-avgust kuni Entrepreneurship World Cup xalqaro tanlovining milliy saralash bosqichi onlayn shaklda bo‘lib o‘tdi. G‘olib loyihalar tanlovning jahon finalida taqdimot o‘tkazish imkoniyatini qo‘lga kiritdilar.

Tadbirkorlik bo‘yicha Entrepreneurship World Cup finali uchun innovatsion startap loyihalarini saralash bosqichi yakunlandi. Milliy saralash bosqichi esa Innovatsion rivojlanish vazirligi va IT-park Xalqaro tadbirkorlik tarmog‘i hamda «The Global Education and Leadership Foundation» jamg‘armasi (Hindiston) ko‘magida onlayn rejimida bo‘lib o‘tdi.

Milliy saralash bosqichida 10 ta jamoa ishtirok etdi. Bular  GameFall (OAV va ko‘ngilochar loyihalar), Coozin (EdTech, oziq-ovqat texnologiyalari), RQ (moliya texnologiyalari), Telework asia (Katta ma’lumotlar / sun’iy intellekt), IMAN (moliya texnologiyalari), Proteus (Energiya va barqarorlik), Delivera (Mobillik / Transport), Sogdia (Toza texnologiyalar, oziq-ovqat texnologiyalari), Amarant misolida o‘simlik materiallar xom ashyosini qayta ishlash bo‘yicha zamonaviy texnologiyalar (Qishloq xo‘jaligi), ModMe (Katta ma’lumotlar / EdTech) jamoalaridir.

Milliy saralash bosqichi natijalariga ko‘ra ikkita jamoa Milliy saralash bosqichi g‘olibi deb topildi.

Birinchisi  IMAN startapi bo‘lib, u Islom moliya qonunchiligi doirasida investorlar hisobiga tovarlarni darhol yoki bo‘lib to‘lash orqali onlayn yoki oflayn do‘konlar uchun elektron tijorat platformasini taqdim etadi.

Yana bir g‘olib — Proteus startapi.  Suv oqimi, kanallar yoki daryolar yaqinida joylashgan  xonadonlar va iste’molchilarga elektr energiyasi yetkazib berishga qaratilgan mazkur loyiha to‘g‘ridan-to‘g‘ri suvga o‘rnatilgan, qo‘shimcha to‘g‘onlarni yoki boshqa tuzilmalarni talab qilmaydi, arzon va foydalanish oson bo‘lgan ichki turbinalar orqali ishlaydi.

G‘oliblar endi o‘z loyihalarini xalqaro miqyosda namoyish etish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Musobaqaning jahon miqyosidagi final bosqichida 3 ta eng yuqori o‘rinni egallagan jamoa 1 mln. AQSh dollari miqdoridagi mukofot uchun kurashadi.

Bundan tashqari, musobaqa ishtirokchilari EWC tanlovi ko‘magida yetakchi xorijiy mutaxassislarning mentorlik darslarida qatnashish, biznes aloqalarini kengaytirish, loyihalariga investitsiyalarni jalb qilish va xalqaro bozorlarga chiqish kabi imkoniyatlarga ega bo‘ladilar.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring