Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sudyalar oliy kengashi va AOKA o‘tkazayotgan mashg‘ulotlarga O‘zJOKU ham qo‘shildi

Sudyalar oliy kengashi va AOKA o‘tkazayotgan mashg‘ulotlarga O‘zJOKU ham qo‘shildi

O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi va Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agenligi hamkorlikda jurnalist hamda blogerlar uchun ikki haftalik o‘quv-mashg‘ulotlari o‘tkazayotgani xabari  berilgandi.

Kecha o‘quv-mashg‘ulotlar davom ettirildi. Sudyalar oliy maktabida o‘tkazilayotgan mazkur tadbirga O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar  unversiteti (O‘zJOKU) ham hamkor sifatida qo‘shildi. Zero, o‘quv-mashg‘ulotlarning ilk kunida ishtirok etgan O‘zJOKU rektori, Xalqaro press-klub rais Sherzodxon Qudratxo‘ja Sudyalar oliy kengashi va AOKAning tashabbusini faol qo‘llab-quvvatlashdan tashqari ularning qatorida bo‘lishni istagini ham bildirgandi.

E’tiborlisi, hamkorlar safi kengayishiga monand ishtirokchilar soni ko‘payib bormoqda. Ayni paytda ularning soni o‘ttiz nafardan oshdi.

Kechagi mashg‘ulotlarga kelsak. Rosti, bu kunni ishtirokchi ancha payt eslab yurishi ehtimoli yuqori.  Negaki, o‘quv-mashg‘ulotga taklif etilgan taniqli adib, publitsist va olim, ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Xurshid Do‘stmuhammad axborot yuki, mas’uliyati va uning oqibatlari xususida tesha tegmagan iboralar, kutilmagan o‘xshatish va misollar bilan jarayonni rosa qizitdi. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar unversiteti prorektori Nozima Murotova esa turli avlodlarning  media odatlari, kommunikatsiyaning yangi qoidalari haqida jonli chiqishi ishtirokchilarning aqlini shoshirishgacha bordi. Natijada  ma’ruzalar jonli muloqotga aylandiki, ikki soat mo‘ljallangan o‘quv-mashg‘uloti salkam uch soat davom etdi...

Ma’ruzachilar chiqishlari ayrim ishtirokchilarning tasavvuriga sig‘magan bo‘lishi ehtimol. Mezon juda baland olindi-da. Shu barobarida o‘quv-mashg‘ulotlari mavzulari shunga monand bo‘lishi lozimligiga ham ishora qilinganday...

O‘quv-mashg‘ulotlari ertaga - juma kuni  davom ettiriladi va unda birinchi raqamli bloger, huquqshunos – O‘zbekiston Milliy axborot agentli Bosh direktori o‘rinbosari Xushnudbek Xudoyberdiyev ishtiroki kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, o‘quv-mashg‘ulotlari bevosita va bilvosita (onlayn) olib borilmoqda.  Ishtirokchilar soni chegaralanmagan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring