Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Oson va bepul. O‘zbekistonda mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish 1-apreldan boshlanadi

Oson va bepul. O‘zbekistonda mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish 1-apreldan boshlanadi

Foto: AKT vazirligi axborot xizmati

Bugun, 30-mart kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan Aloqa tarixi muzeyida «Respublikamiz hududlarida mobil aloqa tarmoqlarini kengaytirish va mobil qurilmalarni hisobga olish va ro‘yxatdan o‘tkazish tizimini joriy etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida» matbuot anjumani o‘tkazilayotgani haqida xabar bergandik.

Mamlakatimizda 22 milliondan ziyod mobil aloqa abonentlari, 16 milliondan ko‘proq mobil internet foydalanuvchilari bor.

Matbuot anjumanida AKT vazirining o‘rinbosari Qahramon Yuldashev hamda mamlakatimizdagi barcha mobil aloqa operatorlarining rahbarlari qatnashdi.

Tadbirda respublikamiz uchun yangi — mobil qurilmalarni hisobga olish tizimi taqdimoti o‘tkazildi. U 2019-yilning 1-aprelidan ishga tushadi.

Faqat GSM-operatorlari tarmoqlarida foydalaniladigan mobil qurilmalar avtomatik tarzda ro‘yxatga olinadi.

Mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish tizimining operatori sifatida «O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi» davlat unitar korxonasi belgilandi. Mazkur korxona negizida mobil qurilmalarni hisobga olish va ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi o‘rnatildi. Bu tizim O‘zbekistondagi barcha GSM-operatorlari tarmoqlariga ulangan bo‘lib, ular o‘rtasida «onlayn» rejimida o‘zaro ma’lumot almashish imkonini beradi. Shuningdek, mazkur tizim import qilinadigan mobil qurilmalarning registratori vazifasini bajaradi.

Foto: AKT vazirligi axborot xizmati

1-apreldan boshlab O‘zbekiston GSM-operatorlari tarmoqlarida foydalaniladigan barcha mobil qurilmalarni avtomatik tarzda ro‘yxatga olish amalga oshiriladi. Qurilmani avtomatik ro‘yxatdan o‘tkazganlik uchun haq olinmaydi.

Mahalliy GSM-operatorlar tarmog‘ida o‘zining mobil qurilmasidan foydalanayotgan abonentlardan ularga tegishli qurilmani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun hech qanday harakatlar talab etilmaydi — ro‘yxatga olish harakatlari tizim operatori va aloqa operatorlari tomonidan amalga oshiriladi.

Hisobga olish va qurilmani ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi quyidagilardan foydalanishni cheklashga imkon beradi:

  1. Kontrafakt qurilmalarni — ya’ni IMEI-kodi qurilmaning haqiqiy modeliga muvofiq kelmaydigan qurilmani
  2. O‘g‘irlanganlik yoki yo‘qotganlik sababli «qora ro‘yxat»ga kirib qolgan qurilmani
  3. Bojxona nazoratidan o‘tmagan qurilmalarni.

Esda tuting! Telefon sotib olishdan avval qurilmaning IMEI-kodi maqomi to‘g‘riligini UZIMEI.UZ tizimining rasmiy saytida tekshirib olish tavsiya etiladi.

Hisobga olish va ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi, shuningdek, GSMA assotsiatsiyasi bilan axborot almashinuvini o‘rnatishga, qolaversa, o‘g‘irlangan yoki yo‘qolgan abonent qurilmalari ro‘yxati almashinuvini yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.

Hozirgi paytda GSMA bazasiga 43 mamlakatning 118 ta mobil operatori ulangan. Belgiya, Chili, Kosta-Rika, Kipr, Daniya, Finlyandiya, Fransiya, Germaniya, Gana, Vengriya, Irlandiya, Italiya, Malta, Norvegiya, Portugaliya, JAR, Shvetsiya, Buyuk Britaniya, Venesuela shular jumlasidandir. GSMA bilan axborot almashinuvi boshqa mamlakatlar hududida o‘g‘irlangan yoki yo‘qolgan qurilmalarni ishlatishni cheklash imkonini beradi. Ayni paytda, O‘zbekiston hududida va aksincha GSMA ga a’zo kompaniyalar tarmoqlarida O‘zbekiston Respublikasining «qora ro‘yxati»ga kiritilgan qurilmalarni ishlatishning imkoni bo‘lmaydi.

Mobil terminallarni hisobga olish nazorati tizimi quyidagilarga imkon beradi:

  • Abonent qurilmalaridan foydalanish yoki o‘g‘irlangan qurilmalar bilan bog‘liq jinoyatlarning oldini olish va aniqlash.
  • O‘zbekiston Respublikasiga noqonuniy, kontrabanda yo‘l bilan abonent qurilmalari olib kelinishini cheklash.
  • Xaridorlarga abonent qurilmalarini sotib olish paytida ularning maqomini tekshirishga, xarid qilinayotgan mahsulot sifati va servis xizmati kafolatini ta’minlashga yordam berish.
  • Xavfsizlik talabiga javob bermaydigan kontrafakt abonent qurilmalaridan foydalanishni kamaytirish hisobiga fuqarolar sog‘lig‘ini himoyalash.
  • Kontrabanda va kontrafakt abonent qurilmalari noqonuniy aylanmasining pasayishi hisobiga telekommunikatsiya bozorida sog‘lom raqobatni ta’minlash.

Xorijda qanday?

Buyuk Britaniya

«Tumanli Albion»da IMEI-kodlarni ro‘yxatga olish birinchilardan bo‘lib boshlangan. Tegishli qonun 2005-yilda qabul qilingan. Bu yerning qonunlari qattiq — mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini almashtirish bilan shug‘ullanganlar bir necha yilgacha qamalishi mumkin. Bu chora o‘g‘riliklar sonini kamaytirdimi — alohida masala, biroq barcha o‘g‘irlangan telefonlar ikki sutka ichida bloklab qo‘yilishi uncha-muncha cho‘ntakkesarni shashtidan qaytargani turgan gap.

Ozarbayjon

Kaspiyorti mamlakatida IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi 2013-yilning 1-mayidan ishga tushirgan. Qardoshlarimiz ishni «amnistiya usuli»da boshlashdi: ko‘rsatilgan sanagacha qo‘ng‘iroqlar amalga oshirilgan mobil telefonlarning barcha kodlari avtomatik ravishda «oq ro‘yxat»ga kiritildi. Telefonini tinmay ishlatadigan abonentning biron bir joyga borib telefonini ro‘yxatdan o‘tkazishiga hojat qolmadi: uning qurilmasi avtomatik ravishda ro‘yxatga olindi.

«Kulrang» ro‘yxatga esa 2013-yilning 1-mayigacha qo‘ng‘iroqlar amalga oshirilmagan qurilmalar kiritildi. Bu telefonlarning egalari mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish markazlariga shaxsan borib ro‘yxatdan o‘tishdi. O‘g‘irlangan, yashirin sexlarda ishlab chiqarilgan va mamlakatga kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan qurilmalar «qora ro‘yxat»ga esa kiritildi.

Ozarbayjonga kiritilgan har bir mobil qurilma 30 kun ichida ro‘yxatdan o‘tkazilishi shart. Bu xizmat tekin bo‘lib, elektron hukumat portalida elektron raqamli imzo yordamida bajariladi. Bu talab Ozarbayjonga kelgan va o‘z SIM-kartalari va roumingdan foydalanayotgan xorijliklar va sayyohlarga tatbiq etilmaydi.

Ukraina

Ukrainadagi IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish me’yori asosan «kulrang bozor»ga qaratilgan va ko‘proq sotuvchilar va dilerlarni qamrab oladi. Faqat chet elda telefon sotib olgan ukrain fuqarosi o‘z qurilmasini yagona ma’lumotlar bazasida ro‘yxatdan o‘tkazdirishi shart. Bu qurilma chegaradan o‘tishda deklaratsiya qildirilib, keyin milliy reyestrga uning kodini kiritishga murojaat etiladi. Murojaatda mobil qurilmaning modeli va IMEI-kodiga bojxona deklaratsiyasi ilova qilib taqdim etiladi. Bu xizmat bepul bo‘lib, bir kun davomida ko‘rsatiladi. Agarda qurilmaning kodi bazadabo‘lmasa, uyali aloqa operatori xizmat ko‘rsatishni to‘xtatishi haqida xabar jo‘natadi. Ma’lumotlar bazasida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan qurilmalarga uyali aloqa xizmati ko‘rsatish maksimal muddati — telefon birinchi ishlatilgan kundan boshlab uch oygacha.

Turkiya

Mamlakatda IMEI-kodlarni ro‘yxatga olish boshlanganiga 12 bo‘ldi. Bu qoida faqat chet eldan olib kirilgan qurilmalarga taalluqli. Turkiyada xorijiy aloqa operatorlari roumingida ishlayotgan telefonlardan foydalanishga cheklovlar yo‘q. Agarda xorijlik sayyoh mahalliy aloqa operatori xizmatidan foydalanishni istasa, unda telefonini ro‘yxatdan o‘tkazishi kerak. Aks holda uning mobil qurilmasi bloklab qo‘yiladi. Xorijlik bu mamlakatda mobil qurilmasini ro‘yxatdan o‘tkazdirish uchun pasportini taqdim etishi va 115 lira to‘lashi shart. Yana 50-90 lirani mahalliy operatorlar ro‘yxatdan o‘tkazgani uchun oladi.

Turkiyada IMEI nazorati tizimi 2006—2010-yillar davomida qo‘shimcha $10,5 mlrd. soliq tushumini keltirgan, mobil qurilmalar o‘g‘irliklari esa 95 foizga kamaygan.

Telefonni Turkiya hududiga qadam qo‘ygandan so‘ng 60 kun ichida ro‘yxatdan o‘tkazish lozim. Bir kishi (xorijlik yoki turk fuqarosi) 2 yil ichida chet eldan olib kirilgan telefonni faqat bir marta ro‘yxatdan o‘tkazdira oladi. Turk hukumati buning boisini o‘z bozorini himoya qilayotgani bilan izohlaydi, ya’ni mamlakat ichkarisidagi rasmiy sotuvchilardan mobil qurilmalar sotib olish qo‘llab-quvvatlanmoqda.


Bugungi matbuot anjumanida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi 2019-yil mobaynida O‘zbekiston mobil aloqa abonentlari uchun noqulayliklar tug‘ilishining oldini olish va aholi xabardorligini oshirish maqsadida keng tushuntirish ishlari olib borilishini ma’lum qildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring