Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkentdagi 81 ta maktabga pullik qabul butunlay bekor bo‘ldi — vazir

Toshkentdagi 81 ta maktabga pullik qabul butunlay bekor bo‘ldi — vazir

Toshkent shahridagi 81 ta maktabga qo‘shimcha kvota uchun ixtiyoriy to‘lov imkoniyati butunlay bekor qilingan. Bu haqda Xalq ta’limi vaziri ma’lum qildi.

Vazirning yozishicha, 10-avgustdan boshlab bolani asosiy kvotadan tashqari joylashtirish uchun maktablarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish mumkin.

Buni Shermatov «davlat xizmatlari markazlarida ko‘p sonli xizmatlar ko‘rsatilishi sababli, ortiqcha navbatlarning oldini olish maqsadida hamda ko‘pchilik ota-onalarning takliflarini inobatga olgani» bilan izohlagan.

«Shu kunga qadar ushbu maktablarga 4 ming nafarga yaqin tegishli mikrohududda yashayotgan o‘quvchilar hech qanday to‘siqlarsiz, tanish-bilishchiliksiz, bepul qabul qilingani ko‘pchilik ota-onalar tomonidan ijobiy e’tirof etildi. Shu bilan birga, maktablarda o‘zaro hurmat saqlab munosabat qilsak farzandlarimizga to‘g‘ri o‘rnak ko‘rsatgan bo‘lamiz», deb yozgan vazir.

Shermatovning qo‘shimcha qilishicha, bu haqdagi tegishli hukumat qarori imzolangan.

Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-iyundagi 469-qaroriga muvofiq, Toshkentdagi 81 ta maktabga boshqa mikrohududdagi maktablarning 1-sinfiga hujjat topshirganlar va maktab yoshiga yetmagan bolalar qo‘shimcha kvota asosida qabul qilinishi, buning uchun eng kam ish haqining 10 barobaridan kam bo‘lmagan miqdorda bir martalik yig‘im undirilishi belgilangan edi.

Hujjat e’lon qilingandan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda ushbu yangilik turlicha qarshi olindi. Kimlardir bu shu paytgacha amalda bo‘lib kelgan korrupsion usullarga zarba berishini aytgan bo‘lsa, ayrim foydalanuvchilar bunga qarshi chiqishdi.

Sherzod Shermatovning o‘zi ham qarorda ko‘zda tutilgan yangi tizim bo‘yicha bir necha bor tushuntirishlar berdi. Vazir o‘z chiqishlaridan birida nufuzli maktablarga bolani joylashtirishning antikorrupsion mexanizmini batafsil izohlagan bo‘lsa, ikkinchisida samarali ishlayotgan direktorlarni qo‘llab-quvvatlash evaziga korrupsiyaga barham berish yo‘llarini aytgan. Shuningdek, u talabgir maktablarga boshqa mikrohududlardan tanish-bilish orqali bolalar qabul qilingani sababli 28 mingdan ortiq bola o‘z mikrohududidagi maktabga kira olmay, boshqa maktablarda o‘qishga majbur bo‘layotganini oshkor qilgan edi.

Vazir «prestijniy» maktabga bolani joylashtirish uchun tanish-bilish yoki pul qidirmaslikni tavsiya etgan. Talabgir maktablarga yuklamani kamaytirish maqsadida birinchi sinf o‘quvchilari faqat o‘zi yashaydigan mikrohududdagi maktabga qabul qilinishi aytilgandi.

Ma’lumotga ko‘ra, poytaxtdagi jami maktab sonining 26 foizini tashkil etgan ushbu 81 ta talabgir maktabda Toshkentdagi o‘quvchilarning deyarli yarmi (43,4 foizi) o‘qiydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring