Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Bilayn» o‘z xizmatlarini majburiy tartibda tiqishtirayotganlikda ayblandi

«Bilayn» o‘z xizmatlarini majburiy tartibda tiqishtirayotganlikda ayblandi

O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi markaziy apparati xodimlari «Unitel» MChJ abonentlariga internet-paketlarni taqdim etish xizmatlarini o‘rganib chiqdi va tahlil qildi.

Kompaniyaning ommaviy ofertasini o‘rganish jarayonida quyidagilar aniqlangan:

«Super Oy»  internet paketining «Ulanish va taqdim etish shartlari» bo‘limida quyidagi mazmundagi matn mavjud bo‘lib – «Har safar «Super Oy» internet-paketlariga ulanish uchun so‘rov yuborganda tizim abonentning oxirgi 90 kun ichida internet uchun qilgan xarajatlarini tahlil qiladi va 30 kun davomida amalga oshirgan eng yuqori xarajat qiymatini aniqlaydi. (matn https://beeline.uz/ rasmiy saytida berilgan).

Shundan so‘ng, abonentlarga 30 kun davomida amalga oshirilgan xarajat yoki undan yuqori xarajat qiymatiga teng bo‘lgan internet paketlariga ulanish taklif etiladi. Narxi ushbu xarajat qiymatidan past internet-paketlariga ulanish imkoniyati mavjud emas.

Imkoniyati cheklangan paketlarga ulanish uchun abonentlar tomonidan so‘rov yuborilganda ulanish mumkin bo‘lgan «Super Oy» internet-paketlari ro‘yxati SMS-xabar shaklida yuboriladi. Nima uchun degan savol tug‘iladi? Nima uchun abonent narxi past paketlardan foydalana olmaydi?

Bundan ko‘rinib turibdiki, abonentning tanlash huquqi cheklangan, ya’ni faqat yuqori narxdagisini tanlashi mumkin, arzonrog‘ini tanlashi imkoniyati yo‘q.

Shuni ta’kidlash kerakki, uyali aloqa xizmatlarini taqdim etish bo‘yicha Ommaviy ofertaning 1-ilovasida «Individual takliflar» abonentning uyali aloqa xizmatlari uchun qilgan xarajatlariga qarab guruhlarga bo‘lingan va ko‘proq xarajatlarga ega bo‘lgan turli xil paketlar taklif etilgan, kimda xarajatlar ko‘p bo‘lsa-kichkina paketlarga ulanish imkonsiz. Shuningdek, abonentlarga xarajatlardan kelib chiqib xar xil narxdagi paketlar taklif etilgan.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, «Unitel» MChJ foydani ko‘paytirish maqsadida yuqoridagi internet-to‘plamlarini taqdim etayotganda, MAJBURIY TARTIBDA xizmatlarni tiqishtirayotganligini kuzatish mumkin.

Ushbu holat noqonuniy bo‘lib, chunki abonentlar (iste’molchilar) internet-to‘plamni o‘z xohishiga ko‘ra tanlashning har qanday imkoniyatlaridan mahrum qilingan. Bunda fuqarolarning xizmatlarni tanlash erkinligini cheklangan bo‘lib, bu esa ularning iste’molchilik huquqlarini qo‘pol ravishda buzilishiga olib kelgan.

Shunday qilib, Kompaniyaning xatti-harakatlarida, O‘zbekiston Respublikasi «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida» gi Qonunining 4-moddasi, iste’molchi tovar (ish, xizmat)ni erkin tanlash va uning tegishli darajada sifatli bo‘lishi hamda 21-moddasi, shartnomaning iste’molchi huquqlarini cheklab qo‘yadigan va qonun hujjatlariga zid bo‘lgan talablari haqiqiy emas deb hisoblanadi. Agar ularni qo‘llanishi natijasida iste’molchiga zarar yetkazilgan bo‘lsa, bu zarar ishlab chiqaruvchi (sotuvchi, ijrochi) tomonidan qoplanishi lozimligi to‘g‘risidagi moddalarining talablari buzilish alomatlari ko‘rib chiqilmoqda, — deyiladi agentlik tahlilida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring