Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Kanada qator davlatlar, jumladan O‘zbekiston uchun ta’lim grantlari ajratdi

Kanada qator davlatlar, jumladan O‘zbekiston uchun ta’lim grantlari ajratdi

Foto:«IEC Abroad»

Kanada tashqi ishlar vazirligi rivojlanayotgan davlatlar, shu jumladan O‘zbekiston fuqarolarining Kanadada oliy ta’lim olishi uchun grantlar ajratdi. Bu haqda bloger Farhod Fayzullayev o‘z kanalida ma’lumot berdi. 

Grantning nomi – Study in Canada Scholarships. Ingliz tilida batafsil.

Grantni O‘zbekiston fuqarolari, qayerdan yashashlaridan qat’iy nazar (Kanadada doimiy istiqomat qiluvchilar bundan mustasno) qo‘lga kiritishlari mumkin.

Grant olish uchun hujjatlar qachon topshirilishi kerak?

Grantga hujjatlar 2020-yilning yanvar va mart oylari oralig‘ida qabul qilinadi. Hujjatlar Kanada o‘quv yurtlari tomonidan topshiriladi, talaba tomonidan emas.

Grant olish uchun o‘qishni qachondan boshlash kerak?

Abituriyent o‘qishni 2020-yil sentyabrida yoki 2021-yili fevralida (qishki semestr) boshlashi kerak. Undan kech yoki vaqtli boshlagan talabalarga ushbu grant taalluqli emas.

Grant qanday harajatlarni qoplaydi?

Grant bir yilga berilganda 60 ming, ikki yilga berilganda 120 ming Kanada dollarigacha bo‘lgan harajatlarni qoplaydi. Grant talabaga pul ko‘rinishida berilmaydi, balki harajatlari qoplab beriladi.

Viza, Kanadaga borish va o‘qish tugaganda vatanga qaytish uchun samolyot bileti, ta’lim kontrakti summasi, uy-joy, yeb-ichish, tibbiy sug‘urta, oylik «proyezdnoy», kitoblar harajatlari qoplab beriladi.

Faqat talabaning harajatlari qoplanadi; u bilan birga kelgan oila a’zolari harajatlari qoplanmaydi.

Grant qanday o‘quv darajasini qoplaydi?

Grant Kanada universitetlari, texnikum, professional kollejlarida taqdim qilinayotgan dasturlarni qoplaydi. Bunga professional diplom, bakalavr, magistr darajalari kiradi.

Grant qancha muddatga beriladi?

Grant bir yoki ikki yilga beriladi, undan ko‘piga emas.

Kanadada bakalavr darajasi uchun 3–5 yil o‘qish kerak (programmaga qarab). Ammo grant maksimum 2 yilga beriladi. Ikki yil grant yordamida o‘qib, uchinchi yilini o‘z cho‘ntagidan to‘lash mumkin emas. Grant faqat maksimum ikki yil ichida tugaydigan dasturlar uchun beriladi.

Grantning minus tomoni shundaki, bu grant yordamida bakalavr diplomini olish mumkin emas. Ammo magistr darajasini olish uchun foydalanish mumkin.

Grant qanday sohalarga o‘qish uchun beriladi?

Istalgan sohalar qoplanadi, hech qanday cheklov yo‘q.

Grant olib, ishlasa ham bo‘ladimi?

Bu sizning vizangizga bog‘liq. Talaba vizasini olganda, ishlashga ta’qiq qo‘yilmagan bo‘lsa, unda haftasiga ma’lum soat ishlashga ruxsat beriladi.

Grant olib, o‘qish tugaganidan keyin vatanga qaytib ketish majburiymi?

Bu sizning vizangizga bog‘liq. Talaba vizasini olganda, vatanga qaytib ketish majburiyligi ko‘rsatilmagan bo‘lsa, Kanadada qolish imkoniyati bo‘ladi.

Grantni olish uchun ingliz yoki fransuz tilini qay darajada bilish kerak?

Grantni olish uchun ingliz yoki fransuz tilini siz kirmoqchi bo‘lgan o‘quv yurti belgilagan darajada bilish kerak.

Jarayon qanday?

1. Abituriyent o‘qishga kirishga hujjat topshiradi, anketasida ushbu grantni olishga qiziqishi borligini ko‘rsatadi.
2. Oliy o‘quv yurti abituriyentni o‘qishga qabul qiladi.
3. O‘quv yurti (talaba emas) Kanada hukumatiga ushbu talabaga grant berilishini so‘rab hujjat yuboradi.

Harakatni nimadan boshlay?

Avvalo, ingliz tilini puxta bilishingiz kerak. Adashmasam, IELTS’dan kamida 7 ball bo‘lishi kerak.

Keyin ushbu saytni yaxshilab o‘rganib chiqish kerak. Bu yerda grant haqida batafsil ma’lumot berilgan.

Innakeyin, Kanadada o‘qish uchun o‘quv yurtini tanlash, unga hujjat topshirish va unga kirish kerak.

Yordam kerak bo‘lsa quyidagi firmalarga murojaat qilishingiz mumkin. Albatta, yordam bepul bo‘lmaydi, pullik:
1. Premium Business Travel — +99871 255-75-44, @premiumbusinesstravel
2. Kanadada litsenziyaga ega Rahmad aka Sobirovning firmasi – https://sobirovs.com/

Ushbu postdagi ma’lumot grant rasmiy saytidagi ma’lumotga zid kelsa, rasmiy saytdagi ma’lumot haqiqiydir. (muallifdan)

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring