Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

IMEI-kod haqida nimalarni bilish kerak?

IMEI-kod haqida nimalarni bilish kerak?

Ayni kunlarda mobil qurilmalarining (planshet, smartfon va boshqalar) IMEI-kodini ro‘yxatdan o‘tkazish masalasi dolzarb bo‘lib turibdi. Bir qarashda o‘ta texnologik, murakkab, ammo har bir fuqaro uchun muhim bo‘lgan ushbu tizim haqida ko‘plab savollar yuzaga kelmoqda.

«Huquqiy axborot» kanali shularni e’tiborga olib IMEI-kod to‘g‘risida eng ko‘p berilayotgan dolzarb savollarga oydinlik kiritdi.

Diqqat! Bu hamma bilishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar, chunki hademay IMEI-kodlarni bepul ro‘yxatdan o‘tkazish uchun berilgan muddat tugaydi.

IMEI-kod nima?

Mobil qurilmaning 15 xonalik raqami IMEI-kod deyiladi. IMEI-kod barcha mobil qurilmalarda mavjud bo‘lib, SIM-kartaning har bir slotiga alohida beriladi. Agar mobil qurilmada SIM-kartalarning ikki yoki undan ko‘p slotlari mavjud bo‘lsa, ushbu mobil qurilma ikki yoki undan ortiq IMEI-kodlarga ham ega bo‘ladi.

Demak, agar Sizda ikkita SIM-karta bilan ishlaydigan mobil qurilmangiz bo‘lsa, ikkila IMEI-kodni ham ro‘yxatdan o‘tkazishingiz lozim.

IMEI-kodni ro‘yxatdan o‘tkazish nimaga kerak?

  • mobil qurilmalarning IMEI-kodi/kodlarini tekshirish orqali sifatsiz, inson sog‘lig‘iga zarar keltiradigan va respublika hududiga noqonuniy yo‘l bilan olib kirilgan qurilmalar savdosining oldini olish uchun;
  • mobil qurilma yo‘qolib qolgan yoki o‘g‘irlangan holatda uning qidiruv ishlarini tezkor amalga oshirish uchun;
  • mobil gadjetlarni qo‘llagan holda sodir etiladigan jinoyatlarni samarali va tezkor fosh etish uchun;
  • O‘zbekiston telekommunikatsiya bozorida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish uchun.

Qurilmaning IMEI-kodini qayerdan bilish mumkin?

IMEI-kodni qurilmaning klaviaturasida *#06# buyrug‘ini terish orqali bilib olish mumkin. Bundan tashqari, ushbu kod qurilmaning qutisida, kafolat kartasida va ayrim qurilmalarning batareyasi ostida yozilgan bo‘ladi.

Qachon ro‘yxatdan o‘tkazish kerak?

Qurilmaga birinchi marotaba SIM-karta qo‘yilganidan keyin 30 kun ichida uning IMEI-kodi ro‘yxatdan o‘tkazilishi kerak.

Mobil qurilmalarining IMEI-kodlari tizim operatoriga murojaat qilish orqali:

  • 1 noyabrdan 1 dekabrgacha – bepul;
  • 1 dekabrdan so‘ng – to‘lov asosida ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Qurilmaning IMEI-kodi ro‘yxatdan o‘tkazilmasa, nima bo‘ladi?

Qurilma orqali birinchi tarmoq hodisasi sodir etilgandan boshlab 30 kun ichida IMEI-kodi ro‘yxatdan o‘tkazilmasa, uning SIM-slotiga mahalliy aloqa operatori tamonidan xizmat ko‘rsatish to‘xtatiladi. Ya’ni ushbu qurilma orqali uyali aloqa xizmatlaridan foydalanish imkoni bo‘lmaydi.

Qurilma IMEI-kodi ro‘yxatdan o‘tkazilgandan keyingina SIM-slotga mahalliy aloqa operatori tamonidan xizmat ko‘rsatish tiklanadi.

IMEI-kod qancha to‘lov evaziga ro‘yxatdan o‘tkaziladi?

Bitta IMEI-kodi uchun BHMdan foiz hisobida (2019 yil 1 sentyabrdan BHM 223 000 so‘mga teng):

  • import qiluvchi uchun – 20% (44 600 so‘m)
  • ishlab chiqaruvchi uchun – 10% (22 300 so‘m)
  • jismoniy shaxs (rezident) uchun birinchi tarmoq hodisasidan boshlab:
  • 30 kun ichida – 20% (44 600 so‘m)
  • 30 kun o‘tgandan keyin – 25% (55 750 so‘m)

jismoniy shaxs (norezident) uchun:

  • chet el SIM-kartasidan (roumingdan) foydalanilganda – bepul;
  • mahalliy SIM-kartadan 30 kun ichida foydalanilganda – bepul;
  • mahalliy SIM-kartadan 30 o‘tgandan keyin foydalanilganda – 20% (44 600 so‘m).

Tizim operatoriga qanday murojaat qilinadi?

Buning 5 ta yo‘li bor:

1) uzimei.uz sayti orqali;

2) my.gov.uz sayti orqali;

3) 1170 raqamiga SMS yuborish orqali;

4) *1170# ga USSD so‘rov yuborish orqali;

5) Pochta aloqa bo‘limiga yoki Tizim operatoriga (Toshkent shaxri, Olmazor tumani, Sebzor dahasi, 18-A manziliga) shaxsan borish orqali.

SIM-kartani o‘zgartirganda, IMEI-kodni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish kerakmi?

Yo‘q. IMEI-kod 1 marotaba UZIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkaziladi. SIM-karta o‘zgartirilganda IMEI-kodni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish talab qilinmaydi.

IMEI-kodning holatini qanday tekshirsa bo‘ladi?

1) UZIMEI rasmiy veb-sayti orqali;

2) 1170 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilish orqali;

3) 1170 SMS yuborib yoki *1170# USSD so‘rovlari yordamida.

O‘ylaymizki, yuqoridagi ma’lumotlar siz uchun foydali bo‘ldi. Asosiysi, IMEI-kodni ro‘yxatdan o‘tkazib beraman deb katta miqdorda mablag‘ talab qilayotgan firibgarlarning qurboniga aylanmang. Hozircha (1 dekabrgacha), IMEI-kodlar bepul ro‘yxatdan o‘tkazilmoqda. 1 dekabrdan so‘ng esa qancha mablag‘ evaziga ro‘yxatdan o‘tkazilishini bilib oldingiz.

Unutmang! Har bir mobil qurilmaning IMEI-kodi ro‘yxatdan o‘tkazilishi shart!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring