Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Pedagoglarni direktor jamg‘armasidan rag‘batlantirish tizimi muhokamaga qo‘yildi

Pedagoglarni direktor jamg‘armasidan rag‘batlantirish tizimi muhokamaga qo‘yildi

Foto: uzedu.uz

Iqtidorli, fidoyi, o‘z kasbiga sodiq pedagoglarni rag‘batlantirish, o‘qituvchilar mehnatiga haq to‘lashning adolatli va oshkora mexanizmini joriy etish hisobiga ularning tashabbuskorligi va kasb mahorati o‘sishini rag‘batlantirish, umumta’lim maktablari xodimlari mehnatini baholash va moddiy rag‘batlantirish masalalarini hal qilishda maktablarning mustaqilligini oshirish hamda pedagogik jamoalar huquqlarini kengaytirish maqsadida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘rnak ko‘rsatgan pedagog va boshqa xodimlarini rag‘batlantirishning direktor jamg‘armasi tashkil etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 30 sentyabrdagi 823-sonli qarori bilan «Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini rag‘batlantirishning direktor jamg‘armasini tashkil etish va uning mablag‘laridan foydalanish tartibi to‘g‘risida nizom» yangi tahrirda tasdiqlangan.

O‘tgan vaqt mobaynida ta’lim muassasalari tomonidan mazkur Nizomni amaliyotga tatbiq etish hamda pedagog, psixolog va kutubxona xodimlari faoliyatini baholash orqali ularning har oylik maoshlariga tegishli ustama haqlar belgilash yuzasidan ko‘plab taklif va e’tirozlar yozma hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali kelib tushdi.

Yuqoridagilarni inobatga olib, bildirilgan taklif va e’tirozlardan kelib chiqqan holda mazkur nizom va pedagog, psixolog va kutubxona xodimlari faoliyatini baholash mezonlari qayta ko‘rib chiqilib, «Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 30 sentyabrdagi 823-son qarori bilan tasdiqlangan «Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini rag‘batlantirishning direktor jamg‘armasini tashkil etish va uning mablag‘laridan foydalanish tartibi to‘g‘risida nizom»ga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi Hukumat qarori loyihasi ishlab chiqildi.

Loyihaga ko‘ra, har oylik ustama haq belgilanadigan xodimlarning 50 foiz chekloviga qaysi xodimlar kirishiga, ba’zi baholash mezonlari bo‘yicha xodimlarning qaysi ish faoliyati davrlarini inobatga olish, moddiy yordam ko‘rsatishda xodimning «yaqin qarindoshlari» kimlar ekanligi ko‘rsatib o‘tilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining 2021 yildan boshlab PISA, PIRLS, TIMSS kabi xalqaro baholash tadqiqotlarida ishtirok etishini inobatga olgan holda ushbu tadqiqotlarga o‘quvchilarni tayyorlab borish ishlariga munosib hissa qo‘shgan o‘qituvchilarga 100 foizlik ustamalar belgilash jarayonini tashkil etishda shaffoflik, tenglik va adolatni ta’minlashga qaratilgan talablar ko‘zda tutilgan.

Amaldagi va taklif etilayotgan loyihaga ko‘ra «Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini rag‘batlantirishning direktor jamg‘armasini tashkil etish va uning mablag‘laridan foydalanish tartibi to‘g‘risida nizom»ni yanada takomillashtirish borasida jamoatchilik taklif bildirishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, koronavirus pandemiyasi davrida O‘zbekiston Respublikasi davlat budjeti barqarorligini ta’minlash va birinchi navbatdagi tadbirlarni o‘z vaqtida moliyalashtirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 16 apreldagi 232-son qaroriga asosan 2020 yil 16 apreldan boshlab 1 oktyabrga qadar umumta’lim muassasalarida direktor jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lovlarni amalga oshirish vaqtinchalik to‘xtatilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring