Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident Finlyandiya tajribasini misol qilib keltirdi

Prezident Finlyandiya tajribasini misol qilib keltirdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bugun prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mamlakatimizda ta’lim-tarbiya tizimini takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirish masalalari muhokamasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda preziden matbuot xizmati xabar berdi.

Davlatimiz rahbari O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan soha vakillariga yo‘llagan tabrik nutqida ta’kidlaganidek, taraqqiyotning tamal toshi ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham ilm-fan, ta’lim va tarbiyadir.

Shuning uchun ham, O‘zbekistonda ta’lim tizimini kompleks rivojlantirish, malakali kadrlar tayyorlash maqsadlariga katta kuch va mablag‘lar yo‘naltirilmoqda. Maktabgacha ta’lim, maktab va oliy ta’lim tizimlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyatida sifat o‘zgarishlari ro‘y bermoqda.

– Biz ustozni otaday ulug‘ deb bilgan, doimo ardoqlagan ma’rifatparvar xalqning vakillarimiz. Men ham o‘qituvchi, muallim deganda o‘zim uchun eng aziz va hurmatli bo‘lgan, ziyoli va zamonaviy, samimiy va mehribon insonlarni tasavvur qilaman. Chunki hammamizga ham shu muallim saboq va ta’lim berib, mehribon ota-onalarimiz qatorida tarbiyalagan, – dedi davlat rahbari yig‘ilish avvalida. – Bugungi kunda O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davri poydevorini yaratyapmiz. Bunda bizning eng yaqin ko‘makchilarimiz ustoz va murabbiylar, ilmiy va ijodkor ziyolilardir.

Har bir oila, har bir bola hayoti maktab bilan bog‘langani, bu masala davlatning, jamiyatning eng muhim ishi ekani ta’kidlandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

– Hammamiz aziz farzandlarimiz hayoti va taqdirini o‘qituvchi va murabbiylarga ishonib topshiramiz. Mana shunday beqiyos boylik posbonlari, kelajak bunyodkorlari bo‘lgan bu mo‘’tabar zotlarga munosib hurmat-ehtirom ko‘rsatishimiz kerak, – dedi prezident.

Yig‘ilishda bugungi modernizatsiya jarayonlari, islohot va o‘zgarishlar natijadorligi maktab ta’limiga, yangi avlod kadrlarini yetishtirish masalasiga borib taqalayotgani qayd etildi. Shu bois maktab direktorlari va muallimlarga ko‘p narsa bog‘liq. Ular qishloq va shaharlarda ta’lim-tarbiya, madaniyat va ma’naviyat tarqatadigan fidoyi kishilardir. Maktablar nafaqat ta’lim maskani, balki mahallaning madaniy, intellektual markazi bo‘lishi zarur.

Ma’lumki, mamlakatimiz ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirish maqsadida Prezident farmoni loyihasi ishlab chiqildi. Mazkur hujjat regulation.gov.uz portaliga qo‘yilib, barcha hududlarda, mahalliy kengashlarda va maktab jamoalarida ota-onalar ishtirokida keng muhokama qilindi.

Farmon loyihasida ta’limdagi hozirgi muammolarni hal qiladigan, yaqin besh yilda natijasini ko‘rsatadigan va keyingi taraqqiyot darajasini belgilab beradigan maqsadlar qamrab olingan.

Jumladan, jamiyatda muallimning obro‘-e’tibori va maqomini ko‘tarish, o‘quv dasturlari va metodikasini to‘liq qayta ko‘rib chiqish, maktabni ta’limning keyingi bosqichlari bilan uzviy bog‘lash, o‘qituvchilarni ortiqcha qog‘ozbozlikdan xalos etib, o‘z ustida ko‘proq ishlashi uchun sharoit yaratish va shuni rag‘batlantirish, maktab infratuzilmasi va undagi ma’naviy muhitni yaxshilash kabi masalalarning yechimlari aniq belgilab berilmoqda.

Eng asosiysi, joylardagi rahbarlarning, shuningdek, mahalliy kengashlarning ushbu muhim masalaga yondashuvi va e’tiborini tubdan o‘zgartirish, ularning mas’uliyati, javobgarligi va hisobdorligi mexanizmlari kiritilmoqda.

Videoselektor yig‘ilishida ta’lim sohasidagi muammolar, ularni hal etib, ta’lim sifatini oshirishga oid vazifalar muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari avvalo maktablarda o‘quv yuklamasi va darslar sonini qayta ko‘rib chiqish, o‘quvchilarni faqat yodlashga emas, balki fikrlashga chorlaydigan metodika yaratish zarurligini ta’kidladi.

Bu borada Finlyandiya tajribasi misol qilib keltirildi. Ushbu mamlakat umumiy savodxonlik, tabiiy fanlar va matematika bo‘yicha dunyoda eng ilg‘orlardan biri.

– Maktabda o‘qitish metodikasi o‘zgarmasa, ta’lim sifati ham, mazmuni ham, muhit ham o‘zgarmaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Dunyodagi zamonaviy o‘quv dasturlari, o‘qitish metodikalarini o‘rganib, yurtimiz umumta’lim maktablarida joriy qilish muhimligi ta’kidlandi. Xalq ta’limi vazirligiga ushbu tajriba asosida Milliy o‘quv dasturini ishlab chiqib, 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab ta’lim jarayoniga sinov tariqasida tatbiq etish vazifasi qo‘yildi.

Yangi metodikani samarali yo‘lga qo‘yish uchun barcha maktab o‘qituvchilari videoaloqa orqali xorijiy mutaxassislar ishtirokida o‘qitiladi. Eng muhimi, bu jarayonlarga pedagogika yo‘nalishidagi universitet va institutlar ham jalb qilinib, pedagog kadrlar tayyorlash metodikasi ham yangilanadi. Shuningdek, matematika, fizika, kimyo, biologiya va informatika fanlari bo‘yicha chet ellardagi ilg‘or darsliklar chuqur o‘rganib chiqiladi.

Maktablarni ta’mirlash, obodonlashtirish, isitish kabi xo‘jalik masalalariga hokimlar shaxsan mas’ul ekani eslatib o‘tildi. Shuningdek, oliy o‘quv yurtiga kira olmagan bitiruvchilarni muayyan kasb-hunar yoki tadbirkorlikka jalb etish muhim.

Shu bois kelgusi yildan boshlab 7-sinfdan o‘g‘il-qizlarning kasbga qiziqishlarini aniqlash va bosqichma-bosqich kasbga yo‘naltirish amaliyoti joriy qilinishi belgilandi. Hududdagi sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish korxonalari maktablarga biriktiriladi.

Har bir maktab reytingini hamda shu asosda ta’lim sifati bo‘yicha tuman, shahar va viloyatlar reytingini ishlab chiqish zarurligi aytildi. Reyting natijalariga qarab, maktab direktorlari va o‘rinbosarlari, o‘qituvchilar, hokimlar va ularning ta’lim bo‘yicha maslahatchilari faoliyatiga baho beriladi.

Reytingda birinchi beshlikka kirgan maktab direktorlariga mahalliy budjetdan ustama to‘lanadi. Xususan, maktab direktorlari va ularning o‘rinbosarlariga mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 3 baravaridan 12 baravarigacha rag‘batlantiruvchi to‘lovlar beriladi. Shu bilan birga, xalq ta’limi bo‘limi rahbari va metodisti, maktab direktorlari, tuman reytingida birinchi va ikkinchi o‘rinni egallagan maktablarning 2 nafar ilg‘or o‘qituvchisiga kasaba uyushmalari hisobidan har yili sihatgohlarga ikki haftalik bepul yo‘llanma beriladi. Shuningdek, fidoyi pedagoglar boshqa yo‘llar bilan ham rag‘batlantiriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring