Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bo‘kada informatika o‘qituvchilari o‘qitilmoqda (video)

Bo‘kada informatika o‘qituvchilari o‘qitilmoqda (video)

Foto: Sergey Nasledov

Prezidentning yoshlarni tarbiyalashdagi 5 ta muhim tashabbusining uchinchisi – aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari, internetdan samarali foydalanishni tashkil etishga qaratilgan edi.

Mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan Bo‘ka tumaniga press-tur tashkil etildi.

  • Bo‘ka tumani markazida «Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi» foydalanishga topshirishga taxt qilib qo‘yilgan. Markazdagi so‘nggi zamonaviy kompyuterlar bilan jihozlangan keng, yorug‘, shinam xonalar, jumladan seminar va amaliy mashg‘ulotlar, kompyuter grafikasi va kompyuter o‘yinlari hamda Coworking xonalaridagi qulayliklar oliy ta’lim dargohlarinikidan aslo qolishmaydi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari hamda soha mutaxassislari ishtirok etgan tadbir doirasida tumandagi 49ta maktabning informatika fani o‘qituvchilarini zamonaviy kompyuter texnologiyalari bo‘yicha malakalarini oshirish maqsadida 4-, 5-, 16-maktablarda  o‘tkazilayotgan seminarlarning bevosita ishtirokchisiga aylanishdi. Mazkur seminarlar 20-23 may kunlari o‘tkaziladi.

Foto: Sergey Nasledov

– O‘quvchiga kerakli bilimlarni berish uchun, avvalo, o‘qituvchining o‘zida fanga oid kerakli bilimlar eskirmagan bo‘lishi kerak, – deydi Bo‘ka tumani xalq ta’limi bo‘limi aniq fanlar metodisti Nurxon Alimova. – Ayniqsa, bugungi kunda oniy tezlikda rivojlanayotgan axborot texnologiyalari sohasida. Bo‘lmasa, o‘quvchi o‘qituvchidan o‘zib ketishi turgan gap. Shunday ekan, biz o‘qituvchilarimizni fandagi yangiliklar bilan yaqindan tanishtirishimiz lozim. TATUning yetuk mutaxassislari tomonidan bosqichma-bosqich o‘tkazilayotgan seminarlar o‘qituvchilarimiz uchun dasturilamal bo‘ladi.

Foto: Sergey Nasledov

– Seminarning birinchi kuni «Zamonaviy dasturlash texnologiyalari to‘garaklarini tashkil etish» mavzusida o‘quvchilarda dasturlash ko‘nikmalarini hosil qilish uchun «Scratch» vizual dasturlash tilidan foydalanish, «Scratch»ning veb va shaxsiy kompyuterlar uchun mo‘ljallangan versiyalari bilan tanishish, rangli bloklar, spraytlar, orqa fondagi rasmlar va skriptlar bilan ishlash, «jonli» roliklar va mini o‘yinlar yaratishni o‘rgandik, – deydi tumandagi 6–umumta’lim maktabi informatika o‘qituvchisi Nafisa Xolmatova. – Fandagi eng so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘lish va seminarda o‘rganganlarimizni o‘quvchilarga o‘rgatish biz uchun ham ayni muddao.

Foto: Sergey Nasledov

Shuningdek, keyingi kunlarda qatnashchilar kompyuter grafikasi asoslari to‘garaklarini tashkil etish, kompyuter grafikasi va grafik muharrirlar bilan tanishish, «Adobe Photoshop» dasturida ishlash, uning maqsadi va qo‘llanilishini tushunish, shaxsiy kompyuterlar haqida asosiy ma’lumotlarni olish, operatsion tizimlar va ofis ilovalarida ishlash ko‘nikmalarini shakllantirish, kompyuter va internet tarmog‘idan foydalanishni o‘rgatish va axborot xavfsizligining umumiy tushunchalari bilan tanishish imkoniga ega bo‘ladilar.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring