Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sherzod Shermatov va Jahongir Ortiqxo‘jayev Sergelida ikkita yangi maktabni ochishdi (foto)

Sherzod Shermatov va Jahongir Ortiqxo‘jayev Sergelida ikkita yangi maktabni ochishdi (foto)

Foto: Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati

Bahorning birinchi ish kunida Toshkent shahrining Sergeli tumanida har biri 1680 o‘ringa mo‘ljallangan yangi 329- va 330-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktablarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Zamonaviy maktablarning ochilishi marosimida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov va Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ishtirok etdi.

2019 yilda Sergeli tumanida to‘rtta yangi maktabning qurilish ishlari boshlangan edi. Hozirda ularning ikkitasi, ya’ni 329- va 330-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilarni qabul qilishga shay.

Har bir maktab 1680 o‘quvchiga mo‘ljallangan bo‘lib, bu so‘nggi yillarda qurilgan eng katta quvvatga ega maktablar hisoblanadi. Maktablarni qurish jarayonida 2019 yilda tashkil etilgan Prezident maktablari tajribasidan foydalanildi.

To‘rt qavatli maktablarning har birida 48 ta o‘quv xonalari mavjud bo‘lib, ularning 20 tasi fan xonasi, 14 tasi boshlang‘ich sinf xonasi va 14 ta xorijiy tillarni o‘qitishga mo‘ljallangan o‘quv xonalaridir.

Bundan tashqari, maktablarda 15 ta ma’muriyat xonasi, 1 ta chaqiriqqa qadar boshlang‘ich tayyorgarlik xonasi, 4 ta axborot texnologiyalari xonasi, 4 ta to‘garak xonasi, 3 ta kimyo, biologiya, fizika laboratoriya xonalari, 2 ta o‘g‘il va qiz bolalar texnologiya xonasi, 1 ta musiqa xonasi, 1 ta kutubxona faoliyat yuritadi.

O‘quvchilarga qulaylik yaratish maqsadida 1 ta 40 o‘ringa mo‘ljallangan elektron kutubxona, 1 tadan tibbiyot hamda tish shifokori xonasi, 1 ta 140 o‘rinli faollar zali, 1 ta 200 o‘rinli oshxona, 2 ta sport zali, futbol, basketbol, voleybol maydonlari ham tashkil etilgan.

Mazkur maktablarda ta’lim sifatini ta’minlash maqsadida Toshkentdagi eng talab yuqori bo‘lgan maktab direktorlari orasida tanlov o‘tkazilib, nomzodlar Kuzatuv kengashlari tomonidan tanlab olindi hamda o‘qituvchilar test sinovlari asosida ishga qabul qilindi. Joriy yilning 26-27 fevral kunlari A.Avloniy nomidagi xalq ta’limi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida tashkil etilgan 550 nafardan ziyod talabgor — umumta’lim fani o‘qituvchilari mutaxassislik fanlari, AKT va fanni o‘qitish metodikasi bo‘yicha onlayn test sinovlarida ishtirok etdi. Test sinovlari natijasiga ko‘ra eng ko‘p ball to‘plagan o‘qituvchilar ishga qabul qilindi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, Sergeli tumanida yangi tashkil etilayotgan mazkur maktablarda 292 nafar o‘qituvchilar uchun yangi ish o‘rinlari yaratilib, yosh, bilimli va tashabbuskor pedagoglar ish bilan ta’minlanadi.

Hozirgi kunda yangi tashkil etilgan maktablarning ma’muriyati mavzeda yashovchi aholidan farzandlarini maktabga qabul qilish bo‘yicha arizalarni qabul qilishda davom etmoqda.

— Mamlakatimizda «Zamonaviy maktablar»ni tashkil qilish bo‘yicha Prezident qarori qabul qilindi. Bugun ochilgan maktablar yurtimizda «Zamonaviy maktablar»ni tashkil etishdagi ilk qadamdir. Bunday maktablar bosqichma-bosqich mamlakatimizning barcha viloyatlarida tashkil etiladi», — dedi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov.

Hozirgi kunda mazkur maktabda ta’lim davlat tilida olib boriladi. Kelajakda malakali va bilimli o‘qituvchilar jamoasi shakllantirilsa, boshqa tillarda ham ta’lim tashkil etilishi mumkin. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring