Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Facebook» urfdan qolishi mumkinmi?..» Kompaniyaning Markaziy Osiyo bo‘yicha mas’ul mutaxassisi Nuruddin Iminoxunov bilan suhbat

«Facebook» urfdan qolishi mumkinmi?..» Kompaniyaning Markaziy Osiyo bo‘yicha mas’ul mutaxassisi Nuruddin Iminoxunov bilan suhbat

Foto: «Weproject.media»

Kuni kecha yosh hamyurtimiz (22 yoshda) Nuruddin Iminoxunov «Facebook» (Pro Unlimited @ Facebook) kompaniyasida mahsulot rivojlanishi bo‘yicha mas’ul mutaxassis (Product Growth Specialist) sifatida ish boshladi. Endilikda u «Facebook», «Instagram» va «Whatsapp» ilovalari Markaziy Osiyoda mahsulot sifatida rivojlanishiga hissa qo‘shadi.

Nuruddin Iminoxunov Toshkent shahridagi Inha universitetini tamomlagan. U bilan kompaniyadagi ish faoliyati, ijtimoiy tarmoqlar, rejalari va boshqa mavzularda suhbatlashdik.

— Nuruddin, avvalo «Facebook» kompaniyasida mahsulot rivojlanishi bo‘yicha mutaxassis sifatida ish boshlaganingiz bilan tabriklayman! Suhbatimizni kompaniyaga qanday ishga olinganingizdan boshlasak.

— Avvalo, tabrik va intervyuga taklif qilganingiz uchun katta rahmat! «Xabar.uz»ga intervyu berayotganimdan xursandman.

Savolingizga to‘xtaladigan bo‘lsam, joriy yil aprel oyining oxirida HR–kompaniyadagi ishga oluvchi rekryuter orqali xat keldi. Unda «Facebook» kompaniyasida contractor sifatida yangi o‘rin ochilayotgani, bu o‘rindagi inson Markaziy Osiyoda «Facebook» dasturlari oilasi («Facebook», «Instagram» va «Whatsapp»)ning o‘sishiga mas’ul bo‘lishini aytishdi.

Men intervyulardan o‘tib ko‘rishga qiziqdim va jarayonni boshladik. Ishga qabul qilish bo‘yicha intervyu to‘rt bosqichda bo‘lib o‘tdi. Birinchi ikkita bosqichda 45 daqiqalik umumiy intervyular o‘tkazildi. Mazkur bosqichlarda mendan «Product management» bo‘yicha asosiy bilim va mahoratlarimni test qilishdi. 3-bosqich «on-site» intervyu ko‘rinishida bo‘ldi — odatda kompaniya ofisida bir kun davomida 4 ta intervyu o‘tkaziladi. Hozirgi pandemiya tufayli biz bu intervyularni ketma ket 4 kun davomida 1 soatdan tashkillashtirdik. Bu qismda Product Sense, Product Execution, Leadership, Analytical skills bo‘yicha suhbat qilishdi.

Bu intervyulardan o‘tganimdan keyin yana bir nomzod shu bosqichgacha yetib kelgani va kuchlar teng bo‘lganligi uchun yana bir qo‘shimcha intervyu o‘tkazishmoqchiligini aytishdi. 1 soat davomida bo‘lib o‘tgan bu suhbatdan so‘ng menga 10 kunlar oralig‘ida ishga qabul qilinganligim haqida javob yo‘llashdi. Butun jarayon 4 oydan ortiq davom etdi.

Kompaniyadagi asosiy vazifam esa Markaziy Osiyoda «Facebook» dasturlari oilasi o‘sishiga kerakli imkoniyatlar borligi va ularni yaratish bilan shug‘ullanishga qaratilgan.

— Nega axborot texnologiyalari sohasini tanlagansiz?

— Bolaligimdan uyda kompyuter bo‘lganligi uchun unga qiziqishim ortgan. Ochig‘i, boshida unda uydagilar uchun kichik yumushlarni bajarib yurardim, keyin o‘zim ham qiziqib ketganman. Avvaliga Photoshop dasturida rasmlarni o‘zgartirishga qiziqqanman. Undan keyin esa internetda (u paytlar hali Dial-Up edi) saytlar yasash bo‘yicha boshlang‘ich bilimlarni o‘rgandim. Keyinchalik qiziqishim jiddiylashib, oldin dasturchi bo‘ldim, keyin esa Product sohasida mutaxassis bo‘ldim.

— Mamlakatimizda IT-sohani rivojlantirishga e’tibor yuqori. Mutaxassis sifatida ushbu jarayonlarni yanada takomillashtirish uchun takliflaringiz bormi?

— Axborot  texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi statistikasiga ko‘ra, O‘zbekistonning 22,5 million aholisi internet foydalanuvchisi hisoblanadi. Bilishim bo‘yicha, oxirgi 3 yilda bu son oldiniga keskin o‘sib, keyin sekinlashgan. Shu naqtai nazardan internet va aholining ko‘proq qismini internet bilan ta’minlash orqali yangi IT-servislarga talab ortadi. Dasturchilar va IT-sohadagi bizneslar soni ko‘payishi kerak, shu tariqa bu turdagi talab qondiriladi, deb umid qilaman.

— Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda «Telegram» messejeri ommabopligi jihatidan «Facebook», «Instagram» va «Whatsapp» tarmoqlariga qaraganda oldinda. Sizningcha buning sababi nimada, umuman, «Facebook» dasturlari oilasini qanday rivojlantirmoqchisiz?

— O‘ylashimcha, bunga asosiy sabab bir necha yillar ilgari «Whatsapp» tarmog‘ining bloklanishi va buning ortidan «Telegram» messenjeriga foydalanuvchilar oqimining ortishi bo‘lgan. O‘z navbatida «Telegram» ham rivojlanishdan to‘xtamadi. Bir so‘z bilan hozir uning mamlakatimizda muloqot vositasi sifatidagi o‘rni katta.  Shuning uchun ham O‘zbekistonda «Facebook» va «Instagram» imkoniyatlariga ko‘proq urg‘u bersak kerak. Lekin bu faqat O‘zbekistongagina taalluqli, xolos. Masalan, boshqa qo‘shni mamlakatlarning ba’zilarida «Whatsapp», ba’zilarida «Viber» kabilar yetakchilik qiladi.

— Ayrim tahlilchilarning fikricha, «Facebook» tarmog‘ini kelgusida «Odnoklassniki» taqdiri kutib turibdi. Ya’ni, «Facebook» ham xuddi «Odnoklassniki» singari ommabopligini yo‘qotishi mumkin deyishmoqda. Bunga munosabatingiz qanday?

— Menimcha bu faraz xato. Chunki hozir «Facebook» tarmog‘ida 2 milliarddan ortiqroq faol foydalanuvchilar bor va bu raqamlar kundan-kunga ko‘tarilib boryapti. Ishonamanki, «Facebook»dagi yangi imkoniyatlar O‘zbekistondagi foydalanuvchilar e’tiborini tortadi va o‘sishda davom etadi.

— Bundan bir necha yillar ilgari O‘zbekistonda ham muloqot.uz, sinfdosh.uz kabi bir qancha ijtimoiy muloqot tarmoqlari faoliyat boshlagan edi. Buroq ular yetarlicha ommalashmadi. Buning sababini nimalarda ko‘rasiz?

— Ijtimoiy tarmoq o‘z o‘rniga ega bo‘lishi uchun uning ichidagi do‘stlarimiz tarmog‘i kuchli bo‘lishi kerak. Shuning uchun ham bu ko‘p vaqt va investitsiya talab qiladigan soha.

Menimcha, ba’zi ijtimoiy tarmoqlar davlat tomonidan yaratilganligi bir sabab bo‘lgan bo‘lsa, boshqalariga Product management va yaxshi User experience yetishmagan, deb o‘ylayman. Bundan tashqari, balki o‘sha paytda bozorning o‘zi tayyor emasligini, yetarli talab bo‘lmaganligini ham keltirib o‘tishim mumkin.

— Suhbatdoshlarga beradigan doimiy savolimiz: kitob ham mutolaa qilib turasizmi?

Ha, albatta. Asosan o‘z soham va shaxsiy rivojlanish bo‘yicha kitoblar o‘qishni yaxshi ko‘raman. Masalan, Nir Eyalning «Indistractable» kitobini yaqinda o‘qib tugatdim. Kitobda chalg‘ituvchi tashqi omillar va ularning oldini olish usullari yaxshi ochib berilgan.

— Kelgusidagi rejalar?

— Yaqin kelajakdagi rejalarim hozir o‘zim egallab turgan vazifa orqali O‘zbekiston va Markaziy Osiyo uchun foydali o‘zgarishlar qilish. Keyinroq esa IT-kompaniya yoki startapni yo‘lga qo‘yib, rivojlantirishni niyat qilganman.

Fursatdan foydalanib, shu darajaga yetib kelishimga va yutuqlarga erishishimda har doim qo‘llab turgan oila a’zolarim hamda jamoadoshlarimga katta rahmat aytmoqchiman.

«Xabar.uz» tahririyati jamoasiga ham sog‘liq va muvaffaqiyatlar tilab qolaman.

Nurillo To‘xtasinov
suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring