Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Vazir yana ogohlantirdi. Bu oxirgisi...

Vazir yana ogohlantirdi. Bu oxirgisi...

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekiston Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov hududiy xalq ta’limi boshqarma boshliqlariga maxsus xat yo‘lladi. «Shaxsan nazorat uchun» deb yo‘llagan ushbu xat internetda e’lon qilindi.

Vazir buning sababini «hozirga qadar o‘qituvchilardan turli hisobotlar talab qilish davom etayotgani haqida xabarlar kelayotgani» bilan izohlagan.

Vazir xatda o‘qituvchilardan sinf jurnali, konspekt va yillik taqvim-rejadan  boshqa hujjat talab qilinishi  hamda ularning turli ishlarga jalb qilinishi taqiqlanishini yana bir bor eslatib o‘tgan. Shuningdek: «...ta’lim maskanlarida o‘qituvchilarni turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar uchun hisobot, bayonnoma, (foto) albom tayyorlash yoki sinf rahbarlarini o‘quvchilarning uylariga yuborish, ota-onalari bilan suhbat o‘tkazilganligi haqida fotosurat yoki hisobot talab etilishini, mahalliy hokimliklar tomonidan ta’lim muassasalari rahbarlari yoki o‘qituvchilarning har qanday majburiy mehnatga turli yig‘ilishga, tadbirlarda zalni to‘ldirish uchun «tomoshabin» sifatida jalb qilinishini ham ta’qiqlashini» ta’kidlab o‘tgan.

Xatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi qarorlaridan tashqari mahalliy hokimlik yoki turli tashkilotlar tomonidan tashkil etilayotgan hasharlarga pedagoglarni jalb etish va xodimlarning bir kunlik ish haqini tashkilotlarga o‘tkazib berishni ham man qilgan. Bundan tashqari: «Mahalliy hokimliklar, hududiy boshqarmalar tomonidan  gazeta va jurnallarga majburiy obuna, komunnal to‘lovlar uchun oylik maoshdan olib qolinishini yoki boshqa noqonuniy badallar yig‘ilishini qat’iyan ta’qiqlayman», — deyiladi xatda. Ushbu masalalar bo‘yicha pedagoglar orasida tegishli tushuntirish ishlari olib borilishi, shikoyatlarni joylarga chiqqan holda o‘rganilishi aytilgan.

«Mazkur talablarni barcha maktab rahbarlariga yetkazishingizni hamda boshqarma boshliqlarini, tuman (shahar) xalq ta’limi mudirlari va maktab rahbarlarini o‘qituvchilardan ortiqcha qog‘ozbozlik, hisobotlar talab etishlariga chek qo‘yishlari haqida so‘nggi marta qat’iy ogohlantiraman», deydi provardida vazir Sh. Shermatov.

Bundan tashqari, Shermatov XTB rahbarlaridan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining mahalliy hokimliklar tomonidan xalq ta’limi xodimlarini majburiy mehnat, majburiy obuna va ommaviy hasharlarga jalb etilmasligi haqidagi 2018-yil 10-dekabrdagi 14/1-2774-sonli ko‘rsatmasi ijrosini so‘zsiz ta’minlashni so‘ragan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring