Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Belarus aloqa vaziri Konstantin Shulgan: «O‘zbekiston – mo‘jizakor mamlakat»

Belarus aloqa vaziri Konstantin Shulgan: «O‘zbekiston – mo‘jizakor mamlakat»

Foto: «Xabar.uz»

Mamlakatimizda o‘tkazilayotgan «ICTWEEK Uzbekistan 2019» haftaligi doirasida poytaxtimizdagi Aloqa tarixi muzeyida O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Belarus Respublikasi aloqa va axborotlashtirish vazirligi o‘rtasida hamkorlikni yanada kuchaytirish masalalariga oid hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Dastlab belaruslik mehmonlar muzey eksponatlari bilan yaqindan tanishtirildi. Shundan so‘ng ikki vazirlik rahbariyati o‘rtasida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov va Belarus Respublikasi aloqa va axborotlashtirish vaziri Konstantin Shulgan ikki vazirlik o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish masalalarini qamrab olgan «Yo‘l xaritasi»ni imzolashdi.

Shuningdek, «O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasi va «Beltelekom» respublika unitar korxonasi, «O‘zbekiston pochtasi» AJ va «Belpochta» RUK, «UNICON.UZ» DUK va «Giprosvyaz» OAJ, Belarus davlat aloqa akademiyasi va  Toshkent shahridagi INHA universiteti o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha hujjatlar imzolandi.

– An’anaviy tarzda o‘tayotgan AKT haftaligi juda yaxshi tashkil etilgan, – dedi Belarus Respublikasi aloqa va axborotlashtirish vaziri Konstantin Shulgan. – O‘zbekiston mo‘jizakor mamlakat. Yurtingizga tashrifimiz samarali va maroqli bo‘ldi. Hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha o‘zbekistonlik hamkasblarimiz bilan bir qator kelishuvlarga erishdik. Tashrif davomida delegatsiyalarimiz a’zolari bilan ko‘hna shahar Samarqandni ham ko‘rishga ulgurdik. Aloqa tarixi muzeyidan olgan taassurotlarimiz ham bir umr yodda qoladigan bo‘ldi.

Marosim so‘ngida Belarus Respublikasi aloqa va axborotlashtirish vaziri Konstantin Shulgan Aloqa tarixi muzeyi faxriy mehmonlar kitobiga «Muzeyingiz meni o‘ziga maftun qildi. Uni tashkil qilingani judayam to‘g‘ri va oqilona qaror bo‘lgan. Chunki xotirani e’zozlash – kelajakning qadriga yetish deganidir» deya o‘z dastxatini yozib qoldirdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring