Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Kontraktdagi talabalar uchun 400 mln so‘mlik ta’lim granti e’lon qilindi

Kontraktdagi talabalar uchun 400 mln so‘mlik ta’lim granti e’lon qilindi

O‘zbekistonda ilk marotaba talabalarni moddiy qo‘llab-quvvatlashga mo‘ljallangan www.metsenat.uz loyihasi ishga tushgani haqida xabar berildi.

Bir guruh jamoatchilik faollarining tashabbusi bilan tashkil qilingan ushbu loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad yurtimizdagi metsenatlarni jalb qilgan holda ehtiyojmand hamda iqtidorli talabalarning to‘lov-kontraktini to‘lashga yordam berish, shuningdek stipendiyalar e’lon qilishdan iborat.

Loyiha ishga tushgach, shu kunning o‘zidayoq ilk metsenatlar saytda talabalar uchun grantini joylashtirdi.

Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamda «Mehrli qo‘llar» xayriya fondi tomonidan to‘lov shartnoma mablag‘larini to‘lashga muhtoj talabalar uchun 400 mln so‘mlik ta’lim granti dasturi e’lon qilindi.

Bunda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan OTMlarda (chet el oliy ta’lim muassasalarining O‘zbekistondagi filiallari bundan mustasno) kunduzgi ta’lim (bakalavr bosqichi)da to‘lov-shartnoma asosida ta’lim olayotgan (super kontrakt bundan mustasno) chin yetim, nogiron, ota-onasi (har ikkalasi) ota-onalik huquqidan mahrum etilgan, Mehribonlik uyida tarbiyalangan, boquvchisini yo‘qotgan va 30 yoshdan oshmagan talabalar qatnasha oladi.

G‘olib bo‘lgan talabalarning stipendiyasiz hisoblangan to‘lov-shartnoma mablag‘ining 50%igacha bo‘lgan qismi to‘lab beriladi.

Grantda ishtirok etish uchun arizalar 10-dekabrgacha metsenat.uz sayti orqali qabul qilinadi.

Hurmatli talabalar, bunday imkonni qo‘ldan boy bermang, omadingizni sinab ko‘ring!

Shu o‘rinda yurtimizdagi saxovatpesha tadbirkorlar, yirik kompaniyalar, davlat va nodavlat tashkilotlarga ham murojaat qilmoqchi edim: imkoningiz bo‘lsa, ilmga investitsiya kiriting, ta’limni qo‘llab-quvvatlang, talabalarni rag‘batlantiring. Metsenat.uz loyihasi sizga bu borada beminnat ko‘makchi bo‘lishga tayyor.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring