Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Navoiydagi maktabga Prezident sovg‘asi — «Spark» topshirildi

Navoiydagi maktabga Prezident sovg‘asi — «Spark» topshirildi

Foto: «Xabar.uz»

Kuni kecha «Bir million dasturchi» loyihasi doirasida bitiruvchilar salmog‘i yuqori ko‘rsatkichlarni ko‘rsatgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumanidagi 39-umumta’lim maktabi davlat rahbari sovg‘asi, ya’ni «Spark» avtomobili topshirilgani haqida xabar bergandik. Xuddi shunday sovg‘a Navoiy viloyati, Karmana tumanidagi 2-maktabga nasib etdi.

E’tiborlisi, Karmana tumanidagi 2-son umumta’lim maktabida tahsil olayotgan 1 319 nafar o‘quvchining 1 063 nafari (80 foiz) «Bir million dasturchi» loyihasini muvaffaqiyatli bitirgan.

8 aprel kuni ushbu maktabda tashkil etilgan marosimda AKT vaziri Shuhrat Sodiqov, Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov va Karamana tumani hokimi Faxriddin Umarovlar ishtirok etishdi.

— Bu maktab xususiy yoki biron fanga ixtisoslagan ta’lim dargohi emas, — dedi Shuhrat Sodiqov. — Oddiy umumta’lim maktabi, ammo respublikada «Bir million dasturchi» loyihasida g‘olib deb topilib, Davlatimiz rahbarining maxsus sovg‘asiga sazovor bo‘ldi. Albatta, bundan keyin ham vazirligimiz ushbu maktabni axborot texnologiyalari yo‘nalishida doim qo‘llab-quvvatlaydi.

Tadbirda maktab jamoasiga Prezident sovg‘asi — «Spark» avtomashinasi topshirildi. Prezident sovg‘asidan ruhlangan Navoiy viloyati hokimligi maktabga zamonaviy 15 ta kompyuter jamlanmasi sovg‘a qildi va yana bir informatika sinfini tashkil etib beradigan bo‘ldi.

Taqdirlash marosimidan so‘ng mehmonlar maktabning informatika xonasini ko‘zdan kechirishdi va «ayti» yo‘nalishida bilim olayotgan o‘quvchilarning loyihalari bilan tanishishdi.

Bu yerda 5-9 sinf o‘quvchilari uchun — «Yosh informatiklar»; 5-8 sinf o‘quvchilari uchun — «Kompyuter savodxonligi»; 10-11 sinf o‘quvchilari uchun — «Yosh dasturchilar»; 5-11 sinf o‘quvchilari uchun «Bir million dasturchi» to‘garaklari faoliyat yuritadi.

O‘qituvchilar bilan darsdan tashqari vaqtda 1-chorak ta’til kunlari noyabr oyidan boshlab shu kunga qadar to‘garak darslariga qo‘shimcha ravishda «Bir million dasturchi» loyihasi doirasida o‘qituvchi va o‘quvchi yoshlar bilan birgalikda o‘qish tashkil etilgan.

O‘quvchi yoshlar mazkur loyihaning asosan Android va Fullstack yo‘nalishlari bo‘yicha boshlang‘ich dasturlarini yaratib kelmoqda.

Darsdan keyin informatika xonasida har bir to‘garak o‘quvchilari jadval asosida ta’lim olishadi.

Maktabning informatika xonalari darsdan keyin soat 18:00 dan – 22:00 gacha ochiq bo‘lib, yuqori sinf o‘quvchilari va aholiga xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

Maktabning ikki nafar informatika o‘qituvchisi — Yulduz Sobirova hamda Zulayho Shodiyeva 2020 yilda «Top-100» eng yaxshi o‘qituvchilar safiga kirgan. Ushbu o‘qituvchilarning  mehnati alohida  etiborga olinib, ularga IT-Park tomonidan 4 500 000 so‘m pul mukofoti taqdim etilgan.     

«One Million Uzbek Coders» loyihasida o‘qituvchilar, shuningdek, faol ishtirokchilar uchun o‘tkazilgan $12000 mukofot jamg‘armasiga ega tanlovida ushbu maktabdan Sayyora Arziyeva 1000$, Zulayho Shodiyeva 1000$ va Yulduz Sobirova 500$ miqdorida pul mukofotlariga ega bo‘lishdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring