Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Umidimiz Prezidentdan!..» – Andijondagi 13-maktab o‘quvchilari murojaat yo‘llashdi (video)

Xabar.uz tahririyatiga Andijon viloyati Paxtaobod tumani 13-maktab jamoasi va o‘quvchilar ota-onalaridan murojaat kelib tushdi.

Unga ko‘ra, ta’lim muassasasining sport maydoni noqonuniy sotib yuborilgan va bugungi kunda buzish ishlari ortidan maktabda jismoniy tarbiya va sport to‘garaklari faoliyati to‘xtab qolgan.

Andijon tumanlararo ma’muriy sudi tomonidan 13-maktabga tegishli yer bo‘yicha shu yilning 31 oktyabr kuni chiqarilgan hal qiluv qaroriga 1 oy vaqt bo‘lganiga qaramasdan prokuratura, hokimiyat va mutasaddi tashkilotlar tomonidan ijrosi borasida amaliy chora ko‘rilmasdan qolmoqda.

«Sud qarori biz uchun bir tiyin» qabilida yerni egallab olgan shaxslar sport maydonchasi o‘rnida qurilish ishlarini jadal davom ettirmoqda.

– Farzandlarimiz stadioni yo‘q maktabga qatnashni boshlaganidan, juda afsusdamiz. Sport maydonchasida mashg‘ulotlar qilib yuzlab sportchi-yoshlarimiz respublika, xalqaro musobaqalarda g‘olib bo‘lishgan. Stadion nafaqat maktabning balki, butun qishloq ahlining birdek foydalanadigan joyi edi. Boisi, qishloq ahli uchun ko‘plab madaniy tadbirlar ham aynan shu stadionda o‘tkazib kelingan. Prezidentimizdan sport maydonchamiz farzandlarimizga qaytarib berilishida amaliy yordam so‘raymiz, – deydi ota-onalar.

Murojaatchilarning aytishicha, hokimning noqonuniy qarori bilan stadion Tolibjon Mirzayev ismli fuqaroga sotilgan. U shu vaqtga qadar maktabga ham, mahalla ahliga ham ko‘rinish bermagan. Uning nomidan ishonchli vakil sifatida fuqaro Javlon Abdaqahhorov sport madonchasini buzib, qurilish ishlarini olib bormoqda. U maktab jamoasi va mahalla ahlining stadion xalqqa kerakligi borasidagi tushuntirishlariga o‘zini yurist ekanligini iddao qilib, pisandga olmay kelmoqda.

Ma’lumot uchun, shu yilning noyabr oyida Prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqov davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga binoan ta’lim tizimidagi muammolarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazgan edi.

Unda maktabga tegishli yer uchastkalari va binolarni faqat Xalq ta’limi vazirining roziligi bilan olib qo‘yish va uchinchi shaxslarga berish to‘g‘risidagi Prezident qarori chiqarilganiga qaramay, mazkur qonun hujjatlari talablari buzilgan 198 ta holat aniqlangan. 2018 yildan shu kunga qadar jami 198 ta maktabning hududlari noqonuniy berib yuborilgan.

Bu borada rekord Andijon viloyatiga tegishli ekanligi, xususan naqd 61 ta maktab hududlari sotib yuborilgani qayd etilgan.

Xabar.uz tahririyati holat yuzasidan Andijon viloyat hokimligi va prokuratura organlaridan izoh kutadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring