Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

108-o‘rin — chegara qayergacha?

108-o‘rin — chegara qayergacha?

Skrinshot

Dunyo miqyosida mobil va simli internet tezligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni jamlagan Speedtest Global Indexning noyabr oyi uchun reytingida O‘zbekiston 11 pog‘ona yuqorilab, 180 mamlakat orasida 108-o‘rinni band etgani haqida xabar bergandik.

2019-yil noyabr oyida O‘zbekistonda qayd etilgan internet tezligi 2018-yil noyabr oyidagi 9,98 Mbit/s.dan (yuklab olish) 21,47 Mbit/s.gacha, ya’ni ikki baravarga oshgan.

Foto: Sergey Nasledov

O‘zbekiston Aloqa tarixi muzeyida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida shu ham savol o‘rtaga tashlandi: «Global reytinglarda O‘zbekiston nechanchi pog‘onagacha chiqmoqchi, aniq maqsad bormi?».

Foto: Sergey Nasledov

«O‘zbektelekom» AK matbuot kotibi Aleksandr Suchkovning aytishicha, kompaniya hozir «reyting ochkolari»ni emas, o‘z asosiy ko‘rsatkichlarini yaxshilashni ko‘proq o‘ylayapti. Mis simlarni optikaga, eskirgan baza stansiyalarini yangilariga almashtirish yoki modernizatsiya qilish, ichki internet tezliklarini uzoq hududlargacha kengaytirish hamda shahar va qishloqlar o‘rtasidagi raqamli tafovutni imkon qadar yo‘qotish harakatida. Xalqaro reytinglardagi o‘rinlar esa belgilangan loyihalar qay darajada uddalanishiga bevosita bog‘liq, hammasi oldinda. 

Ta’kidlanishicha, 2019-yilda kompaniya mamlakatimiz bo‘ylab 12 ming kilometrdan ziyod optik tolali aloqa liniyalari yotqizib, 500 mingdan ortiq mijozga yuqori tezlikdagi internetdan foydalanish imkoniyatini taqdim etgan.

Kompaniya mobil aloqa, keng polosali internet xizmatlari soni va sifatini oshirish uchun 2020 yilda, jumladan, ushbu loyihalarni amalga oshirmoqchi:

  • 2G/3G standartlari bo‘yicha 3 mingdan ziyod mobil aloqa baza stansiyalarini modernizatsiya qilish, 700 dan ortiq 3G/4G standartlari bo‘yicha mobil aloqa baza stansiyalarini o‘rnatish;
  • Keng polosali ulanish tarmog‘ini 1 milliondan ortiq FTTx/GPON texnologiyali portlarga kengaytirish;
  • Magistral tarmoqning o‘tkazuvchanlik darajasini 4 baravarga, ya’ni viloyatlar markazlarida 400 Gbit/s.gacha, tuman markazlarida 40 Gbit/s.gacha oshirish.
  • Ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash markazlarini tashkil etish va kengaytirish.
Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring