Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Robototexnika xalqaro chempionati prezidenti Innovatsion rivojlanish vaziriligiga rahmat aytdi

Robototexnika xalqaro chempionati prezidenti Innovatsion rivojlanish vaziriligiga rahmat aytdi

O‘zbekiston yoshlar milliy terma jamoasi 28-29 sentyabr kunlari Donxe shahri (Koreya) da bo‘lib o‘tgan Robototexnika bo‘yicha xalqaro chempionatda ishtirok etdi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi vakillari tomonidan shakllantirilgan jamoaning chempionatda ishtirokiga Buyuk Britaniyaning Petromaruz kompaniyasi homiylik qildi.

Milliy terma jamoa a’zolari tibbiyotda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan “Smart doc box” loyihasini ishlab chiqib, Robo scholar yo‘nalishi bo‘yicha Shavkat Abdurahmonov va Xumoyun Xaydarov 3-o‘rinni egalladilar. Shuningdek, musobaqaning so‘nggi kunida milliy terma jamoa ishtirokchilari — Zafar Sobirov va Javohir G‘ayratov “Best agriculture project” (qishloq xo‘jaligi yo‘nalishi bo‘yicha eng yaxshi mualliflik loyihasi) nominatsiyasida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. “Robot in movie” yo‘nalishida esa “Technical award” mukofotiga sazovor bo‘ldi.

O‘z navbatida IROC (International Robot Olympiad Committee) Xalqaro robototexnika olimpiadasi qo‘mitasi prezidenti professor Jong-Xvan Kim Innovatsion rivojlanish vaziriga robototexnika bo‘yicha O‘zbekiston jamoasini xalqaro chempionatga puxta tayyorgarlik ko‘rishlarini ta’minlagani uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyo hududida yoshlarga robototexnika orqali ta’lim berish yo‘nalishini rivojlantirish borasidagi ishlariga muvaffaqiyatlar tiladi.

Robototexnika bo‘yicha xalqaro chempionat (IRO) - robototexnika sohasida har yili o‘tkaziladigan xalqaro yoshlar musobaqasi bo‘lib, unda 38 ishtirokchi mamlakatdan dastlabki turlardan muvaffaqiyatli o‘tgan 500 nafardan ortiq o‘smirlar ishtirok etadi. 2018 yilning dekabr oyida Filippinning Manila shahrida Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi hamda IROC (International Robot Olympiad Committee) Xalqaro robototexnika olimpiadasi qo‘mitasi bilan imzolangan memorandumga ko‘ra O‘zbekiston IROC tarkibiga kirdi.

IROC har yili turli mamlakatlarda xalqaro chempionatlar o‘tkazadi. Donhe shahrida birinchi marta o‘tkazilayotgani bois, bu yilgi nomi ham shunga ko‘ra o‘zgardi - International Robot D (Donghae) Challenge (IRDC). IROCning keyingi chempionati joriy yilning dekabr oyida Taylandda bo‘lib o‘tadi, unda O‘zbekiston terma jamoasi ham faol ishtirok etishi rejalashtirmoqda.

IRDC -2019da 25 mamlakatdan jami 398 ishtirokchi qatnashdi. Tanlov shartlariga ko‘ra, ishtirokchilar tanlangan toifaga muvofiq belgilangan muddat ichida o‘z robotlarini yaratishdi. O‘zbekiston terma jamoasi ikki toifada ishtirok etdi: Robo Scholar va Robot in Movie. Ishtirokchilar IROC tomonidan ilgari surilgan 5 yo‘nalishdan birini tanlab, o‘z yechimlarini namoyish qilishlari kerak edi: tibbiyot, aerokosmik texnologiyalar, yong‘in xavfsizligi, ta’lim va oziq-ovqat sanoati.

Shuningdek, Grand D Challenge chempionati hakamlaridan biri, Sungsil (Soongsli) universiteti dotsenti Kang-Xi Li ham o‘zbekistonlik ishtirokchilarning yuksak tayyorgarligini qayd etdi. Xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligi – Innoweek-2019 doirasidagi forumda uning ma’ruzachi sifatida ishtirok etishi rejalashtirilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring