Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Nazarimda faqat MDH davlatlarining ta’lim tizimi bu balodan qutula olmayapti» — O‘ktam Umurzoqov

«Nazarimda faqat MDH davlatlarining ta’lim tizimi bu balodan qutula olmayapti» — O‘ktam Umurzoqov

Foto: Institut matbuot xizmati

Taraqqiyotga to‘siq, rivojlanishga g‘ov bo‘layotgan korrupsiya illati, ayniqsa, ta’lim va o‘qishga qabul masalarida yaqqolroq ko‘zga tashlanayotgani sir emas. 

Bugun, 9-iyul kuni Respublika Oliy ta’lim kengashining navbatdan tashqari kengaytirilgan onlayn yig‘ilishida xuddi shu masalaga e’tibor qaratildi. 

Tadbirni moderator sifatida kengash raisi, TIQXMMI rektori, professor O‘ktam Umurzoqov olib bordi. Unda kengash a’zolari, rektorlar va filial direktorlari hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departament vakillaridan iborat jami 110 dan ziyod ishtirokchi qatnashishdi.       

— Nazarimda, — deya o‘z fikrini bayon qildi Kengash raisi, — faqat MDH davlatlarining ta’lim tizimi hanuzgacha bu balo qazodan qutula olmayapti.

Bugungi kunda oliy ta’lim tizimida uchta asosiy muammo bor, bular: Kirish. Sifat. Tenglik .

Bu muammolar har qanday mamlakatda oliy ta’lim uchun o‘ta dolzarbdir. Chunki har uchalasi bir-biri bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib va ularni ajratib bo‘lmaydi. Buning negizida ko‘zga ko‘rinmas «korrupsion vabo» yotibdi.  Binobarin, bu illatning eng og‘riqli nuqtasi qayerdaligiga bir nazar tashlang.  Oliy ta’lim sohasida korrupsiya ko‘lami O‘zbekiston universitetlarining chet ellik talabalar uchun jozibadorligini tushirib yuboradi. O‘zbekistonga kelib tahsil oladigan talabalar sonining kamayishi esa O‘zbekiston oliy ta’limi obro‘sining tushib ketishiga olib keladi va o‘z navbatida, xalqaro reytingda mavqeyi pasayib, mehnat bozoriga sifatsiz mahsulotlar, «ya’ni kadrlar» kirib keladi. Bir tassavur qiling: yana 15-20-yildan keyin shu kadrlar mamlakatni boshqarsa, ta’lim yoki tarbiya bilan shug‘ullansa, kelajak yosh avlodni qanday oqibatga olib kelishi mumkin, — dedi O‘ktam Umurzoqov.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Departament bo‘lim boshlig‘i Jahongir Ibragimov o‘qishga kiritish, boshqa ta’lim muassasasiga ko‘chirish, grant pullarini tarqatish, talabalarni yotoqxonalarga joylashtirish, bakalavr tizimida, kurs ishlari himoyasida, lavozimni o‘zgartirishda, soxta diplomlarni sotish, diplomlarni nostrifikatsiya qilishda, maishiy xizmat texnik uskunalari, qurilish uchun ajratilgan pullarni o‘zlashtirish kabi ko‘pgina holatlarda korrupsion harakatlarni ko‘rish mumkinligini ta’kidladi.

So‘ngra mavzu yuzasidan Respublika oliy ta’lim kengashi a’zolari, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori Gulchehra Rixsiyeva, Samarqand davlat universiteti rektori Rustam  Xolmurodov va  Oliy ta’lim muassasalari rektorlari kengashi raisining o‘rinbosari, Toshkent davlat texnika universiteti rektori Sadritdin Turobjonov va Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori Alisher Umarov, Toshkent davlat yuridika universiteti rektori Rahimjon Hakimov va boshqalar o‘z mulohaza, tavsiya va takliflarini bildirdilar.

Kengash raisi onlayn yig‘ilishni yakunlar ekan, yuqorida bildirilgan mulohazalar nuqtai nazaridan bir necha qarorlar qabul qilingani qayd etdi.

«O‘tgan yili rektorlar murojaatnomasi e’lon qilingandi. Natija ko‘ngildagidek bo‘lmagani rost. Bu gal murojaat qilmoqchi emasmiz. Avvalo, har bir rektor bugungi ko‘tarilgan masalani aniq va ta’sirsan shaklda prorektorlardan tortib laborantlargacha karantinni e’tiborga olgan holda onlayn tarzda yetkazishi shart.

Ikkinchidan, bu masalalarni aholiga yetkazishimiz kerak. Aminmanki, har bir viloyatda rektorlar, professor-o‘qituvchilar korpusida tuman, shahar va viloyat deputatlari hatto senatorlar ham bor. Qolaversa, bizning respublika oliy ta’lim kengashi tarkibida ham bor. Ular ommaviy axborot vositalari orqali chiqishlar qilib aholiga yetkazishga o‘zlarining saylovchilar yashaydigan hududlarga borib masala mohiyatini tushuntirishlari zarur.

Uchinchidan, o‘qituvchilarning ayrimlari ana shunday qabih ishga moyil hamkasblarini bilishadi, lekin indashmaydi, jim turishadi. Buni qanday tushunish mumkin.

To‘rtinchidan, biz «El-yurt umidi» jamg‘armasi bilan bir necha so‘rovlar o‘tkazib tahlillarni tayyorladik. Yaqin orada kengashimiz va rektorlar kengashini chaqirib onlayn orqali ularga yetkazamiz.

Beshinchidan, Rektorlar kengashining prezidiumini tashkil qilamiz va unda har bir sohaning vakili, har bir viloyat vakili bo‘ladi. Ular sho‘’ba bo‘lib o‘zlarining masalalarini muhokama qilib prezidiumga chiqazishadi. Xorijiy tajribalarni o‘rganib, antikorrupsion dasturlarni pishiq ishlashimiz kerak.

Oltinchidan, Respublika oliy ta’lim kengashi tarkibi biroz o‘zgaradi. Biz xursandlik bilan Kengashimizning uchta a’zosi G‘ulom Samadov, Xushnudbek Xudoyberdiyev, O‘ktam Salomovlarning yuqori vazifalarga ko‘tarilgani bilan chin dildan qutlaymiz», — deya o‘z mulohazalarini yakunladi Kengash raisi.

Onlayn yig‘ilish jonli, qizg‘in savol-javoblar yo‘sinida o‘tdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring