Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sho‘ring qursin, talaba!

Sho‘ring qursin, talaba!

Oliy ta’lim tizimida kontrakt, stipendiya kabi talabalar uchun hayot-mamot darajasidagi masalalarda barqarorlikning yo‘qligi ta’lim sifati qolib, talabalarda ta’limga bo‘lgan ixlosning qaytishiga olib kelishi mumkin, deb yozadi Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayev.

Ish haqlari 10 foizga oshgan davrda qaysi mezon va vijdon bilan kontrakt miqdorini 18 foizga oshirish mumkin? Axir kontrakt oshishi uzoq izlanishlar bilan innovatsion uslubda topilgan genial taklif — ish haqlari oshadigan foiz miqdorlariga bog‘langan emasmidi?

Bunisigaku chidash mumkindir, biroq kontrakt asosida tahsil olayotgan talabalarga qanday baho olishidan qat’i nazar bir xil 400 ming so‘m stipendiya belgilanishini qanday izohlash mumkin? Gapni qancha aylantirmaylik real hayotda bu talabalar o‘rtasida yaxshi o‘qish uchun rag‘batning butkul yo‘qolishi va o‘z ustida ishlashga ixlosning qaytishiga olib kelishi fakt.

Tasavvur qiling, 32 mingta talabaga yotoqxonadan joy topilmay turgan vaqtda ular pul hisobiga kvartira topish, yeb ichish, o‘qishga qatnash xarajatlari bilan talaba bo‘lib tahsil oladimi yoki yashash uchun norasmiy sektordagi ishchi bo‘lib kun o‘tkazadimi?

Xullas tabaqalashtirish deganda biz kontrakt to‘lovida yengillik bo‘lishi, talabalarga imkoniyat berilishi uchun amalga oshiriladigan «to‘lov tabaqalashtirish»ni tushungandik. Bunda esa talabalarni budjet va kontraktga ajratib ochiqchasiga yerga urish bilan tabaqalashtirish boshlanib ketibdi.

Sho‘ring qursin, talaba!

Talabalik davrida hech qanday kontrakt to‘lash g‘ami bo‘lmay, stipendiya hisobiga yashab, bilim olish imkoniyatidan foydalanib bugun shunday genial g‘oyalarni kiritayotgan mas’ullarga vijdonan ortga bir nazar solib, talabalik davrlarini eslab qo‘yishlarini so‘rayman. Siz talaba bo‘lmaganmisiz?

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring