Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Siyosat, AQSh tajribasi, «Yangi O‘zbekiston» haqida o‘ylar...» Qo‘shma Shtatlardagi siyosiy tadqiqotchi bilan suhbat  

«Siyosat, AQSh tajribasi, «Yangi O‘zbekiston» haqida o‘ylar...» Qo‘shma Shtatlardagi siyosiy tadqiqotchi bilan suhbat   

Ikromjon To‘xtasinov.

Foto: «Xabar.uz»

«Xorijdagi vatandoshlar» doirasidagi intervyularni davom ettiramiz. Bu galgi suhbatdoshimiz Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi Illinoys universiteti doktorontura bosqichida tahsil olayotgan hamyurtimiz Ikromjon To‘xtasinov bo‘ldi. Qahramonimiz Namangan shahrida tug‘ilgan. 2017 yil Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining «Jahon siyosati» yo‘nalishi, 2019 yil AQShdagi nufuzli Notre Dame universitetining «Xalqaro munosabatlar» yo‘nalishi magistratura bosqichini tamomlagan.

— Ikromjon nima uchun hozir aynan Qo‘shma Shtatlardasiz, suhbatni shundan boshlasak?

To‘g‘risini aytganda, bunga o‘nlab sabablarni keltirishim mumkin. Lekin, eng asosiy sabablardan biri AQShda yuqori sifatli ta’limning mavjudligi bo‘lgan. Ana shu ta’limdan bahramand bo‘lish uchun ham bu yerga keldim.

Qariyb uch yildan beri Chikagoda istiqomat qilyapman. O‘tgan yili Chikagoda joylashgan Notre Dame universitetining «Xalqaro munosabatlar» yo‘nalishi magistratura bosqichini tamomladim. Hozir Urbana-Shampeyn shahridagi Illinoys universiteti doktorantura bosqichida tahsilni davom ettiryapman. Universitet taxminan 50 ming talabaga ta’lim beradi va Qo‘shma Shtatlardagi yirik ilmiy maskani hisoblanadi.

Ochig‘i bu yerga kelib kuchli raqobat tufayli sinovlarda yaxshigina toblandim. Chunki, hayot bu yerda sizni ayab o‘tirmaydi, to‘xtab qolishga haqqingiz yo‘q. Xarajatlar ham to‘xtamaydi. Shuning uchun mehnatdan qochmasligingiz lozim. Biroq boshlanishi doim qiyin kechadi. Ammo ozgina vaqt o‘tib, moslashib olganingizdan keyin ko‘p narsa osonlashadi. Bu yerda qancha ko‘p mehnat qilsangiz, shuncha ko‘p daromad topa olasiz. Ya’ni, malakali ishchi bo‘lsangiz, malakasiz ishchiga nisbatan ko‘proq maosh berishadi. Bu esa, o‘z navbatida, ta’lim olish va o‘z ustingizda uzluksiz ishlashga ishtiyoq bag‘ishlaydi.

— Doktoranturadagi ilmiy ishingiz mavzusi qanday?

Doktorantura dasturi AQShda O‘zbekistondan farqli ravishda nisbatan uzoqroq davom etadi. Ilmiy ish mavzusi ham odatda 2-3 yil soha bo‘yicha turli fanlarni o‘qib, imtihonlardan o‘tgandan keyingina tanlanadi. Albatta, ilmiy ishning umumiy g‘oyasi avvaldan bo‘lgani yaxshi. O‘zimda ham bir qancha g‘oyalar mavjud. Lekin, kelajakda butunlay o‘zgarib ketishi ham mumkin. Umumiy qilib aytganda esa, O‘zbekistonning siyosiy-iqtisodiyotiga aloqador bo‘ladigan va amaliy ahamiyatga ega aktual mavzu tanlashni istayman.

— Sizda siyosatshunoslik ta’limi bo‘yicha O‘zbekistondagi kamchiliklar va ularni bartaraf qilish yuzasidan takliflar bormi?

Siyosatshunoslik ta’limi bo‘yicha yurtimizda ijobiy o‘zgarishlar bor. Ammo muammolar ham yetarli. Masalan, o‘zim o‘qigan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida ta’lim jarayonida asosan xalqaro munosabatlar va diplomatiyaga ko‘proq e’tibor qaratilardi. Aslida esa, siyosatshunoslik soha sifatida juda keng. Ichki siyosatdagi muammolarni o‘rganish ham juda muhim ahamiyat kasb etadi. Tashqi siyosat bo‘yicha yurtimizdagi olimlar yozgan maqolalarni ko‘plab uchratish mumkindir, biroq aynan ichki siyosat bo‘yicha ilmiy ishlar nisbatan kamroq nazarimda. Hattoki, menga xorijiy tadqiqotchilar tomonidan ichki siyosat haqida yozilgan materiallar ko‘proqdek tuyiladi.

Odatda, ilmiy ish uchun manba va ma’lumot juda muhim. Yurtimizda davlat idoralari asta-sekin ochiqroq bo‘lib borar ekan, ichki siyosat to‘g‘risidagi ilmiy ishlarning ko‘payishiga va keng ommaga taqdim etilishiga umid bildiraman.

Shuningdek, siyosatshunoslikda davlat boshqaruvining bo‘linish tamoyillari mavjud. Konstitutsiyamiz ham shu tamoyilga asoslangan. Parlament qonun chiqaradi, ijro hokimiyati uning ijrosi bilan shug‘ullanadi va sud tizimi qonunlarni sharhlab, adolatni ta’minlaydi. O‘zbekistonda mazkur tamoyil amaliyotda to‘la ishlashini xohlab qolardim. Chunki qonun ustuvorligi taraqqiyot mezoni ekanligi sanoqsiz ilmiy ishlarda ibotlangan. Bir so‘z bilan aytganda, rivojlanishning yagona yo‘li shu.

Ikromjon To‘xtasinov.

— O‘zbekistonda AQShning qanday tajribalarini qo‘llash yaxshi samara beradi?

Bu savolga javob berish biroz qiyin. Chunki bir tomondan O‘zbekiston va AQSh boshqa-boshqa mintaqalarda joylashgan. Urf-odat, madaniyat, xalqlarimiz o‘rtasidagi dunyoqarashlar ham turlicha. Shuning uchun AQShda muvaffaqiyat qozongan qandaydir g‘oya O‘zbekistonda ham aniq yutuq olib keladi, deb bo‘lmaydi. Lekin, umumiy qilib aytganda, AQShning uzoq yillik tarixiga nazar solib, demokratiya, erkinlik, inson huquqlari va ochiqlik siyosati mamlakat rivojlanishida muhim omil bo‘lgan, deb ayta olaman. Bu elementar nazariyadek tuyilishi mumkin. Ammo aslini olganda eng fundamental g‘oyalar aynan shulardir.

— So‘nggi vaqtlar leksikonimizda paydo bo‘lgan «Yangi O‘zbekiston»ning kelajagini qanday tasavvur qilasiz?

Ochig‘i, chet elda va ayniqsa rivojlangan davlatda turvolib balandparvoz gaplarni aytishni xohlamasdim. Biroq, siyosatshunos tadqiqotchi sifatida yurtimizdagi mavjud muammolarni tan olaman va qisqa vaqtda erishilgan yutuqlarni esa olqishlayman. Muhimi, islohotlar uchun ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi. Endi ularni amalga oshirish uchun buzib bo‘lmas tamoyillarni ham belgilab olinsa yaxshi bo‘lardi. Chunki, ko‘plab qabul qilinayotgan qarorlar ijrosi mahalliy darajaga tushganida oqsab qolyapti. Shunday ekan, e’tiborni qilingan ishlarga emas, qilinishi lozim bo‘lgan masalalarga qaratish zarur.

Aslida O‘zbekiston yashash uchun bebaho maskan, kelajagimni O‘zbekistondan uzoqda tasavvur qilolmayman. Ammo men tasavvur qiladigan «Yangi O‘zbekiston» muammolardan xoli, afzalliklari faqat o‘zbekistonliklar uchun shunchaki ona vatan sifatida emas, har qanday insonga qulay yashash joyi sifatida shakllangan davlat bo‘lishi kerak.

— Bo‘sh vaqtlaringizda nimalar bilan mashg‘ul bo‘lasiz?

Bu yerda vaqt juda tez o‘tadi. Magistraturada o‘qish payti bo‘sh vaqtim deyarli bo‘lmas edi. Agar bo‘sh vaqt bo‘lib qolsa, sayr qilishni yoqtirardim. Odamlar bilan suhbatda bo‘lish ham zavq bag‘ishlardi. Futbol o‘ynash esa ham jismonan, ham ma’nan yordam berardi. Koronavirus pandemiyasi tufayli bularning ko‘pi yo‘q bo‘ldi. Shu sabab, uyda o‘tirganda o‘zimni foydali ishlar bilan band qilishga harakat qilyapman. Asosan mutaxassisligimga oid ilmiy maqolalarni va tahliliy materiallarni o‘qiyapman. Undan tashqari, xalqaro munosabatlar, iqtisod va badiiy asarlar o‘qish ham kundalik ish-rejamga kiritilgan.

Bu borada bir odatim bor. Bir kitobni tugatib ikkinchisini boshlab emas, balki bir vaqtning o‘zida bir nechta kitoblarni mutolaa qilishni yaxshi ko‘raman. Masalan, avtomobilimdan o‘qiydigan, uxlashdan oldin va konsentratsiyam to‘la bo‘lganda o‘qiydigan kitoblarim mavjud. Shu sababdan bir qancha kitoblarni birdan boshlab qo‘yaman.

— Kelgusidagi rejalaringiz qanday?

Maqsadim ilmiy soha bilan bog‘liq. Umid qilamanki, ilmiy ishlar va g‘oyalar orqali jamiyatga foydasi tegadigan mutaxassis bo‘laman.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring