Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bizga IT-park va IT-markazlar nima uchun kerak?

Bizga IT-park va IT-markazlar nima uchun kerak?

Foto: «Xabar.uz»

IT-park nafaqat poytaxtda, balki viloyatlarda ham o‘z faoliyatini kengaytirmoqda. Hozirgi vaqtda Buxoro va Jizzaxda axborot texnologiyalari bo‘yicha o‘qitish va biznes yuritish uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha ishlar olib borilyapti.

BUXORO

IT-park ishchi guruhi Buxoroda talabalar, boshlang‘ich guruhlar va rezident kompaniyalar uchun seminar tashkil etdi. Uning doirasida ta’lim dasturlari haqida, xususan, maktablarning 5-11-sinflar o‘quvchilari uchun bir million dasturchi dasturi, raqamli texnologiyalar markazlarida muqobil ta’lim olish imkoniyati, o‘z-o‘zini ish bilan ta’minlash va mustaqil mashg‘ulotlar, IT-parkda amaliyot o‘tash va boshqa masalalarda ma’lumotlar berildi.

Buxoroda «Bir million o‘zbek dasturchisi» loyihasida ko‘plab yoshlar ishtirok etishmoqda. Buxorolik jami 2221 nafar ishtirokchi uzbekcoders.uz platformasida ro‘yxatdan o‘tkazildi, shundan 152 nafari bitiruvchi sertifikatini olishdi.

Uchrashuvlarda mahalliy IT loyihalar bilan ham tanishildi. Ta’kidlanishicha, buxorolik yoshlarning g‘oyalari ko‘p.

Hozirda har bir loyiha bilan individual ravishda ish olib borilmoqda, bu jarayonda startaplarni qanday yo‘lga qo‘yish va unga qo‘yiladigan talablar to‘g‘risida to‘liq ma’lumot beriladi.

Buxoro shahridagi IT-park rezidentlari bilan olib borilayotgan ishlar ham e’tibordan chetda emas. Bugungi kunda Buxoro shahrida texnoparkning yettita IT-kompaniyasi faoliyat olib bormoqda.

Hozirgi vaqtda Kogon shahrida «O‘zbekiston pochtasi» binosida raqamli texnologiyalar markazi ochilgan. Kelgusida yana shunday oltita markazni ochish rejalashtirilgan. 2020 yil oxiriga borib, butun respublika bo‘ylab 100ga yaqin IT-markazlarni ochish ko‘zda tutilgan. O‘rtacha hisobda, 2020 yil oxiriga qadar bunday markazlarda 50 mingga yaqin yoshlarni o‘qitish rejalashtirilmoqda.

Qolaversa, Buxoro shahrida umumiy maydoni 5000 kvadrat metr bo‘lgan 4 qavatli IT-park filiali ochiladi. Ushbu filialning qurilishi joriy yilning oxirida yakuniga yetkaziladi.

JIZZAX

O‘z navbatida, Jizzaxda olib borilgan ishlar ham o‘z mevasini bera boshladi. Hozirda Jizzaxda IT-parkning to‘rtta rezidenti bor. Ular 30 ga yaqin startap loyihalari ustida ishlashmoqda.

Jizzaxda ham IT-park filiali qurilishi allaqachon boshlab yuborilgan. Filial binosi ikki qavatdan iborat bo‘lib, umumiy maydoni 1845 kvadrat metrni tashkil etadi. Ayni paytda bu yerda so‘nggi ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

Bundan tashqari, Jizzax viloyatining Zarbdor tumanida raqamli texnologiyalar markazi ochilgan. 2020-yil oxiriga qadar Sharof Rashidov, Baxmal, G‘allaorol, Do‘stlik, Zafarobod va Zomin tumanlarida yana yettita markaz ochilishi rejalashtirilgan.

«Bir million o‘zbek dasturchilari» loyihasida Jizzaxdan 1850dan ortiq ishtirokchi qatnashdi va ulardan 127 nafari uzbekcoders.uz platformasida o‘qishni muvaffaqiyatli tugatdi.

Nima uchun bizga IT-park va IT-markazlar kerak?

Bularning barchasi yagona IT-jamiyatni yaratish, iste’dodli yoshlarni jamlash, ularga imkoniyatlar yaratish, innovatsiyalarni joriy etish uchun kerak. Axborot texnologiyalari bilan barcha shug‘ullana olishi mumkin. U yosh, joy va millat tanlamaydi. Respublikamizda IT-markazlari ochilayotgani bejiz emas. Bu har bir kishi o‘qib o‘rganishi, IT dunyosiga qo‘shilishi va eng muhimi, bu orqali pul ishlash imkoniyatiga ega bo‘lish uchun amalga oshirilmoqda. Ha, bu — real daromad manbai.

Bugungi kunda o‘rta malakali frilanser dasturchi sifatida 5 million so‘m daromad olishi mumkin. IT-markazlarda o‘qitiladigan yoshlarga kelgusida mustaqil ishlash imkoniyati beriladi, ular mahalliy kompaniyalarning ham, xorijiy kompaniyalarning ham buyurtmalarini bajarishlari mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, ular IT-parkning rezident kompaniyalarida amaliyot o‘tashlari va hatto doimiy ish bilan ta’minlanishlari ham mumkin.

IT-markazlar xaritasi: https://www.itcenter.uz/map/

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring