Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Blokcheyn faqat bitkoin emas...». Londondagi Brunel universitetining doktoranturasida o‘qiyotgan hamyurtimiz bilan suhbat

«Blokcheyn faqat bitkoin emas...». Londondagi Brunel universitetining doktoranturasida o‘qiyotgan hamyurtimiz bilan suhbat

Foto: Nurillo To‘xtasinov

Jadal taraqqiy etayotgan axborot texnologiyalari yo‘nalishda o‘qib, ilmiy izlanishlar qilayotgan yurtdoshlarimiz oz emas. «Xorijdagi vatandoshlar» loyihamiz orqali bu safar Baxtiyor Yoqubov bilan suhbatlashdik.

Baxtiyor Yoqubov Toshkent shahrida tug‘ilgan. Hozirda Buyuk Britaniya poytaxti London shahridagi Brunel universitetining doktoranturasida tahsil olyapti.

 — Baxtiyor aka, «Xabar.uz» portali uchun siz bilan suhbatlashayotganimdan xursandman. Axborot texnologiyalari sohasiga qanday kirib kelgansiz — suhbatni shundan boshlasak.

— Rahmat, «Xabar.uz»ga intervyu berayotganimdan men ham mamnunman.

Ochig‘i, bolaligimdan matematika, texnikaga qiziqqanman. Ayniqsa, kompyuter va undagi dasturlar qanday yasalgan, qanday ishlaydi, bunga juda qiziqardim. Shu sababli ham 2009—2013-yillarda Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetining «Kompyuter injiniring» yo‘nalishi bakalavriatida tahsil oldim. 2014—2016-yillarda esa magistraturani Italiyaga borib, Turin politexnika universitetining o‘zida o‘qidim.

Shundan so‘ng, 2016-yildan boshlab uch yil o‘zim tahsil olgan Turin politexnika universitetida talabalarga dars berdim.

Shu yillarda ko‘pgina veb-dasturlar ishlab chiqishga ham erishdim. 2019-yili Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi tomonidan tashkil etilgan «Best IP-2019» tanlovida ishtirok etib g‘olib bo‘ldim.

Faoliyatim ta’lim sohasi bilan bog‘liq bo‘lganligi uchun ilmiy ish qilish, xususan, doktoranturada o‘qish ishtiyoqi paydo bo‘ldi. Xorijiy davlatlardagi bir qancha xalqaro universitetlarga ilmiy ishim bo‘yicha o‘z taklifimni bildirdim. Men xursand qilgani, ko‘p o‘tmay bir qator universitetlar professorlari ilmiy yo‘nalishimga qiziqish bildirishdi. Shular orasidan Londondagi Brunel universitetini tanladim.

Bugungi kunda «El-yurt umidi» stipendiati sifatida «Blokcheyn texnologiyasini Internet of Things qurilmalarida qo‘llash» mavzusida ilmiy ishimni davom ettiryapman.

Foto: Nurillo To‘xtasinov

— Ilmiy ishingiz O‘zbekistondagi qanday dolzarb muammolarni yecha oladi yoki qanday yangi imkoniyatlar beradi?

Ko‘pchilik blokcheyn deganda faqat bitkoinni tushunadi. Aslida, blokcheyn — katta texnologiya. Uni boshqacha qilib, markazlashtirilmagan ma’lumotlar ombori desa ham bo‘ladi. Uni nafaqat moliya, balki ta’lim, sog‘liqni saqlash tizimi va narsalar interneti — IoT (Internet of Things) kabi sohalarda ham qo‘llash imkoniyati bor.

O‘zimning ilmiy ishimga qaytadigan bo‘lsam, blokcheyn texnologiyasini IoT qurilmalarida qo‘llamoqchiman. IoT qurilmalar bular — internet bilan bog‘lana oladigan barcha qurilmalar. Masalan, aqlli uylar qurilmalari, aqlli korxonalar robotlari, aqlli soatlar va boshqalar.

Xavfsizlik va maxfiylik nuqtai nazaridan IoT dasturlari va platformalarining asosiy kamchiliklari ularning markazlashtirilgan aloqaga bog‘liqligidir. Blokcheyn texnologiyasini qo‘llash orqali esa biz markazlashmagan ma’lumotlar omboriga ega bo‘lamiz va shu o‘rinda IoT qurilmalarining bir birlari bilan bo‘ladigan aloqasi ham xavfsiz va maxfiy holatda amalga oshiriladi.

Shuningdek, bunga qo‘shimcha tarzda, kriptografiya sohasida kuchli mutaxassislar yordamida blokcheyn texnologiyasini «Lattice» kriptografiyasi bilan boyitmoqchiman. Lattice ko‘pchilik uchun yangilik bo‘lishi mumkin. Uning asosiy vazifasi kelajakdagi kvant kompyuterlaridan blokcheyn tizimini himoya qilishdan iborat bo‘ladi.

Umuman, ilmiy ishim bilan yurtimizda blokcheyn sohasini rivojlantirishni niyat qilganman.

Qo‘shimcha sifatida aytmoqchiman, ilmiy ishimga London Brunel universiteti professorlari bilan bir qatorda, London Imperator kolleji (Imperial College London) professorlari ham yordam berishmoqda.

O‘zbekistonda sohangiz rivojlanishiga to‘siq bo‘layotgan muammolar nimalar va ularning yechimi bo‘yicha qanday takliflaringiz bor?

O‘zbekistonda davlat rahbarining bevosita o‘zi ham axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirishga katta e’tibor qaratyapti. Toshkent shahri va viloyatlarimizda IT-parklar ishga tushirildi. Axborot texnologiyalari sohasi vakillari, xususan, dasturchilar uchun keng imkoniyatlar paydo bo‘lmoqda. Muammolar bor, albatta, ular ham bosqichma-bosqich bartaraf etilyapti.

Taklif sifatida esa yurtimizda «Google», «Microsoft», «IBM» va shunga o‘xshash yirik kompaniyalarning markazlarini ko‘proq ochish ochishni aytgan bo‘lardim. Xalqaro kompaniyalarning universitetlarimiz bilan hamkorligi oshsa, oliygohlarimiz ham jahondagi nufuzli reytinglardan joy oladi, chet el talabalarida ham O‘zbekistonga qiziqish uyg‘onadi.

Bo‘sh vaqtlaringizda nimalar bilan shug‘ullanasiz va oxirgi oy qanday kitoblar o‘qidingiz?

Avallambor har kunimni tongda yugurish va badantarbiya mashqlari bilan boshlashga harakat qilaman. Bu insonga kun davomida kerak bo‘ladigan energiya va yaxshi kayfiyat bag‘ishlaydi.

Undan keyin asosiy e’tibor ilmiy ishimga qaratiladi. Ilmiy ishdan bo‘sh vaqtlarimda IT sohasida bo‘layotgan dunyo yangiliklari bilan tanishaman.

Foto: Nurillo To‘xtasinov

Bo‘sh vaqtimning asosiy qismini, albatta, o‘zimga qiziq bo‘lgan kitoblarni o‘qishga sarflayman. Masalan, oxirgi o‘qiganlarimdan, «Yuqori samarali insonlarning yetti odati» (The 7 Habits of Highly Effective People), «Boy otam, kambag‘al otam» (Rich Dad, Poor Dad), «Bobilning eng boy odami» (The Richest Man in Babylon) kabi kitoblar bo‘ldi. Bunday kitoblar insonga kuchli motivatsiya berish bilan birga moddiy mablag‘laringizni to‘g‘ri rejalashtirishga ham yordam beradi.

— Kelgusidagi maqsadlaringiz qanday?

Hozirda birinchi o‘rindagi maqsadim, ilmiy ishimni o‘z vaqtida muvaffaqiyatli yakunlab PhD unvoniga ega bo‘lish.

Londonda olgan tajriba-bilimlarimni o‘zbekistonlik talabalarga o‘rgatish, ijtimoiy va iqtisodiy sohalarda ko‘plab dasturiy mahsulotlar yaratishni ham ko‘nglimga tugib qo‘yganman.

Nurillo To‘xtasinov
suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring