Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident Harbiy tibbiyot akademiyasini tashkil etish bo‘yicha qaror imzoladi

Prezident Harbiy tibbiyot akademiyasini tashkil etish bo‘yicha qaror imzoladi

«Harbiy tibbiyot sohasida kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori qabul qilindi. 

Qarorga muvofiq, Toshkent tibbiyot akademiyasi huzuridagi Harbiy-tibbiyot fakulteti negizida Mudofaa vazirligining yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari Harbiy tibbiyot akademiyasi (Akademiya) tashkil etildi.

Qurolli kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirliklar va idoralar uchun harbiy tibbiyot sohasida zamonaviy talablarga javob beradigan kadrlarni tayyorlash Akademiyaning asosiy vazifalaridan biridir.

Akademiya davlat oliy harbiy ta’lim muassasasi hisoblanadi.

Akademiyada tahsil olish uchun 2021/2022-o‘quv yilidan nomzodlar O‘zbekiston oliy tibbiy ta’lim muassasalari davolash fakultetlarining beshinchi bosqichini va tibbiy-profilaktika fakultetlarining to‘rtinchi bosqichini eng yuqori natijalar bilan tamomlagan talabalar orasidan Mudofaa vazirligi tomonidan tanlab olinadi.

Akademiyada kursantlarning majburiy ikki yillik o‘qishi quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:

  • birinchi yil – bakalavriatda;
  • ikkinchi yil – Qurolli kuchlar uchun zarur bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha harbiy internaturada.

Akademiyaning bakalavriat bosqichini tamomlagan kursantlarga dastlabki «tibbiy xizmat leytenanti» harbiy unvoni va «harbiy vrach» mutaxassisligini beradigan diplom hamda harbiy internaturani tamomlagach, «tibbiy xizmat katta leytenanti» harbiy unvoni va tegishli mutaxassislik berilganligi to‘g‘risida guvohnoma beriladi.

Akademiyaga 2021/2022 o‘quv yilidan O‘zbekistonning boshqa tibbiy ta’lim muassasalarini bitirgan tibbiyot xodimlarini to‘lov-kontrakt asosida qayta tayyorlash va malakasini oshirishga ruxsat etiladi.

Qarorga ko‘ra, Akademiyada yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Harbiy tibbiyot ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi.

Akademiyaning 2021 yil bitiruvchilari orasidan o‘qish yakuni bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichlarga ega bo‘lganlarga harbiy internaturada o‘qishni davom ettirishga ruxsat beriladi.

Akademiyaning pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanuvchi rahbari, rahbar o‘rinbosarlari va professor-o‘qituvchilar tarkibiga hamda Harbiy tibbiyot ilmiy-tadqiqot institutining rahbari va ilmiy xodimlariga quyidagi miqdorda oylik ustama to‘lanadi:

▪️bazaviy lavozim maoshining 50 foizi miqdorida – fuqaro tarkibidagi ishchilarga;

▪️asosiy lavozim maoshining 100 foizi miqdorida – kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarga.

Shuningdek, Akademiyada o‘quv va o‘quv-amaliy mashg‘ulotlarni o‘tkazishga bevosita jalb qilinadigan respublikaning boshqa tibbiyot muassasalari mutaxassislariga pedagogik faoliyatning har bir akademik soati uchun BHMning 10 foizi miqdorida qo‘shimcha haq to‘lanadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring