Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Nizomiy»da nimalar bo‘lyapti?

«Nizomiy»da nimalar bo‘lyapti?

Avvaliga telekanallarning birida «Adolatni tiklashga nega qarshilik qilinmoqda?» mazmunida lavha efirga uzatildi. Unda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti rahbariyati tomonidan shu dargoh xodimlaridan birini ishga tiklashga oid sud qarori ijrosi paysalga solinayotgani, Majburiy ijro byurosi davlat ijrochisi faoliyatiga to‘sqinlik qilinayotgani aytiladi.

Ko‘p o‘tmay, veb-saytlarning birida unversitetning mazkur lavhaga munosabati chop etilib, unda (lavhada) oliy o‘quv dargohi rahbariyati sha’niga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi ma’lumotlar aytilgani ta’kidlanadi va ijro ishi bo‘yicha o‘z nuqtai nazarini bildirish jarayonida MIB xodimlariga ijroni vaqtincha to‘xtatib turish va boshqa mazmundagi murojaatlari javobsiz qoldirilgani urg‘ulanadi.

«Xabar.uz» so‘roviga javoban MIB Toshkent shahar boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Marg‘uba Amonova holat bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qildi. Unga ko‘ra, shov-shuv uchun jiddiy sabab yo‘q, aslida. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Uchtepa tumanlararo sudining 20.08.2020-yildagi 2-1004-2002/3691-sonli ijro varaqasiga asosan Sh.R. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetiga egallab turgan lavozimi yoki unga teng boshqa lavozimga ishga tiklanishi kerak.

Ma’lumki, MIBda sud hujjatlari muhokama qilinmaydi, balki ijro etiladi. Shunga asosan ijro hujjatlari kelib tushgan kunning ertasiga (21.08.2020-y.) ijro ishi qo‘zg‘atilib, Toshkent davlat pedagogika universitetiga topshirilgan. Unversitet Sh.R.ni negadir Xo‘jayli xizmat ko‘rsatish va servis texnikumi direktorining o‘rinbosari lavozimiga ishga tiklagan. Sh.R. bunga rozi bo‘lmaydi va yana sudga murojaat qiladi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Uchtepa tumanlararo sudi Sh.R.ni avvalgi lavozimi, ya’ni «Xorijiy tillar 1» kafedra mudiri lavozimiga yoki unga teng aynan Toshkent davlat pedagogika universitetidagi boshqa lavozimga ishga tiklanishi lozimligi haqida ajrim chiqaradi.

Qonunga ko‘ra, ishga tiklashga oid ijro hujjatlari darhol ijro qilinishi kerak. Bunda sud hujjati apellyasiya yoki kassatsiya bosqichidan o‘tib, qonuniy kuchga kirishi kutilmaydi.

Ikkinchidan, unversitet rahbariyatining ijro ishini ma’lum vaqt to‘xtatib turishini so‘rab, MIBga murojaat qilishida mantiq yo‘q. Ijro hujjatlari faqat sud tomonida to‘xtatilishi mumkin. Shunday ekan, ijro ishlarini to‘xtatish masalasida sudga murojaat qilish tavsiya etiladi. Davlat ijrochisining qo‘lida ishni vaqtincha to‘xtatish haqida vakolatli organning hujjati yo‘q ekan, u ijro harakatlarini davom ettirishga majbur. 

Shu bois davlat ijrochisi Sh.R.ni, sud ajrimida ko‘rsatilganidek, kafedra mudiri lavozimiga yoki unga teng Toshkent davlat pedagogika universitetidagi boshqa lavozimga zudlik bilan ishga tiklab, tegishli hujjatlardan nusxalar berish, aks holda, ma’muriy javobgarlik masalasini ko‘rib chiqish uchun bayonnoma rasmiylashtirilib, tegishli tartibda ma’muriy sudga taqdimnoma kiritilishi to‘g‘risida xat bergan.

Bor gap shu.

Hozirgi kunda majburiy ijro harakatlari davom ettirilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring